Oʻzbek ayollari IShID bilan jang qilishmoqchi

IShID Image copyright COURTESY

Qoʻshni Afgʻonistonning Turkmanistonga bevosita chegaradosh shimoliy Jauzjon viloyatidan olingan xabarlarga koʻra, oʻnlab oʻzbek ayollari Tolibon va IShIDga qarshi jang olib borish uchun qoʻllariga qurol olishgan.

Bu ayollarning aytishlaricha, bu ikki guruh jangarilari oʻzlariga bundan boshqa tanlov qoldirishmagan va ularning shafqatsizliklariga ortiq toqat qilish niyatlari yoʻq.

"Uy-joylarimizga oʻt qoʻysa, yosh bolalarimizni koʻz oʻngimizda bigʻillatib oʻldirsa, bunga jimgina qarab oʻtirib boʻladimi?", - deydi qoʻllariga qurol olgan oʻzbek ayollariga qoʻmondonlik qilayotgan 53 yoshli Zarmina opa BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida.

Afgʻonistonning aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh shimoliy va shimoliy-sharqiy mintaqalarida "faollashish harakati"da boʻlgan jangarilarga qarshi jang qilish istagida boʻlgan bu ayollarning suratlari yaqinda turli ijtimoiy-muloqot tarmoqlarida paydo boʻlgan.

Ayniqsa, IShID guruhining qanchalik shafqatsizligi bilan nom chiqarganini nazarda tutib, jauzjonlik oʻzbek ayollarining bu kabi "jasorati" aksariyat internet foydalanuvchilarining olqishlariga ham sazovor boʻlmay qolmagandi.

"Yoʻq, nimadan qoʻrqamiz. Qoʻrqishimizdan qoʻlimizga qurol olib boʻldik-ku!.. Erkaklardek urishamiz. Chunki hozir oʻzimizni oʻzimiz himoya qilishdan boshqa choramiz yoʻq. Aks-holda bu jangarilar bizni oʻldirishadi", - deydi "qoʻmondon" suhbatdoshimiz Zarmina opa.

Taʼkidlash joiz, bunaqasi prezident Muhammad Ashraf Gʻaniy qudratga kelgan 2014 yil sentyabr oyidan buyon qoʻshni Afgʻonistonning Jauzjonidan boʻlak boshqa hech bir viloyatida kuzatilmagan.

Hammasi qanday boshlangandi?

Image copyright facebook

Zarmina opa asli Jauzjonning soʻnggi yillarda ikkita eng beqaror tumanidan bittasi sanaluvchi va toliblar barobarida IShID jangarilari ham faollashishga muvaffaq boʻlgani aytiluvchi Darzobidan.

Ammo, suhbatdoshimizning aytishicha, aynan IShID guruhining shafqatsiz hujumlari sabab, toʻrt oydirki, viloyatning oʻta notinch ekani bilan nom chiqargan boshqa bir tumani - Qoʻsh-Tepadan boshpana topib turishibdi.

"Ustimizga bostirib kelishdi. Qishloq ahli Qurʼonni olib chiqqandi, unga ham qaramadi. Tepib, "Bor yoʻqollaring, kofirlar, sizlar ham musulmonmisizlar", - deyishdi. Yosh bolalarni olib, shundoqqina koʻz oʻngimizda yerga urib, oʻldirishdi. Kuchuklarimiz yugurib kelishgandi, ularni ham urib, tepkilab tashlashdi. Uyimizdan bir narsa olib chiqa olganimiz yoʻq. Ustimizdagi bittagina koʻylak bilan qochib chiqdik", - deydi Zarmina opa.

"Qishlogʻimizni butkul bosib olishdi. Bir kuchugimiz qolmadi, eshagimiz qolmadi, molimiz qolmadi... Butun tirikchiligimiz barbod boʻldi. Hozir 80 xonadon Darzobning Garmjaridan qochib, Qoʻsh-Tepaning Navobod qishlogʻiga, begona odamlarning uylariga kelib oʻtiribmiz".

Hozir Qoʻsh-Tepa tumanida boʻlgan mahalliy politsiya qoʻmondoni Boymurod Hoji Qayumning BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, IShID Zarmina opalarning Garmjar qishlogʻiga toliblar bilan hamkorlikda hujum qilgan. Odamlarning bor-budlarini yakson qilgan.

Suhbatdoshimizga koʻra, bugun qoʻllariga qurol olib, Tolibon va IShID ga qarshi jang qilish ahdida boʻlgan bu ayollar - bolalari, erlari, aka-ukalari va yaqinlari jangarilar tomonidan oʻldirilgan ana shu ayollar boʻladi.

"Erlari, aka-ukalari, farzandlarini oʻldirdi. Uy-joylariga oʻt qoʻydi. Kuchugigacha oʻldirdi. Ularni bor-budidan mosuvo qildi. Ana shu chorasiz qolgan ayollar qoʻllariga qurol olishga qaror qilishdi va endi IShID bilan jang qilamiz deyishayapti", - deydi Boymurod Hoji Qayum.

Politsiya qoʻmondonining bildirishicha, bu ayollarning barchasi qurol-yarogʻdan bemalol foydalana olishadi va jang olib borishni ham bilishadi.

"Qoʻmondon" Zarmina opa

Agar, oʻzining soʻzlariga tayanilsa, "qoʻmondon" Zarmina opa asli uy bekasi.

Oilali, 9 farzandning onasi va turmush oʻrtogʻi ham hayot.

Ammo jangarilar sabab, boshlariga tushgan chorasiz ahvollari sabab, na-da bolalari va na-da eri oʻzining qoʻliga qurol olib, Tolibon va IShID ga qarshi kurash istagiga qarshilik koʻrsatishgan.

Zarmina opaning aytishicha, oʻzi va uning "qoʻmondonligi" ostida boʻlgan oʻnlab oʻzbek ayollari miltiq otish va jang qilishni oʻz erlaridan oʻrganishgan.

Bu ayollardan oʻzi doxil ayrimlari allaqachon erkaklari bilan bir safda "jang jabhasi" taʼmini tatib ham ulgurishgan.

U kishiga koʻra, qoʻllaridagi qurol-yarogʻlarni ham oʻz pullariga sotib olishgan.

"Darzob boʻladimi va yoki Qoʻsh-Tepa, Afgʻonistonning qayerida lozim boʻlsa, oʻsha yerga borib, jangarilarga qarshi kurashga hozirmiz", - deydi Zarmina opa.

Suhbatdoshimizning aytishicha, oʻzlarining bu kabi istaklariga Jauzjon viloyati masʼullari ham befarq boʻlishmagan, koʻmak berishlari va himoya qilishlarini aytishgan.

Masʼullar munosabati

Shimoliy Jauzjon viloyati hokimi matbuot voizi Muhammadrizo Gʻafuriyning BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, Zarmina opa qoʻmondonlik qilayotganiga qoʻshimcha, kuni-kecha yana yuzga yaqin ayol shu kabi istakni izhor etishgan.

Matbuot voiziga koʻra, viloyat hokimligi ularga koʻmak bermoqchi, mustaqil, koʻngilli ravishda jang olib borayotgan va bormoqchi boʻlayotgan bu ayollarni mahalliy politsiya saflariga jalb etmoqchi.

Suhbatdoshimizning aytishicha, Zarmina opalarning Garmjar qishlogʻida yuz bergan hodisa mahalliy xavfsizlik kuchlari odamlarning hayotlarini taqdirning hukmiga havola etib qoʻyishganini anglatmaydi.

U, bir tomondan, mavjud voqeʼlikni Tolibon boʻladimi va yoki IShID, jangarilar ataydan eng avvalo himoyasiz, qoʻllarida hech bir quroli boʻlmagan oddiy odamlarni nishonga olish taktikalari bilan izohlaydi.

Boshqa tarafdan, viloyat hokimi matbuot voizi Jauzjonning aynan Darzob va Qoʻsh-Tepa tumanlarida har ikki guruh jangarilari faol ekani, ularning hujumlari oldini imkon qadar olishga harakat qilishayotgan esa-da, bunga harbiylarning qoʻllari kaltalik qilayotganini aytadi.

Suhbatdoshimizning maʼlum qilishicha, bu ikki tumanni jangarilardan tozalash uchun allaqachon markaziy afgʻon hukumatiga ham murojaat qilishgan, ulardan ham yerdan va ham havodan oʻzlariga koʻmak berishlarini soʻrashgan.

Darzob va Qoʻsh-Tepa

Agar, Jauzjon viloyati hokimi matbuot voizi Muhamadrizo Gʻafuriyning soʻzlariga tayanilsa, IShID soʻnggi paytlarda toliblar hisobidan oʻz saflarini kengaytirib, ham Darzob va ham Qoʻsh-Tepada yanada faollashish harakatida.

Bu masalada esa, IShID guruhiga Oʻzbekiston Islomiy Harakati aʼzolari koʻmak berishmoqda, deydi u.

Suhbatdoshimizning aytishicha, bundan olti oycha burun bu ikki tumanga harakatga aʼzo 55 oila kelib oʻrnashishgan. Ammo ularning qayerdan oʻtib kelishgani maʼlum emas, deydi matbuot voizi.

Uning soʻzlaridan maʼlum boʻlishicha, bu jangarilar Tolibon va IShID oʻrtasida vositachilik qilishmoqda, IShID ga toliblar hisobidan oʻziga yangi jangarilar yollashiga koʻmak qilishmoqda.

Jauzjon viloyati matbuot voiziga koʻra, ularning ayollari ham erkaklari barobarida jang olib borish sanʼatini puxta egallashgan.

Bundan tashqari, jangarilarga portlovchi moddalarni yasash va ulardan foydalanish sir-sinoatlarini oʻrgatib kelishmoqda.

Jauzjon va IShID

Jauzjon - Afgʻonistonning IShID jangari guruhining Markaziy Osiyo bilan bevosita chegaradosh bir viloyati uchun tayin etgan hokimi ilk bor qoʻlga olingan viloyat boʻladi.

Hodisa oʻtgan yil avgust oyida yuz bergan, hibsga olingan hokim Mavlaviy Boz Muhammad Jauzjonning aynan Darzob va Qoʻsh-Tepasida IShID jangari guruhining faoliyatini yoyish istagida boʻlgani aytilgandi.

Xuddi oʻsha yilning oktyabrь oyida esa, IShID jangarilari bor-yoʻgʻi bir necha kunning oʻzida oʻnga yaqin tinch fuqaroni oʻldirishgan, qurbonlar orasida keksalardan tashqari, ayollarning ham borliklari aytilgan.

Hatto, afgʻonistonlik masʼullarning oʻzlari ham, Gʻarb boshchiligidagi katta sondagi xorijiy ittifoq qoʻshinlarining 2014 yilgi ommaviy safarbarligi ortidan, bu kabi holatga guvoh boʻlishmaganini eʼtirof etish darajasiga borishgandi.

Ammo orada kechgan vaqt davomida IShID jangari guruhi oʻzlariga qarshi yangrayotgan bu kabi bayonotlarning birortasiga rasman munosabat bildirishmagan.

Oradan bir necha oy oʻtayotganiga qaramay, Jauzjondagi qotilliklarga ham masʼuliyatni hech bir shaklda oʻz zimmalariga olib chiqishmagan.

Jauzjonning bu ikki eng beqaror tumanidagi IShID jangilarining soni oʻnlab ekani taxmin etiladi.

Ular aksariyatining sobiq toliblar ekani, ammo oralarida Oʻzbekiston Islomiy Harakati jangarilarining ham borliklari aytiladi.

Xuddi shu oʻrinda eslatib oʻtish joiz, Oʻzbekiston Islomiy Harakati bundan uch yilcha burun Afgʻoniston Tolibon harakati bilan ittifoqchilikdan voz kechishga qaror qilgan va Yaqin Sharqdagi IShID guruhiga rasman bayʼat keltirgan.

Ammo yaqinda guruh saflarining parchalangani, jangarilar orasidan yana toliblarga moyil, IShID ga qarshi mavqeʼdagi oʻzagi ajralib chiqqani, ular oʻzlarini qayta Oʻzbekiston Islomiy Harakati, deb nomlashganiga oid xabarlar ham olingandi.

Jauzjondagi IShID jangarilariga asli darzoblik, yoshi 30 lardan oshgan, oʻz vaqtida Tolibon saflarida jang qilgan Qori Hikmat ismli shaxsning boshchilik qilishi aytiladi.

Ogohlik

Image copyright COURTESY

Taʼkidlash joiz, Jauzjondagi soʻnggi hujumlari Afgʻoniston birinchi vitse-prezidenti general Abdulrashid Doʻstum Yaqin Sharqda deyarli parokanda boʻlib ulgurgan IShID guruhi Markaziy Osiyo davlatlarini koʻzlab, Afgʻoniston shimoliga minglab jangarilarini sizdirish niyatida ekaniga oid ogohidan qisqa vaqt oʻtmay kuzatilmoqda.

Ustiga ustak, Afgʻonistonning shimoliy Jauzjoni - aynan general Abdulrashid Doʻstumning ona viloyati boʻladi.

Hozir ham Tolibon va ham IShID faol ekani aytilayotgan Darzob va Qoʻsh-Tepa esa, Jauzjonning soʻnggi yillarda shaxsan Afgʻoniston birinchi vitse-prezidenti boshchiligidagi ustma-ust harbiy amaliyotlarga sahna boʻlgan ikki tumani boʻladi.

Bu ikki tuman aholisining aksariyatini esa, asrlarki, oʻzbeklar va turkmanlar tashkil etib kelishgan.

Masʼullar bahosida IShID jangarilarining Afgʻoniston shimoli-sharqidagi eng soʻnggi hujumlari oʻtgan hafta Bagʻlon viloyatida yuz berganiga toʻgʻri kelgan, ular shia mazhabiga mansub kamida oʻn nafar hazara konchini oʻldirishgani aytilgan.

Ammo, taʼkidlash joiz, oradan bir haftacha vaqt oʻtayotgan esa-da, IShID jangari guruhi Bagʻlondagi bu hujumga ham masʼuliyatni rasman oʻz zimmasiga olib chiqmagan.

Lekin, shunga qaramay, mazkur hodisa Afgʻoniston milliy birdamlik hukumati ayrim yuqori martabali mulozimlarining eʼtiboridan chetda qolmagan.

Jumladan, Afgʻoniston ijroiy raisi muovini Hoji Muhammad Muhaqqiq afgʻon hukumatini loqaydlikda keskin tanqid qilgan, jangarilarga qarshi kurash va mintaqa xavfsizligini taʼminlash yoʻlida keskin chora-tadbir koʻrishga chaqirgan.

Image copyright COURTESY

Hoji Muhammad Muhaqqiq, xuddi shu soʻzlari manzarasida, sharqiylari qolib, hozir Afgʻonistonning shimoliy viloyatlari va boshqa mintaqalarida ham IShID guruhi faoliyatining kuchayib borayotganidan tashvish bildirgan.

"Katta sondagi IShID jangarilari Oʻroʻzgonga kelishgan. Saripulning Koʻhistonot tumani va Gʻoʻrda, Faryob va yana Afgʻonistonning boshqa qator mintaqalarida turli nomlar bilan oʻz faoliyatlarini boshlashgan. Jang olib borish usullari bir-birinikidan farq qiladi. Ayrimlari, oʻzlarining oʻta shafqatsizliklari bilan ajralib turishadi", - deb aytgan Hoji Muhammad Muhaqqiq.

Ammo Afgʻoniston birinchi vitse-prezidentiniki misolida boʻlgani kabi, prezident Muhammad Ashraf Gʻaniy boshchiligi ostidagi milliy birdamlik hukumati janob Muhaqqiqning soʻnggi daʼvatiga ham, hozircha, rasman biror bir munosabat bildirmagan.

Eng soʻnggida eslatib oʻtish joiz, Afgʻoniston ijroiy raisi muovini Hoji Muhammad Muhaqqiq aynan mamlakat shimolini "ekstremistlar"dan tozalash uchun 2015 yilda birinchi vitse-prezident general Abdulrashid Doʻstum va Oʻzbekistonga bevosita chegaradosh shimoliy Balx viloyati qudratli hokimi Muhammad Ato Nur bilan koalitsiyaga kirishgan.

Hoji Muhammad Muhaqqiqning soʻnggi tashvishlari va tanqidlari esa, bu uch ittifoqchi tomonidan orada Afgʻonistonning aksariyat shimoliy va shimoliy-sharqiy viloyatlarida yoʻlga qoʻyilgan qator harbiy amaliyotlar ortidan ham yangramoqda.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring