Assad Halab bombardimonini yoqladi

Vayron etilgan Halab Image copyright Reuters
Image caption Deyarli 6 yillik urush oqibatida Halab sharqi vayron etilgan

Suriya prezidenti Bashar al Assad Halab sharqining bombardimon qilishini yoqlagan.

Oʻtgan oy Suriya hukumati Halab ustidan toʻla nazoratni qoʻlga olgan, isyonkor guruhlar shaharni tashlab chiqishgandi.

Frantsiya matbuoti bilan suhbatda Assad "alal-oqibat shahar terrorchilardan tozalandi", deb aytgan.

BMTga koʻra, Suriya hukumati va uning ittifoqchilari tomonidan Halabning tinch aholi yashagan mintaqalarini bombardimon qilinishi urush jinoyatlariga teng boʻlishi mumkin.

Suriya hukumati isyonkor guruhlarni bombalash kampaniyasiga 2015 yilda Rossiya ham qoʻshilgan edi.

Turkiya bilan Rossiya Suriyada anchayin qaltis sanalgan otashkesim joriy etilishiga koʻmaklashgandi.

Bu ikki mamlakat doxil Eron Suriya hukumati va isyonkorlarni shu oy oxirlarida Qozogʻiston poytaxti Ostonada tinchlik muzokaralariga qatnashish uchun bosim koʻrsatishmoqda.

Suriyadagi Inson huquqlarini kuzatish markazi Halabdagi besh yillik janglar oqibatida kamida 21500 kishi qurbon boʻlganini taxmin qiladi.

Frantsiya matbuoti bilan suhbatda Assad Halabning vayronaga aylanishi va tinch aholining qurbon boʻlishini "ogʻriqli", deb taʼriflagan.

"Har qanday urush yomondir", deb aytgan Suriya prezidenti.

"Ammo tinch aholini isyonkorlarga qoʻyib beraylikmi? Ular zulm qilsinmi? Oʻldirsinlarmi? Boshlarini tanalaridan judo qilsinmi", deb qoʻshimcha qilgan Assad.

Bundan uch hafta avval isyonkorlar Halabni qaqshatqich bombardimonlar tufayli tashlab chiqishgan.

Ikki tomon oʻrtasidagi kelishuvga binoan Halabdagi isyonkorlar mamlakat shimolidagi boshqa muxolif guruhlar nazorati ostidagi hududlarga yoʻl olishgan.

Halabning boy berilishi mamlakat muxolifati va isyonkorlar uchun yirik magʻlubiyat sifatida koʻriladi.

Assadga koʻra, Suriya hukumatining bu muvaffaqiyati "toʻla gʻalabaga eltuvchi yoʻldir".

Ostonadagi uchrashuv taklifiga munosabat bildirar ekan, Assad "biz har masalani muzokara etishga tayyormiz", deb aytgan.

"Kim boʻladi boshqa tomondan? Buni bilmaymiz. Haqiqiy Suriya muxolifati boʻladimi", deb soʻragan Assad.

Ayni savollar bilan u Saudiya Arabistoni, Frantsiya va Buyuk Britaniya qoʻllab kelgan isyonkor guruhlarni rad etishiga ishora qilgan.

Ostonadagi muzokaralarda Suriya muxolifatidan kim va qaysi guruh qatnashishi hali maʼlum emas.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring