5 mln rossiyalik maoshi $125 dan kam

Rossiya Image copyright Getty Images

Bu esa, shuncha sondagi Rossiya fuqarosining bugun kun kechirishlari uchun zarur boʻlgan rasmiy meʼyordan kam maosh olishlarini koʻrsatadi.

Rossiya puliga chaqqanda, bu - 7.5 ming rublni tashkil etadi.

Bu haqda Rossiya Bosh vaziri muovini Olga Golodets rasman maʼlum qilgan.

Olga Golodets mavjud holatni "oʻzlari toʻqnash keltib turgan jiddiy muammolardan biri" sifatida tilga olgan.

Hayot kechirishlari uchun zarur boʻlgan miqdordan ham kam maosh oluvchi fuqarolarining soni 5 million atrofida ekanidan oʻz afsuslarini ham izhor etgan.

Ammo Rossiya Bosh vaziri muovini oʻzining shuncha xavotir va nadomatlariga qaramay, ish beruvchilar qanday qilib mavjud meʼyorni chetlab oʻtishga muvaffaq boʻlishayotgani sabablarini ochiqlamagan.

Bunga odamlarning yarim stavka ishlashayotgani va yoki noqonuniy yumushlarda band ekanliklari sabab boʻlayotgani yoki yoʻqligini aytmagan.

Butunrossiya omma fikrini oʻrganish markazining soʻnggi soʻrovi esa, bugun 10 foiz rossiyalikning "kelishuv asosida"gi maoshga ishlashlariga dalolat qilgan.

Image copyright COURTESY

Yangi soʻrov, bundan tashqari, 13 foiz Rossiya fuqarosi oʻz ish haqlarining bir qismini rasman, qolganini esa, ish beruvchining himmatiga qarab olishlarini koʻrsatgan.

Iqtisodiy masalalarga bagʻishlangan ilmiy forumda chiqish qilgan Rossiya Mehnat va Aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri Maksim Topilin "shu yilning kuz oylariga borib, mavjud muammoga butkul barham berish istagida" ekanliklarini bayon qilgan.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa, bundan hali 2012 yili "yaqin bir necha yilning oʻzida" ish haqlari kun kechirish uchun zarur meʼyorga yetkazilishini vaʼda qilgandi.

Rossiyada minimal ish haqqi soʻnggi bor 2016 yilning 1 iyulida $115 dollaridan $150 AQSh dollari miqdoriga oshirilgan.

Oʻtgan yil dekabr oyida Rossiya hukumati kun kechirish uchun zarur boʻlgan meʼyorni 9889 rubl yoki $165 AQSh dollari etib belgilagan.

2016 yilning yanvar va sentyabr oylari oraligʻida Rossiyada ushbu meʼyordan past darajada maosh oluvchi odamlarning soni 20 milliondan ortgan.

Bundan ikki yil burun esa, Sochidagi forumda chiqish qilarkan, Rossiya Bosh vaziri muovini Olga Golodets mamlakatida "qashshoqlik darajasi" izchil ravishda ortib borayotganini bayon qilgan edi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring