Toshkent: Imomlar yana maydonga tushishmoqchi

Futbol Image copyright Muslim.uz

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi futbol jamoalari oʻrtasidagi navbatdagi turnir 17 yanvar kuni start oladi.

Imomlarning bu gal "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili"ga bagʻishlab oʻtkazilayotgan turnirni toʻrt jamoa boshlab berishadi.

1-tur bellashuvlarida:

"Doʻstlik" - "Minor"

"Imom Buxoriy" - "Koʻkaldosh"

bir-birlariga qarshi maydonga tushishadi.

Rasmiy xabarlarga koʻra, yangi turnirga Toshkent Islom instituti mezbonlik qiladi.

Ayon boʻlishicha, 11 yanvar kuni imomlar oʻrtasidagi bu futbol musobaqasi munosabati bilan Oʻzbekiston musulmonlari idorasida hatto xosan majlis ham oʻtkazilgan.

Unda turnirni tashkillashtirish va yuqori saviyada oʻtkazishga doir qator masalalar muhokama etilgan.

Rasmiy xabarlarga koʻra, majlisda yordamchi hakamlar va guruh sardorlari ishtirok etishgan.

Oʻzbekiston Futbol Federatsiyasi vakilining soʻzlaridan maʼlum boʻlishicha, bu turnirning oʻzlariga hech bir aloqasi yoʻq.

Xuddi shu manzarada kutilayotgan musobaqa doirasidagi uchrashuvlarga kimlarning hakamlik qilishlariga oid rasmiy maʼlumotlar ham hozircha imkonli emas.

BBC Oʻzbek Xizmatining final uchrashuvi sanasi va gʻolib uchun koʻzda tutilgan mukofotga oid savollariga oydinlik kiritish maqsadida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi bilan bogʻlanish urinishlari ham maqola chop etilayotgan soatlarda oʻz samarasini bergani yoʻq.

Maʼlum boʻlgani:

Image copyright COURTESY

Imomlar oʻrtasidagi yangi futbol turnirining 1-tur uchrashuvlari 17 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan kech soat 19:00 da boshlanadi va poytaxt Toshkentning nufuzli sport maydonchalaridan birida boʻlib oʻtadi.

Ammo matbuot uchun imkonli boʻlgan rasmiy xabarda mezbon stadionning nomi ham ochiqlanmagan.

Tomoshabinlarning soni, kimlardan iborat ekani, turnirning pullimi yoki bepul ekaniga oid maʼlumotlar ham halicha imkonsiz.

Ayon boʻlishicha, joriy musobaqada Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, "Movarounnahr" nashriyoti, Toshkent islom instituti, "Koʻkaldosh" oʻrta maxsus islom bilim yurti, Toshkent shahar va Toshkent viloyati imomlaridan iborat futbol jamoalari oʻzaro bellashadilar.

1-tur oʻyinlarida bir-birlariga qarshi toʻp surajak jamoalar esa, qurʼa tashlash orqali aniqlangani ham aytiladi.

Bu - joriy yil hisobidan Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi futbol jamoalari oʻrtasida uyushtirilayotgan birinchi futbol turniri boʻladi.

Ammo oʻtgan yili Oʻzbekiston mustaqilligining 25 yilligi va "Konstitutsiya kuni" munosabati bilan ham xuddi shunday musobaqalar boʻlib oʻtgan.

Ularga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi va Toshkent shahar vakilligi mezbonlik qilishgani rasman xabar qilingandi.

Ulamolar nasroniylarga qarshi

Image copyright COURTESY

Ikki din vakillari oʻrtasida dunyo boʻylab aksariyatning eʼtiborini oʻziga tortgan futbol uchrashuvi Bosniyaning Zenitsa shahrida uyushtirilg

Nasroniy ruhoniylari (5:3) foydasiga hal boʻlgan bu kabi gʻayriodatiy futbol bellashuvini tomosha qilish uchun stadionga oz emas, koʻp emas - toʻrt mingdan ortiq odam yigʻilgan.

Ishqibozlarga koʻra, birlari ulamo, boshqalari ruhoniy ekanliklariga qaramay, tomonlar maydonda yaxshigina oʻyin koʻrsatishgan.

Xayriya uchrashuvidan esa, Bosniyada bitta bolalar bogʻchasini qurishga yetadigan pul tushgani aytilgandi.

Bu kabi xayriya uchrashuvini uyushtirish tashabbusi bilan esa, Bosniya Dinlararo qoʻmitasi chiqqan.

Chorak asrcha burun bosniyalik musulmon, ortodoks nasroniy serb va katolik nasroniy xorvatlar orasidagi urush 10.000 dan ortiq insonning umriga zomin boʻlgandi.

Shu boismi, bu kabi siyosiy va milliy mojarolarga sahna boʻlgan mintaqada ezgu maqsad yoʻlida diniy jamoalarning bu qadar bahamjihatlik koʻrsatishlari kamdan-kam kuzatiluvchi voqeʼlik sifatida baho topgandi.

Bosniya urushi payti serb kuchlari musulmon erkaklarini qigʻinbarot qilib, qiz-ayollarni aql bovar qilmas darajada jinsiy tahqirlashgani aytiladi.

Oʻshanda Srebrinitsada kamida 8 ming nafar musulmon erkak va oʻgʻil bolalar oʻldirilgan edi. Musulmonlarning hatto 15-16 yashar oʻspirinlariga ham shafqat qilinmagan.

Bu jinoyat - Ikkinchi Jahon Urushida yahudiylar qirgʻinbarot qilinganidan beri Ovroʻpoda roʻy bergan eng yirik qatliom sifatida baholanadi.

Islom dinida futbol koʻrish va oʻynashning qanchalik halol va harom ekani esa, ulamolar oʻrtasida alohida bahsga sabab mavzulardan biri boʻlib keladi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring