"Prezident oʻgʻli karerasida muhim qadam"

Rustam Imomali Image copyright president.tj

Ekspertlar qoʻshni Tojikiston prezidentining toʻngʻich oʻgʻli Rustam Imomalini poytaxt Dushanbe hokimi etib tayin etish qaroriga xuddi ana shunday baho berishmoqda.

Prezident Imomali Rahmon ayni xususdagi qarorini kecha - payshanba kuni imzolagandi.

Agar, ekspertlarning baholariga quloq tutilsa, yangi lavozimi Rustam Imomaliga toʻgʻridan-toʻgʻri boʻlmasa-da, Tojikiston parlamenti Oliy palatasi raisligiga yoʻl ochadi.

Tojikiston parlamenti Oliy palatasi raisi esa, davlat boshqaruv tizimida prezidentdan keyin ikkinchi muhim shaxs sanaladi.

Taʼkidlash joiz, bu - Tojikiston prezidenti toʻngʻich oʻgʻli egallayotgan birinchi davlat lavozimi emas.

Tarixcha oʻrnida

Bor-yoʻgʻi 29 yoshda ekaniga qaramay, Rustam Imomali Tojikiston hukumati qoshidagi Bojxona Xizmati Kontrabanda va bojxona qoidalarining buzilishiga qarshi kurash boshqarmasi boshligʻi.

Tojikiston prezidentining toʻngʻich oʻgʻli 2009 yilda Respublika Yoshlar qoʻmitasi raisining oʻrinbosari etib tayinlangan.

Buning ortidan Tojikiston hukumati qoshidagi Investitsiya va davlat mulki qoʻmitasining Kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi lavozimini ham egallagan.

Oʻz oʻrnida alohida taʼkidlash joiz, Yoshlar Ittifoqi Tojikiston prezidentligiga oʻz nomzodini ilgari surish huquqiga ega boʻlgan yagona jamoat tashkiloti sanaladi.

Rustam Imomali, bundan tashqari, Tojikiston Futbol Federatsiyasi prezidenti va mamlakatdagi yetakchi futbol jamoalaridan biri boʻlgan - "Istiqlol"ning asoschisi va hamsohiblaridan biri boʻladi.

Tojikiston prezidentining toʻngʻich oʻgʻli yana MDH hududidagi eng yosh general ham hisoblanadi.

Rustam Imomali Tojikiston Davlat Universitetida "Xalqaro iqtisodiy aloqalar" sohasi boʻyicha tahsil olgan.

Bundan tashqari, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi Diplomatiya akademiyasining tinglovchisi ham boʻlgan.

Oilali va uch farzandning otasi.

Munosabatlar

Rustam Imomalining bor-yoʻgʻi 29 yoshda ekaniga qaramay, "mansab pillapoyalaridan jadallik bilan yuqorilab borayotgani" Tojikiston ichkarisida turlicha talqinlarga sabab boʻlmay qolmayotir.

Tojikiston hukumati muxolifati va tanqidchilariga koʻra, Rustam Imomali va yana qator farzandlarini turli lavozimlarga tayin etish bilan prezident Rahmon mamlakatda oʻz hokimiyatini mustahkamlashga urinmoqda.

Oʻtgan yil may oyida tojikistonliklar Imomali Rahmonni umrbod prezidentga aylantiruvchi konstitutsion oʻzgartirishlarga oid referendumida ovoz berishgan.

Asosiy konstitutsion oʻzgartirishlar prezident Rahmonga qancha xohlasa, shuncha muddatga hokimiyatda qolishiga ruxsat berish; prezidentlikka nomzodini ilgari surishni 35 yoshdan 30 yoshgacha pasaytirish; hamda diniy asosdagi siyosiy partiyalarni taqiqlashni ham koʻzda tutgan.

Rahmonning ayni paytdagi va hisobda toʻrtinchi prezidentlik muddati 2020 yilda nihoyasiga yetadi.

2015 yilda parlament unga "millat peshvosi" maqomini bergan, bu shaxsga sigʻinishni kuchaytirishi toʻgʻrisida xavotirlarni ham uygʻotgan.

"Millat peshvosi" Rahmonga ichki va tashqi siyosatda qaror chiqarishda, hatto u hokimiyatdan ketganidan soʻng ham katta vakolatlar beradi.

Qaror

Xabarlarga koʻra, 64 yoshli Dushanbe hokimi Mahmadsaid Ubaydullayev bilan birga uning barcha muovinlari va poytaxt tumanlari rahbarlari ham ishdan olingan.

19 yil davomida hokimligi ijobiy baholarga sabab boʻlib kelgani bois, Mahmadsaid Ubaydullayevning kutilmaganda vazifasidan chetlatilishi hayratlarga ham sabab boʻlmay qolmagan.

Yetakchi mahalliy jurnalistlardan biri Iskandar Firuzning BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, Rustam Imomalining uning oʻrniga Dushanbe hokimi etib tayinlanishi rasman Tojikistonda "Yoshlar yili" bilan bogʻliq bir qaror tarzida izohlangan.

Mahalliy ekspertlar esa, oʻz-oʻzidan, buni Tojikistondagi bugungi siyosiy ahvol bilan bogʻlashgan.

Jurnalistga koʻra, oʻzlari suhbatlashishga muvaffaq boʻlgan aksariyat poytaxt aholisini ham Tojikiston toʻngʻich oʻgʻli Rustam Imomalining Dushanbe hokimi etib tayinlanishi emas, nega uzoq yillik amaldagisining ishdan olingani koʻproq qaygʻuga solgan.

Ular anchayin yosh boʻlgan Rustam Imomalining bu ishni butkul eplab ketishiga anchayin shubha bilan qarashmoqda, deydi u.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring