Yoʻqolgan "Umid" oʻrniga "Karimov"

Image copyright UzA.Uz
Image caption Islom Karimov o`z davrida yoshlarga gʻamxoʻrligini aytsa-da, talabalar oylab paxtaga haydalgan.

Mustaqil Oʻzbekistonning ilk prezidenti xotirasi uchun uning bevasi Tatyana Karimova va kenja qizi Lola Karimova-Tillayeva tomonidan taʼsis etilgan Karimov fondi iqtidorli yigit-qizlarning xorijda taʼlim olishini moliyalashtirish boʻyicha tanlov eʼlon qildi.

"Karimov" fondi Yevropa va AQSh oliy taʼlim muassasalarining magistratura bosqichida tahsil olish niyatida boʻlgan, Oʻzbekiston hamda chet el oliygohlarini muvaffaqiyatli bitirgan, kamida bitta xorijiy tilni mukammal biladigan iqtidorli va isteʼdodli yigit-qizlar orasida tanlov boshlagan.

Fond tabiiy fanlar (qayta tiklanuvchi energiya manbalari, kimyo), suv va yer resurslarini boshqarish, mashinasozlik texnologiyalari, oziq-ovqat texnologiyalari, oziq-ovqat xavfsizligi, oziq-ovqat ishlab chiqarish va marketingi, arxitektura (shaharsozlik, tarixiy obidalarni muhofaza etish va qayta tiklash), dizayn (mahsulot dizayni, sanoat va meʼmorchilik dizayni), rassomlik mutaxassisliklari boʻyicha taʼlim oluvchilarga grantlar taqdim etadi.

Alohida qayd etilishicha, chet elda (ikki yilgacha) tahsil olish va yashash xarajatlari toʻlaligicha "Karimov" fondi tomonidan moliyalashtiriladi. Karimov fondi grantlarini qoʻlga kiritish istagidagi nomzodlar oldiga quyidagi asosiy talablar qoʻyilgan:

• faoliyatini milliy istiqlol gʻoyalariga bagʻishlash, Vatani va xalqining iqtisodiy va maʼnaviy ravnaqiga xizmat qilishni oʻz burchi va hayotiy maslagi deb bilish;

• umumbashariy va milliy qadriyatlar ruhida fikr yuritish, keng dunyoqarash va yuksak axloq sohibi boʻlish;

•tanlagan mutaxassisligi boʻyicha chuqur bilimga ega boʻlish hamda kamida bitta xorijiy tilni aʼlo darajada bilish.

"Karimov" fondi tashkil etilganidan beri birinchi marta amaliy taklif bilan chiqish qildi va bu tashabbus koʻp jihatdan shaxsan Islom Karimov taʼsis etgan, soʻng oʻzi tugatgan "Umid" jamgʻarmasi maqsadlariga oʻxshash.

Xorijdagi oʻzbek talabalari

Oʻzbekistonda oliygohlar har yili qabul qiladigan talabalar soni qatʼiy kvotalangani sabab, soʻnggi yillarda oʻzbek yoshlarining yaqin va uzoq xorij mamlakatlariga oʻqishga ketishi, masofadan turib taʼlim olishi ommalashmoqda. Ular orasida oʻz mablagʻiga oʻqiyotganlar ham, grant yutib, taʼlim olayotganlar ham talaygina.

AQSh elchixonasi taqdim etgan maʼlumotlarga koʻra, 2015 yili AQShda oʻzbekistonlik 491 nafar talaba taʼlim olgan boʻlsa, 2016 yilda ularning soni 530 nafarga yetgan.

Rossiya elchixonasi maʼlumotlariga boʻyicha esa, 2015 yili Rossiya oliygohlariga 4 ming, 2016 yili 2 mingdan ortiq oʻzbekistonlik yigit-qiz oʻqishga kirgan. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, hozir Rossiya oliygohlarida 23 ming oʻzbekistontik taʼlim olmoqda va bu MDH boʻyicha eng yuqori koʻrsatkichdir.

Bundan tashqari, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Malayziya, Buyuk Britaniya, Frantsiya oliygohlarida ham koʻplab oʻzbek yoshlari taʼlim olmoqda. Oʻzbekistonning oʻzida yoshlarning IELTS boʻyicha baho olishga, soʻng xorijga ketishga intilishi kuchaygan, shunga monand ravishda, qariyb har oy IELTS ga tayyorlovchi yangi oʻquv markazi ochilishi odatga aylangan.

Jamgʻarma yana nima qilmoqchi?

Jamoatchilik xayriya jamgʻarmasi sanalmish "Karimov" fondining birlamchi vazifasi Oʻzbekiston hamda xorijda mamlakatning tarixiy, madaniy va adabiy merosini targʻib qilishga moʻljallangan dasturlarni amalga oshirishdan iborat.

Fond isteʼdodli yoshlarga Oʻzbekiston va xorijiy davlatlarning eng ilgʻor oliy oʻquv yurtlarida taʼlim olishlari uchun grantlar taqdim etishdan tashqari, oʻzbek hunarmandchiligi, sanʼati va madaniyatini xorijda targʻib etish, mamlakat tarixi bilan tanishtirish, asarlar tarjimasini tashkil etish va koʻrgazmalar uyushtirishni maqsad qilgan.

Qayd etilishicha, Karimov fondi Lola Karimova-Tillayevaning boshqa bir - "Sen yolgʻiz emassan" nomli bolalar fondi bilan hamkorlikda ota-ona qaramogʻisiz qolgan va nogiron bolalar va yoshlarga har tomonlama yordam koʻrsatish sohasida ham faoliyat olib boradi.

Umidni oqlamagan "Umid"

1997 yil 7 yanvar kuni Oʻzbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov iqtidorli oʻzbek yoshlarining chet elda taʼlim olishi qoʻllab-quvvatlovchi "Umid" jamgʻarmasiga asos solgan edi.

Birinchi prezident Islom Karimov "Umid" jamgʻarmasini katta umidlar bilan, rasmiy til bilan aytganda "Vatanga fidokorona xizmat qiladigan, sadoqatli, uning buyuk va qudratli boʻlishi uchun qaygʻuradigan, oʻz iqtidori bilan ona-yurtni ulugʻlashga qobil, isteʼdodli yigit-qizlardan yuksak malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida" tashkil etgan edi.

Karimovning 1997 yil 7 yanvardagi farmoniga muvofiq, 42 ta korxona va tashkilot, jumladan, eng qudratli toʻrt bank, "Oʻzavtosanoat", "Oʻzneftgaz" kabi milliy shirkatlar, "Zarafshon-Nьyumont", "Oʻz DEU Avto", "Oʻz-BAT", "Oʻzdunrobita"dek qoʻshma kompaniyalar "Umid"ning homiylari edi.

Shu sababli ham, faqat magistratura uchun grant taklif qilayotgan "Karimov" fondidan farqli oʻlaroq, "Umid" jamgʻarmasi 4 yillik bakalavr, 2 yillik magistratura va 1 yillik tajriba orttirishga grantlar taqdim etar edi.

"Umid"ning yoʻllanmasi boʻyicha xorijda oʻqitish har yili tasdiqlanadigan ustuvor mutaxassisliklar roʻyxati boʻyicha amalga oshirilar, xususan, 1997-1998 yillarga moʻljallangan birinchi roʻyxat iqtisod, xalqaro huquq, axborot va kompьyuterlashtirish, tabiiy fanlar, qishloq xoʻjaligi, ekologiya va suv tizimlarini boshqarish, jurnalistika kabilardan iborat boʻlgan.

Islom Karimov "Umid" boʻyicha chet elda taʼlim olib kelgan yosh mutaxassislarni mamlakat uchun ustuvor boʻlgan sohalarga ishga taqsimlash, ularning ish faoliyati, shuningdek, hayoti bilan bogʻliq boʻlgan barcha masalalarga alohida ahamiyat berish haqida koʻrsatma berganiga qaramay, jamgʻarma qilingan umidlar, sarflangan mablagʻlarni oqlamagan.

Prezident granti bilan xorijda taʼlim olib, chet el hayoti bilan tanishgan bir guruh talabalarning Oʻzbekistonga qaytishdan bosh toritishi "Umid"ning missiyasini yoʻqqa chiqargan. Oqibatda, yoshlarni pul toʻlab xorijga oʻqishga yuborishdan koʻra, Oʻzbekistonda chet elning Vestminster, Lomonosov, Turin, Inha kabi universitetlarini ochish maqbul, degan qarorga kelindi.

"Umid" jamgʻarmasi 2003 yil 1 iyul kuni oʻz faoliyatini rasman tugatdi.

"Umid" xatolarini "Karimov" oʻrganadimi?

"Karimov" fondining tashabbusi ijtimoiy tarmoqlarda muhokama mavzusiga aylanib ulgurgan. Facebook tarmogʻida Oʻzbekiston aloqa vazirining birinchi oʻrinbosari, Inha universitetining sobiq rektori Sherzod Shermatov buni "Umid"ning 20 yilligiga "zoʻr sovgʻa" deb atagan.

"Mutaxassisliklar yaxshi tanlangan. Gumanitarlar kam, boʻladigan ishlar koʻp. Bizda yurist va ekonomistlar shu qadar koʻpayib ketdiki, yaqinda ventilni buragani odam topolmaymiz" - deydi Azizbek Avazov.

"Bunday xayriya ishlari uchun tashkilotlarga qancha rahmat aytsa ham kam. Faqatgina chet elda oʻqiganida ham puxta bilim olib, oʻz sohasining yetuk mutaxassisi boʻlib, oʻz Vataniga qaytib, ishlab oqlash mumkin" - yozadi Ruslan Rustamov.

"Karimov" fondi saytida berilgan toʻliq emasligini paydo boʻlgan savollardan ham anglash mumkin. "Oʻqishni tugatgandan keyingi shartlari qanday ekan?", deb soʻragan Press Man. "Qiziq, yosh boʻyicha cheklov bormikin?" - taʼkidlagan Artur Iglesias.

"Karimov" fondini ogohlikka chaqirgan foydalanuvchining kommenti esa boshqa koʻplab hamfikrlar tomonidan qoʻllab-quvvatlangan.

"Qachonlardir "Umid" jamgʻarmasidan koʻpchilik oʻqib boʻlib, Vatanga qaytishni xohlamagani uchun voz kechilgan edi. Xorijdagi maftunkor hayotni koʻrgach, ular vazirlikdagi nisbatan kam oylikka ishlashni istamagan. Baʼzilar Toshkentdagi xalqaro tashkilotlar va kompaniyalarga ishga kirgan. Davlat uchun sanoqlilarigina ishlagan. Umid qilamanki, yangi Fond avvalgi xatolarni hisobga oladi va bitiruvchilarga Vatan ravnaqi yoʻlida mehnat qilish uchun sharoit yaratib beradi" - deb ogohlikka chaqirgan Nodira Said.

Bi-bi-si Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq