Istanbulda "hujumchiga oʻxshagan" turkman kaltaklandi

Turkman yigit qochishga harakat qilgan, ammo mahalliy yashovchilar uni tutib doʻpposlaganlar Image copyright Superhaber.tv
Image caption Turkman yigit qochishga harakat qilgan, ammo mahalliy yashovchilar uni tutib doʻpposlaganlar

Turkiyaning Dogan xabarlar agentligiga koʻra, Istambulda Yangi yil kechasi 39 kishini otib oʻldirgan hujumchiga oʻxshagan turkman yigit olomon qoʻlida kaltaklandi.

Agentlikka koʻra, Istambulning Pendik tumani yashovchilari Turkmanistonning "K.M" ismli fuqarosini Reyna tungi klubiga hujum qilgan terrorchi deb oʻylab koʻchada ushlab olishgan.

YouTubega qoʻyilgan videoda yosh yigitni bir necha kishi oyogʻiga turgʻazayotgani va bir necha kishi unga tashlanib kaltaklab ketishi aks etadi. Boshqalarning "ur, ur" degan chaqiriqlari ham eshitiladi.

Aytilishicha, turkman yigit qochishga harakat qilgan, ammo mahalliy yashovchilar uni tutib doʻpposlaganlar.

Voqea ortidan yigit politsiya boʻlimiga olib borilgani, ammo uning hujumga aloqador emasligi aniqlangach, ozod etilgani aytiladi.

Yangi yil kechasi yuz bergan hujum ortidan turk matbuotida hujumchining qirgʻiz, oʻzbek va qozoq ekani borasida xabarlar tarqaldi.

Matbuotdagi oxirgi xabarlarda gumondor uygʻur boʻlishi mumkinligi aytilmoqda.

Politsiyaning oʻzi gumondorning ismi yoki qayerdan ekani borasidagi rasmiy maʼlumot bilan chiqqani yoʻq. Tashqi ishlar vaziri Mehmet Chovushoʻgʻli hujumchi shaxsi maʼlum boʻlganini aytgan, ammo boshqa tafsilotlarni bermagan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring