Bosh maslahatchilik kuyovga tegdi

Jared Kushner Image copyright AP

Oʻzining kuyovini bosh maslahatchi etib Amerikaning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp tayin etdi.

Jared Kushner prezident qayin otasining taklifi ortidan, Oq Uydagi bosh maslahatchilardan biriga aylanadi.

Yoshi 35 da boʻlgan Jared Kushner respublikachi prezident Donald Trampning saylovoldi kampaniyasida faol ishtirok etgan.

Nyu-York koʻchmas mulk bozorida ish yurituvchi biznesmenlardan biri boʻlgan.

Jared Kushner, bundan tashqari, nashriyotchi: U bor-yoʻgʻi 25 yoshda ekan, "New York Observer" gazetasiga egalik huquqini ham qoʻlga kiritgan.

Image copyright Reuters

Oʻzining qayin otasi Donald Tramp kabi Jared Kushner ham davlat boshqaruvi tajribasiga ega emas.

Ammo, Oq Uyga bosh maslahatchi boʻlib oʻtgach, uning AQSh ichki va tashqi siyosati bilan bogʻliq masalalar ustida bosh qotirishi lozim boʻladi.

Kuyov Jared Kushnerning prezident maʼmuriyatiga ishga olinishi koʻpchilik uchun kutilmagan boʻlgan, taklif allaqachon qarama-qarshi munosabatlarga sabab boʻlib ulgurgan.

Ayniqsa, Amerika ommaviy-axborot vositalarida bahsu munozaralar qizigan.

Hammani buning qarindosh-urugʻchilikni maʼn etuvchi qonunga qanchalik mos kelishi va yoki alal-oqibat manfaatlar toʻqnashuviga olib kelish-kelmasligi qiziqtirgan.

Donald Trampning bayon qilishicha, "kuyovi oʻzining butun saylovoldi kampaniyasi chogʻida katta hissa qoʻshgan, ishongan maslahatchisi boʻlgan va uning oʻz maʼmuriyatida muhim rol oʻynashidan gʻururlanadi, xolos".

Aytilishicha, Donald Tramp aynan shu kuyovining maslahatlariga koʻproq quloq tutib kelgan.

Image copyright Getty Images

Donald Trampning saylovoldi kampaniyasi chogʻida Jared Kushner uning internet-strategiyasiga masʼul, deb koʻrilgan, yuqori martabali xodimlarni xizmatga yollash ishlari bilan mashgʻul boʻlgan.

Agar, oʻzi sohiblik qiluvchi "New York Observer" gazetasida chop etilgan maqolaga tayanilsa, yahudiy diniga eʼtiqod etuvchi Jared Kushner qayin otasini antisemit ekanlikka oid ayblovlardan ham himoya qilgan.

Demokratlar jamlogʻi ham allaqachon Donald Trampga murojaat bilan chiqishgan, uni oʻzining kuyovini bosh maslahatchi etib tayin etish qaroridan voz kechishga undashgan.

AQSh Vakillar palatasi huquqiy masalalar boʻyicha qoʻmitasi aʼzolarining xos maktubida aytilishicha, bu - qarindosh-urugʻchilikni maʼn etuvchi amaldagi qonunga zid boʻlishi mumkin.

Ularga koʻra, 1967 yilda qabul qilingan mazkur qonun Oq Uyning barcha xodimlariga birdek taalluqli boʻlib, undan hech kim qochib qutula olmaydi.

Bundan tashqari, qayin otaning taklifi bilan kuyovning prezident maʼmuriyatida ishlashi manfaatlar toʻqnashuviga olib kelmaydi, deb hech kim kafolat bera olmaydi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring