Nilufar 'mamlakatdan chiqarib yuboriladi'

Нилуфар Мамасаидова Image copyright COURTESY

Rossiya politsiyasi tomonidan farzandi olib qo'yilib, o'zi qamab qo'yilgan o'zbekistonlik Nilufar Mamasaidova haligacha farzandi bilan ko'risha olgani yo'q.

5 yanvar kuni Nilufar Mamasaidovaga O'zbekistonning Moskvadagi elchixonasi tomonidan tezkorlik bilan shaxsini tasdiqlovchi ma'lumotnoma tayyorlanib taqdim etildi.

Shu kunning o'zidayoq Mamasaidova himoyachisi hamrohligida bolani olish yoki ko'rishga ruxsat berishlari uchun poytaxt 1-yuqumli kasalliklar kasalxonasiga borishdi.

Bosh shifokor Yevgeniy Vlasov o'zbek qizchaning salomatligi yaxshiligi va kasalxona ma'muriyatining o'zi ham nima uchun bolani yuqumli kasalliklar shifoxonasiga keltirilganligiga ajablanishini bildirdi. Shu bilan birga ona va bolani ko'rishishiga ruxsat berishni ham rad etdi.

-Manija ismli 1 yoshli qizcha politsiya tomonidan "qarovsiz bola" sifatida rasmiylashtirilib yuborilgan. Bola endigina o'ziga keldi. Onasi bilan ko'rishish uning sog'ligiga yomon ta'sir qilishi mumkin. Zarur xujjatlarni olib kelgachgina, onani ichkariga kirishiga yoki olib ketishiga ruxsat berishimiz mumkin, dedi shifokor Vlasov.

Yurist Bahrom Ismailov politsiya xodimlarining qizchani "qarovsiz" deya rasmiylashtirganligini xujjatlarni soxtalashtirish, deb topdi va bu holat yuzasidan Kunsevo tuman prokuraturasiga ariza bilan murojaat etdi.

-Onasi bilan birga yashagan, xatto, Nilufar politsiya bo'limiga borganida onasining qo'lida bo'lgan emizikli qizcha qanday qilib "qarovsiz" bo'lishi mumkin?! - deya izohladi yurist.

Prokuratura

6 yanvar kuni Nilufar Mamasaidova advokati hamrohligida Kunsevo tuman prokuraturasida bo'lishdi.

Tuman prokurori Mixail Voщinskiy O'zbekiston fuqarosini politsiya xodimlari qonunga xilof ravishda 69 soat xibsda ushlab turganliklari yuzasidan arizani ko'rib chiqdi.

Prokuror Kunsevo tumani politsiya mahkamasining voyaga yetmaganlar ishi bo'yicha inspektor Galina Oleynikni huzuriga chaqirtirdi va zudlik bilan bolani onaga qaytarish uchun zarur hujjatlarni tayyorlashga buyruq berdi.

- Bolamni olib qo'yib, meni qamab qo'ygan politsiyachi shu ayol edi, - deydi Nilufar Mamasaidova, prokurorni buyrug'i bilan politsiya bo'limida arizani qayta yozdi. Bu gal ariza o'zimga o'qitilib va o'zbekchaga tarjima qilinganidan keyin imzo chekdim. Maxkamada meni kamsitib, xo'rlashgan politsiya xodimlari yaxshi muomala qilishdi.

O'zbekistonlik Nilufar Mamasaidova masalasini Rossiya prezidentining Bolalar huquqlari bo'yicha vakili Anna Kuznetsova hamda O'zbekiston Respublikasining Moskvadagi elchixonasi o'z nazoratiga olishgan.

Izohlar

Politsiya inspektori Galina Oleynik bizga Nilufar Mamasaidovaga nisbatan quyidagicha izohladi:

-Ayolning mehmonga kelgani va hujjatlari yo'qolgani to'g'risidagi gaplari - uydirma. Biz Nilufar Mamasaidova yashagan uyda bo'lganimizda, bola gaz yonib yotgan oshxonada yerda yotgandi. Uyda yosh bolaga qarash uchun sharoit yo'q, deyish ham vaziyatni yumshatishdek. Bola shamollagan, biz qizchani tortib olganimiz yo'q, davolanish uchun kasalxonaga yubordik.

Politsiya xodimining o'zbek qizchani sotib olish uchun pul taklif qilgani holati yurist Bahrom Ismailovning so'zlariga ko'ra, politsiya xodimining ayolni sinash uchun berilgan savollaridan biri bo'lgan.

- Hech qanday xujjatsiz bola ko'tarib turgan ayolga bola o'zinikimi-yo'qmi, aniqlashtirish uchun turli sinov savollari beriladi. Qo'lidagi bola o'ziniki bo'lmasa, ayolning bolani sotish taklifiga rozi bo'lishi hollari ham uchrab turadi.

1 yoshli Manijani onasiga qaytarish uchun kasalxona talab qilgan xujjatlar tayyor bo'lganligiga qaramasdan, qizcha hamon onasi bilan ko'risha olgani yo'q.

Advokat Bahrom Ismailov qo'lidagi xujjatlar va asoslarga tayanib, 7 yanvar kuni Manijani onasiga qaytarishlarini ma'lum qildi.

Politsiya inspektori Galina Oleynik esa, Bi-bi-si muxbiriga 9 yanvar kuni Rossiya hududida migratsiya qonunlarini buzgan Nilufar Mamasaidovaning ishi sudda ko'rib chiqilishi va unga nisbatan mamlakatdan chiqarib yuborilish jazosini tayinlash kutilayotganini bildirdi.

  • Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

.