"Asosiy eʼtiborni inson haqlariga qarating"

Human Rights Watch Image copyright COURTESY

"Qiynoqlarga chek qoʻying. Fundamental inson haqlarini hurmat qiling. Asosiy eʼtiboringizni inson huquqlari bilan bogʻliq ahvolni oʻnglashga qarating".

"Human Rights Watch" xalqaro inson haqlarini himoya qilish tashkiloti bu kabi daʼvat bilan Markaziy Osiyo davlatlari liderlariga chiqqan.

Rahbariyatlar almashayotgan va ichki siyosatda band ekan, ular eng avvalo bu masalaga jadallik bilan eʼtibor qaratishlari lozimligini aytgan.

"Human Rights Watch"ning bu daʼvati kecha - payshanba kuni eʼlon qilgan yangi - 687 sahifali "World 2017" yillik hisobotida yangragan.

Bu hisobotda xulosa qilinishicha, 2016 yilda Markaziy Osiyo davlatlari liderlarining qudratni oʻz qoʻllarida jamlash harakatlari inson huquqlari bilan bogʻliq ahvolga putur yetkazgan.

"Human Rights Watch" tashkilotining bayon qilishicha, "nodemokratik", deb baholangan saylovlarda Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonning sobiq avtoritar prezidenti Islom Karimovning oʻrnini egalladi.

Inson haqlarining oʻtgan 20 yil badalida kuzatilmagan bir darajada poymol etilishi manzarasida Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon oʻz shaxsiga sigʻinishni kuchaytirdi.

2017 yilgi prezident saylovi arafasida Qirgʻiziston Prezidenti Almazbek Atambayev asosiy eʼtiborini mamlakat konstitutsiyasini oʻzgartirish va muxoliflari bilan siyosiy kurashga qaratdi.

Turkmanistonda esa, yangi tahrirdagi konstitutsiya amaldagi prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning istagancha qudratda qolishiga izn berdi.

Markaziy Osiyoda boshqaruvda qolayotgan soʻnggi sobiq Shoʻro rahbari boʻlmish prezident Nursulton Nazarboyev esa, mamlakatida boʻy koʻrsatgan iqtisodiy muammolarga insonlarning eng fundamental huquqlarini nazorat etishni kuchaytirish bilan javob qaytardi.

"Markaziy Osiyoda inson huquqlari himoyasining koʻplab qirralari boʻhroniy bir ahvolda", - deya xulosa qiladi xalqaro tashkilotning Ovroʻpo va Markaziy Osiyo boʻyicha boʻlimi rahbari Hyu Uilyamson (Hugh Williamson).

"Mintaqa liderlari qudratdagi shaxsiyatlar siyosati va oʻz shaxsiy mavqeʼlarini mustahkamlashga diqqat qilishning oʻrniga, imkon qadar repressiv siyosatlaridan uzoqroq turish, hibsxonalardagi qiynoq hollariga chek qoʻyish, soʻz erkinligiga imkon berish va tanqidchilarini ozodlikka chiqarish yoʻlida aniq qadamlar qoʻyishlari lozim".

Maktub

Image copyright Internet

"Human Rights Watch" prezident etib saylanishidan bor-yoʻgʻi besh kun oʻtib, 2016 yil 9 dekabr kuni Shavkat Mirziyoyevga maktub ham yoʻllagan.

Oʻzbekistonning yangi saylangan prezidentidan mamlakatdagi "inson huquqlari bilan bogʻliq abgor ahvolni yaxshilash yoʻlida aniq qadamlar qoʻyishi lozim"ligini aytdi.

Bu xalqaro inson haqlarini saqlash tashkiloti nazdida Shavkat Mirziyoyev va uning maʼmuriyati kelasi 5 yil ichida:

-Siyosiy mahbuslarni ozod etishi

-Birlashgan Millatlar Tashkilotining masʼul idoralari bilan hamkorlik qilishi

-Qiynoqlarga chek qoʻyishi

-Matbuotga qoʻyilgan cheklovlarni bekor qilishi

-Fuqaroviy jamiyat tashkilotlarini oʻz holiga qoʻyishi

-Diniy eʼtiqod erkinligini taʼminlashi

-Jinsiy ozchiliklarga qarshi diskriminatsiya hollariga chek qoʻyishi

-Majburiy mehnatga yakun yasashi

-Andijon qirgʻini yuzasidan mustaqil tergovga izn berishi lozimligini soʻragandi.

8 dekabr kuni boshqa bir - "Civil Rights Defenders" xalqaro tashkiloti ham Shavkat Mirziyoyevni prezident Karimovning inson huquqlari sohasidagi repressiv siyosatini davom ettirishdan voz kechishga chaqirgan.

Shavkat Mirziyoyev dastlabki qadam oʻlaroq qamoqlardan jurnalistlar va huquq faollarini ozod etishi lozimligini aytgandi.

Yangi prezident

Image copyright Tojikiston prezidenti matbuot xizmati

Muvaqqat prezident ekan, Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yil oktyabr oyida Oʻzbekiston sud-huquq tizimi faoliyatiga bogʻliq yangi farmonni imzolagan.

Oʻzbekiston ommaviy-axborot vositalari 21 oktyabr kungi farmon sud-huquq tizimini isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishni kuchaytirish maqsadini koʻzlagani haqida xabar berishgan.

Ayni shu farmonni imzolashi arafasida Liberal-demokratik partiyaning qurultoyida Shavkat Mirziyoyev mamlakatdagi sud-huquq tizimi, huquqni muhofaza qilish idora va tashkilotlarining faoliyatini tanqid qilgan.

U sud-huquq tizimini tubdan isloh qilish, advokaturaning roli va oʻrnini kuchaytirish, shuningdek, jinoyat ishlarini qoʻshimcha tergovga qaytarish amaliyotidan voz kechishni taklif qilgan.

Bundan avval Oʻzbekiston Senati janob Mirziyoyevning taklifi bilan amnistiya toʻgʻrisidagi qonunni qabul qilgan.

Mirziyoyevning prezident vazifasini bajaruvchi sifatida imzolagan ilk qonunlaridan biri ichki ishlar idoralari toʻgʻrisidagi qonun boʻlgan.

U, shuningdek, parlamentning quyi palatasiga korruptsiyaga qarshi kurash toʻgʻrisidagi qonunni qabul qilishni taklif etgan.

Shavkat Mirziyoyevning ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi ilk qadamlari va qonunchilik tashabbuslari mamlakatda oʻzgarishlarning muqarrar ekani haqidagi umidlarni uygʻotgan.

Ammo tanqidchilar uning faoliyatiga haqiqiy bahoni prezident saylovlaridan keyingina berish mumkinligini aytishadi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring