Oʻzbek matbuoti erkin boʻlayaptimi?

Oʻzbekiston telekanallari koʻproq ovqatlanish, madaniyat mavzulari va kontsert hamda filmlarni namoyish etadi. Image copyright mtrk.uz
Image caption Oʻzbekiston telekanallari koʻproq ovqatlanish, madaniyat mavzulari, kontsert hamda oldi-qochdi filmlarni namoyish etishadi.

Oʻzbekiston davlat amaldorlari xalq bilan muloqot qilmayotgani, qishloqlarda gaz va elektr yoʻqligi xususida mamlakat matbuoti ilgari hech qachon gapirmasdi.

Masalan, bir telebahsda ishtirok etgan samarqandlik fuqaro 25 yildan beri qishlogʻida gaz va elektr yoʻqligini, odamlar esa mevali daraxtlarni kesishga majbur boʻlishayotganini aytadi. Unga koʻra, mulozimlar mazkur muammolarga koʻz yumib kelishadi.

Gaz va elektr taqchilligi xususida qator vebsahifalar ham Surxondaryo va Xorazm viloyatlari misolida tanqidiy maqolalar eʼlon qilishgan.

"Oʻzbekiston" telekanalidagi telemunozarada esa bir ishtirokchi "koʻplab yuqori martabali amaldorlar xalqdan uzilib qolishgani va odamlarning muammolariga quloq solishmayotgani" haqida aytadi.

Tepadan tashabbus

Oʻzbekiston matbuotidagi taqiqlangan mavzularda gapirish alomatlari - tepadan kelgan tashabbus.

Yangi saylangan prezident Shavkat Mirziyoyev davlat amaldorlari xalqdan uzilib qolgani, korruptsiya ildiz otgani, gaz hamda elektr yetishmasligi haqida ochiq gapirishga chaqirgandi.

Matbuotning soʻnggi chiqishlarida ham Prezident Mirziyoyev eslatgan masalalar qaytariladi.

Eslatish joizki, marhum prezident Islom Karimov ham doimo soʻzda jurnalistlarni jasur boʻlishga va muammolarni yoritishga chaqirardi.

Ammo buning ortidan biron jurnalist tanqidiy chiqish qilishga botinmasdi.

Ilk qadamlar?

Hozirgi qadamlar bir qadar umidbaxsh.

Biroq Prezident Mirziyoyev tilga olgan mavzulardan tashqari biron masalada haligacha hech kim tanqidiy chiqish qilgani yoʻq.

"Oʻzbekistonda soʻz erkinligini yangi darajada koʻtaramiz" - degandi oʻtgan dekabrda gapirgan elektron OAV Milliy Uyushmasidan Firdavs Abduxoliqov.

Lekin Oʻzbekistonda soʻz erkinligini yangi bosqichga koʻtarishdan oldin, hali bu soʻz erkinligiga asos solish vazifasi turibdi.

Senat raisining yangi tayinlangan birinchi muovini Sodif Safoyev "hokimiyatning vakillari muloqotga kirishga tayyorligini va buni namoyish etganini" ham taʼkidlagan.

Shunga qaramay, Oʻzbekiston borasida tanqidiy fikr aytadigan mustaqil va xorijiy internet websahifalari hamon toʻsilmoqda.

Tanqidchilarga, Oʻzbekiston telekanallari va matbuotida jamiyatdagi muammolar yoritilmaydi.

Aksincha, asosan, oldi-qochdi filьmlar, ashulachilar hayotiga oid gap-soʻzlar koʻp oʻrin olgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq