Dayana Driskol: "Oʻzbekiston AQShdan ming marta xavfsizroq"

Olima Diana Driskol koʻp yillardan beri Oʻzbekistonga sayyohlarni olib boradi Image copyright Diana Driscoll
Image caption Olima Diana Driskol koʻp yillardan beri Oʻzbekistonga sayyohlarni olib boradi

Oʻzbekistonga 27 mamlakat fuqarolarining vizasiz safar qila olishi borasida avvalroq qabul qilingan farmonning bekor qilinishi, aniqrogʻi 2021 yilgacha kechiktirilishi koʻp gʻarbliklarning hafsalasini pir qildi. Terrorchi hujumlar tufayli oxirgi yillarda Turkiya, Tunis va qator Yaqin Sharq mamlakatlariga sayyohlar oqimi keskin kamaygan, gʻarbliklar orasida tamaddun beshigi deya koʻriladigan Markaziy Osiyoga esa qiziqish ortib boryapti. Londonda joylashgan Cox and Kings Travel sayyohlik agentligi Ipak yoʻli boʻylab maxsus turlarni tashkil etib keladi. Sayyohlarga odatda Islom dunyosini yaqindan oʻrgangan olima Dayana Driskol gidlik qiladi. BBC uni suhbatga chorlab, avvalo undan Oʻzbekiston sayyohlar uchun qanchalar jozibali ekani haqida soʻradi.

Driskol: Oʻzbekiston - hayratlanarli mamlakat. Sanʼat, arxeologiya, meʼmorchilik haqida gap ketsa, u yer ajoyib joy. Ipak yoʻlining barcha jihatlari u yerda mujassam. Bu hududni u yoqdan bu yoqqa kesib oʻtgan tarix - eng boy tarix. Miloddan avvalgi 720 yildan boshlab bugungi kungacha boʻlgan tarixga guvoh boʻlasiz u yerda. Koʻchmanchi qabilalar, turklar, moʻgʻullar.. Islomdan avval va Islom davridan qolgan meʼmorchilik - shundoqqina koʻz oldingda! Nukusga borsang, u yerda Savitskiy nomidagi misli koʻrilmagan rus avangard sanʼati kollektsiyasi bor. Oʻzbekiston bu kabi ajoyib narsalarga shunchalar boyki, u men safar qilgan eng-eng ajoyib mamlakat.

BBC: Agar Oʻzbekistonga vizasiz borish yoʻlga qoʻyilsa, bu nimani oʻzgartirgan boʻlardi?

Driskol: Menimcha, bu odamlarni u yerga safar qilish haqida oʻylashga undagan boʻlardi. Mana masalan, Qozogʻistonga viza kerakmas. U yerga hech kim bormaydi, lekin u yerga viza kerak emas desam, odamlar oʻylanib qolishadi, borsammikan deb. U yerda ham koʻrishga arzigulik narsalar koʻp. Oʻzbekistonga kelsak, menga odamlar oʻzbek vizasi haqida juda kuyunib shikoyat qiladilar. Oʻzbek vizasini olib beradigan turli kompaniyalar sayyohlardan juda koʻp pul oladilar. Shaxsan men oʻzim vizamni olish uchun Londondagi oʻzbek elchixonasiga boraman, chunki u yerdagi yigitlar judayam muloyim. Viza olishimga bir hafta yo 10 kun ketadi. Lekin, forma toʻldirish kerak, keyin butun boshli pasportingni boshidan oyogʻigacha kserokopiya qilishing kerak! Bu juda odamni qiynab qoʻyadi. Bu jarayondan oʻtib olish uchun oyparastga oʻxshab borishing kerak baʼzida. Menimcha, bu jarayon odamlardagi Oʻzbekistonga boʻlgan qiziqishni soʻndiradi. Afsus deyman, chunki shunday ajoyib mamlakatga bunday toʻsiq boʻlishi yaxshi emas. Sayyohlarda shubha paydo boʻla boshlaydi - biron xavf bormikan u yerda deb. Bu ahmoqona taassurot, chunki Oʻzbekiston men safar qilgan eng xavfsiz joylardan biri. Viza olish jarayoni yoqimsiz demoqchiman, lekin oʻzbek xodimlar juda yaxshi yigitlar.

BBC: Prezident farmonida ham aynan xavfsizlik jihati tilga olingan - sayyohlarning xavfsizligi taʼminlanishi kerak deyilyapti.

Driskol: Oʻzbekistonda hech bir sayyohga hech qachon hech narsa boʻlmagan! Qaysi sayyoh u yerga bormasin, bu xalq qanday ajoyib ekan degan taassurot bilan qaytishadi. Tunda bemalol koʻchalarda yuraman. Men Toshkentda operaga boraman, keyin soat kechki 10-11larda toʻgʻri kelgan taksini toʻxtataman. Mutlaqo xavf yoʻq. Opera teatri-chi?! Turistlar bunday narsalar borligini bilishmaydi ham. Men amerikalikman, shu kunlarda Amerikadagi qarindoshlarimni koʻrib keldim. Mana, oʻtgan hafta u yerda yana bir otishma boʻldi. Amerika - xavfli mamlakat. Amerikaga borsam, menga "tunda koʻchaga chiqma! Qorongʻida yurma!" deb maslahat berishadi. Mana sizga Amerika! Telbalik bu. Yaqin Sharqqa ham borolmay qoldik. Butun dunyoda odamlar terrorizmdan qoʻrqib qolganlar, lekin Oʻzbekistonda bunday muammo yoʻq. Dunyoda safar qilsang boʻladigan va oʻzingni butkul xavfsiz sezadigan joy - Oʻzbekiston.

BBC: Infratizilma ham prezident farmonida tilga olingan, Oʻzbekiston turizm sohasi moddiy jihatdan yaxshilanishi kerak deyilyapti. Sizning tajribangiz qanday? Yoʻllar, mehmonxonalar, oshxonalar qanday?

Driskol: Toʻgʻri, hali qilsa boʻladigan ish koʻp. Lekin, yoʻllar 100% yaxshilangan. Men birinchi marta 1998 yilda borganman, hozir sharoitlar umuman boshqacha. Xivadan Buxorogacha, Buxorodan Samarqandgacha boʻlgan yoʻllar juda ham yaxshi ahvolda, chunki yangi Ipak yoʻli magistrali oʻtadi. Onda-sonda muammolar boʻlib turadi, masalan, bir koʻprik yemirilyapti. Lekin, koʻpriklar butun dunyoda yemirilib yotibdi! Mana mening Londondagi uyimdan nariroqdagi koʻprikka darz ketgan ekan, yoʻlni yopib qoʻyishdi. Oʻzbekistonda bunday narsalar taʼmirlanadi. Oʻzbekistonga koʻproq mehmonxonalar kerak, degan boʻlardim. Bu koʻp ish oʻrinlarini ham yaratgan boʻlardi. Lekin, darvozalar ochilishi bilan butun dunyo yogʻilib kelmaydi, shunday ekan ularni asta-sekin quraverish mumkin. Samarqand va Buxorodagi kichik butik mexmonxonalar misli koʻrilmagan darajada goʻzal! Men dunyoning boshqa joyida bunday mehmonxonalarni koʻrmaganman. Har bir xona turlicha bezatilgan, xodimlari juda yoqimli insonlar. Bu odatda oilaviy biznes. Karavotlar juda qulay, lekin, yostiqlar - unchamas... Servis sohasi ham yaxshilanib boryapti. Menga va sayyohlar guruhimga eng koʻp yoqadigan narsa - oilalar uylarida oshxonalar ochib olib, ovqat taklif qiladilar. Buni juda sevamiz. Bu eng mazali taomlar. Mehmonxonalardagi ovqatdan ming marta yaxshiroq. Baʼzida sayyohlarning qorni ogʻrib qoladi, lekin bu tabiiy hol, chunki mahalliy xalqning ham qorni ogʻrib qoladi. Aeroportlar ancha yaxshilangan. Ajoyib tezyurar poyezd ishga tushirilgan. Toʻgʻri, baʼzida vokzalga borasan, lekin poyezd yurmaydigan boʻlib chiqadi, turfirmalarga eʼlon qilinmaydi, baʼzilarning jigʻiga tegadi bu. Avtobuslarni yaxshilash kerak degan boʻlardim. Bu soha ham rivojlanayapti, chunki yangi Xitoy avtobuslari paydo boʻla boshladi.

BBC: Yana nima yaxshilanishi kerak?

Driskol: Men oʻzbek hukumatiga turizm sohasiga koʻproq sarmoya jalb etishni tavsiya qilgan boʻlardim. Gap shundaki, u yerda odam kam. Toshkentdan tashqariga chiqsang, baʼzi hududlar huvillab qolgandek. Agar koʻproq mehmonxonalar qurilsa, yosh qiz va yigitlar Oʻzbekistonda qolib ishlagan boʻlardilar, chunki oʻzbek yoshlari juda vatanparvar. Paxta oʻtmishda qolyapti, uning davri oʻtyapti, lekin turizm bu kelajakdagi eng yaxshi eksport boʻlishi mumkin. Men oʻzim bilan sayyohlarni olib boraman har safar, ular kishi boshiga 3 ming dollar atrofida toʻlashadi. Shu oʻrinda men siz orqali jahonga yuzlanib aytmoqchiman: Oʻzbekiston - xavfsiz mamlakat, uning tarixi ajoyib va koʻzni quvontiradigan jihatlari juda koʻp! Amerikadan ming marta yaxshi, menga ishonavering.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring