Oʻzbekistonda oʻquvchilar metallolom yigʻishga majburmi?

Mehnat vazirligining surishtiruvi mahalliy xalq taʼlimi boshqarmasiga xat bilan cheklangan
Image caption Mehnat vazirligining surishtiruvi mahalliy xalq taʼlimi boshqarmasiga xat bilan cheklangan

Oʻzbekiston Mehnat vaziri Aziz Abduhakimov kun.uz nashrining "metallolom soligʻi" borasida yoʻllagan maktubidagi holatlarni asossiz deb topgan va maʼlumotlarning haqqoniyligini koʻrib chiqishni tavsiya qilgan.

Avvalroq blogger Sanjar Saidning maktablarlarda oʻquvchilar metallolom yigʻishga majburlanayotgani, metal olib kelolmaganlar pulini berishga toʻgʻri kelayotgani toʻgʻrisidagi maqolasi Kun.uz sahifasida chop qilgan edi.

Mehnat vazirining ushbu holat yuzasidan raddiyasi kun.uz saytida 10 yanvar kuni bir muddat turgach saytdan olib tashlandi. Nashr xabarning nima sababdan olib tashlangani borasida izoh bermadi.

Sayt oʻquvchilari ushbu xabarning olib tashlanishida saytga bosimlar boʻlgan boʻlishi mumkinligini taxmin qilishgan.

Mehnat vaziri Abduhakimov tomonidan berilgan javobda aytilishicha, Oʻzbekistonda yoshlarni majburiy mehnatga jalb qilish va bolalar mehnatidan foydalanishga qarshi mustahkam normativ-huquqiy baza shakllantirilgan.

Ushbu qonun hujjatlari talablarini buzgan shaxslarga nisbatan esa maʼmuriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.

"Shunday boʻlsa-da, ayrim axborot manbalarida Oʻzbekiston yoshlarini bilim olishi va mehnat qilishiga doir jarayonlar boʻyicha ayrim asoslanmagan maʼlumotlarni paydo boʻlish holatlari kuzatilmoqda", - deyiladi vazirlik maktubida.

Vazirlik kun.uz saytida 3 yanvar kuni chop qilingan "Nahotki Oʻzbekiston byudjeti bolalarning temir-tersagiga qarab qolgan boʻlsa?!" maqolasi yuzasidan surishtiruv ishlari olib borganinini maʼlum qilgan.

Surishtiruv natijasiga koʻra, Jizzax viloyatidagi maktablarga metallolom va makulatura toʻplash boʻyicha hech qanday buyruq va topshiriq berilmagan.

"Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining 2017 yil 5 yanvar kuni Xalq taʼlimi, Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vazirliklari hamda Jizzax viloyati hokimligiga yoʻllangan tezkor talablari boʻyicha Xalq taʼlimi vazirligidan 2017 yil 9 yanvarda 03-02/1-5-226-sonli xat orqali olingan maʼlumotga koʻra, Jizzax viloyati va Arnasoy tumani xalq taʼlimi muassasalari, shuningdek, umumiy oʻrta taʼlim maktablari rahbarlari tomonidan oʻquvchilarga metallolom, makulatura toʻplash va shunga oʻxshash masalalarda topshiriq (koʻrsatma) berilmagani maʼlum boʻldi", - deyiladi vazirlik maktubida.

Vazirlik internet nashrini va internetdagi boshqa manbalarni bu kabi asossiz xabarni tarqatmaslik haqida ogohlantiradi.

Bolalarga soliq

Blogger Sanjar Said tomonidan koʻtarib chiqilgan maqolada Jizzax viloyati, Arnasoy tumanidagi maktablarda oʻquvchilar uchun norasmiy ravishda "metallolom soligʻi" joriy qilingani borasida yozilgan.

Uning aytishicha, ayrim maktablarda ushbu talabni bajarmagan oʻquvchilar darsga kiritilmagan.

Temir-tersak topish muammo boʻlgani bois oʻquvchilardan 18 ming soʻmdan pul yigʻilayotgani va qiyinchilik bilan kun kechirayotgan ayrim oilalar bu pulni topib berishda mushkulliklarga duch kelayotgani yozilgan.

Ushbu buyruq kimdan kelayotgani borasida savol bergan blogger Oʻzbekiston rahbariyatiga murojaat qilib, "Nahotki Oʻzbekiston byudjeti oʻquvchilar temir-tersagiga qarab qolgan boʻlsa?", - deya xitob qilgan.

Vazirlik soʻngra bu holatlarni oʻrganish uchun ustidan shikoyat qilingan tashkilotning oʻziga maktub yuborgan. Xalq taʼlimi boshqarmasi bu muammo asossiz ekanligini aytgan va shu yoʻsinda muammoni "hal qilgan".

Anʼana

Biroq, bu maqola yuzasidan fikr qoldirgan aksar internet foydalanuvchilari metallolom muammosi deyarli barcha maktablarda anʼanaga aylanganini yozishgan.

Oʻzbekistonda maktab oʻquvchilarining metal yigʻishga majburlanishi borasida bir necha mustaqil nashrlarda bungacha ham maqola va xabarlar chop qilingan.

Ammo ushbu ayblovlarga rasmiylar birorta izoh bermay kelgan.

Oʻzbekistonda hukumat 1995 yilda metal yigʻish va uni saqlashga doir qaror qabul qilgan. Ushbu qaror 1999 yilda yangi tahrirda chop qilingan.

1999 yilning 5 fevral kuni Vazirlar Mahkamasi raisi Islom Karimov nomidan chiqqan "Lom, rangli va qora metal chiqindilarini saqlash, tayyorlash va topshirish tartibi toʻgʻrisida"gi 49-raqamli qarorda uni yigʻishga kimlar masʼulligi koʻrsatib oʻtilgan.

Qaror ilovasida aytilishicha, metallolom topshirish, saqlash tartibi Oʻzbekistondagi barcha vazirlik, muassasa, korporatsiya, kontsern, uyushma, birlashma, tashkilot, korxona, xolding va mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar mahalliy hokimiyat organlariga majburiy.

Qarordan Xalq taʼlimi vazirligi va uning tarkibidagi maktablar ham metallolom topshirish majburiyati olganligini ilgʻash mumkin.

2015 yilda Oʻzbekistonda 733 ming tonna metallolom yigʻish rejasi boʻlgan. Kuzatuvchilar ushbu reja har yili korxona va tashkilotlarga boʻlib berilishini taʼkidlashadi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring