"Oʻqituvchi boshida sinayotgan kaltak"

Oʻquvchilar Image copyright PA

Oʻzbekiston Mehnat va Xalq taʼlimi vazirliklarining oʻrta maktablarda metallalom va bu kabi yigʻdi-yigʻdilar yoʻq, deyishi oʻzbek nashr va ijtimoiy tarmoqlarida aks sado berishda davom etmoqda.

Hilol.uz sahifasida muallif Alp Arslon Mehnat vaziri Aziz Abduhakimov maktablardagi metallalom va makalatura yigʻish majburiyati yoʻq, degan gaplarda asos yoʻqligini yozadi.

Muallif 3-sinfda oʻqiydigan oʻgʻliga marka uchun 3 ming soʻmdan olib kelish aytilganidan soʻng, maktab direktori bilan uchrashgan.

Qaysi maktabligi aytilmagan ushbu suhbatda maktab direktori vazifasini vaqtincha bajarayotgan shaxs oʻqituvchilar yuqoridan kelayotgan buyruqlarning qurboni boʻlishayotganini aytgan.

Maktab direktorining aytishicha, marka soligʻidan tushgan pul Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasiga borib tushishi aytilgan.

Maktabga donasi 3000 (Markaziy Bank kursi boʻyicha taxminan 1 dollar. BBC tahr.) soʻmdan 500 dona marka berilgan.

Ayon boʻlishicha, oʻqituvchilarning, hatto, ikkitadan marka olishlariga toʻgʻri kelgan.

Suhbatdan ayon boʻlishicha, marka soligʻi Tuman Xalq taʼlimi boʻlimidan buyruq tarzida berilgan va oʻquvchilardan bir necha yildan beri pul yigʻiladi.

Jurnalist maktab direktoriga nima uchun bu kabi ogʻzaki buyruqlarni bajarishayotganini, yangi prezident Shavkat Mirziyoyev virtual qabulxona tashkil qilib, bu kabi muammolarni befarq qoldirmayotgani haqida soʻzlagan.

Biroq maktab direktorining javobidan anglashilishicha, bu kabi shikoyatlar yigʻdi-yigʻdilarni bartaraf etish oʻrniga, aylanib kelib maktab direktorlarining boshiga balo boʻladi.

Munosabat

"Eng yomoni, kimdir tegishli organlarga shikoyat qilib, mana shu ishimiz ustidan ertaga bir ish ochilsa, kaltak kelib biz - maktab direktorlarining boshimizda sinadi. Chunki bizni mana shu ishga majburlagan TXTB (Tuman Xalq taʼlim boshqarmasi), VXTB (Viloyat Xalq taʼlim boshqarmasi) kabi yuqori tashkilotlarimiz bizga bunday buyruq berganlarini tan olmaydilar va "biz buyruq bermaganmiz, faqat xohlovchilarga tavsiya qilinglar", deganmiz deb oʻzlarini oqlab turaverishadi", - degan maktab direktori.

Maktab direktori Mehnat Vaziri Aziz Abduhakimovning maktablarda metallalom soligʻi haqida xabarlar assossiz, deb aytgan gapidan xabari borligini aytgan. Lekin xalq taʼlim boshqarmalari maktablardan metallalom talab qilishda davom etmoqda.

"Albatta, xabarim bor. Eslatdingiz, kuni-kecha meni ham tuman XTBga chaqirib, uch kun ichida metallom rejasini bajarishimizni qatʼiy talab qilib qoʻydilar. Ammo bu sovuq va qorli havoda qaysi bolaga metallalom olib kel, deb ayta olaman", - degan maktab direktori.

Suhbatdan maʼlum boʻlishicha, barcha maktablar qatori ushbu maktabga ham metallalom yigʻish talabi qoʻyilgan. Uni bajarmagan maktab direktorlari ishdan oʻz ixtiyori bilan ketish haqida ariza yozishiga toʻgʻri keladi.

Maktab direktori jurnalist bilan suhbatda, istasa, uning farzandi uchun 3 ming soʻmni oʻz choʻntagidan toʻlashga rozi ekanligini, biroq zinhor tuman xalq taʼlim boshqarmasiga ushbu muammodan shikoyat qilib bormasligini iltimos qiladi.

"Ular sizga bu ish majburiy emasligini aytishadi. Ammo keyin hamma kaltak mening boshimda sinadi. "Sen aholi oʻrtasida targʻibot va tashviqot ishlarini yaxshi olib bormaganing uchun ota-onalar mana shunaqa shikoyat qilib kelishayapti", deb hatto meni ishdan boʻshatib yuborishlari ham mumkin. Shuning uchun sizdan iltimos, qancha gapingiz boʻlsa gapiring, soʻking, haqorat qiling chidayman. Ammo tuman XTB iga shikoyat qilib bormang".

Aks-sado

Maqolaga Facebook da izoh qoldiruvchilar muammo oʻqituvchi yoki ularga buyruq berayotgan Xalq taʼlimi boshqarmasiga bogʻliq emasligini yozishgan.

"Direktorning gaplari 100 foiz toʻgʻri va hatto siz Xalq taʼlim boshqarmasiga borsangiz ham shu soʻzlarni eshitishingiz mumkin edi", - deydi Isroil Tillaboyev.

Jurnalist Norqobil Jalilov bu muammo jamiyatni qiynayotgan muammolardan biri ekanligini, qancha aytilsa ham yechilmayotganini yozgan.

"Bu muammo hammamizni qiynayotir. Eng dahshatlisi, baliq... afsus, boshidan-da! Bu mavzuda necha marta gazetalarda maqolalar chiqdi, biror bir shovvoz bir ogʻiz munosabat ham bildirgani yoʻq. Endi, qachonki, prezident gapirib qolsa, ahvol oʻzgaradi-yov. Boʻlmasa, Xalq taʼlimi vazirligidagilar miq etmaydi! Siz bilan biz esa yozaveraylik-chi...", - deb aytgan.

Prezident Islom Karimov vaqtida mahalliy nashrlar va bloggerlar bu kabi muammolarni deyarli koʻtarib chiqmas edi.

Yangi saylangan Shavkat Mirziyoyev 2017 yilni Xalq bilan muloqot yili deya nomlagan, oddiy odamlar duch kelayotgan muammolarni eshitishga va hal qilishga tayyorligini bildirgan.

Shu maqsadda har bir tumanda Xalq qabulxonalari ochilishi rejalashtirilgan.

Ushbu tajribani boshqa vazirlik va davlat idoralari ham qoʻllay boshlashgan.

Biroq koʻp hollarda odamlar tomonidan aytilayotgan shikoyatlar hal qilinish oʻrniga shikoyat qilingan tashkilotga bormoqda.

Jurnalist va bloggerlarning maktablarda metallalom yigʻish muammosini koʻtargani ham shu ishni qilishga majbur qilinayotgan oʻqituvchilar boshida sinayotgan koʻrinadi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring