Suriyalik qochqin Facebook ni sudga berdi

Suriyalik qochqin Image copyright ANAS MODAMANI

Angela Merkel bilan selfiga tushgan suriyalik muhojir oʻzining goʻyoki terrorchilikka aloqadorligi haqidagi soxta maʼlumotlar uchun Facebookni sudga berdi.

Facebook oxirgi vaqtda oʻz sahifalarida soxta xabarlarning tarqalishiga qarshi kurashish boʻyicha katta bosim ostida qolmoqda.

Germaniyada muhojirlar va qochqinlarga qarshi soxta xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda bir necha marta tarqatildi.

19 yoshli Anas Modamaniy ana shunday soxta xabarlarning nishoniga aylanganlardan biridir.

Anas ilk marta 2015 yil sentyabrida Angela Merkel Berlinda qochqinlar yashayotgan markazga tashrif buyurganida jamoatchilik nazariga tushgandi.

U fursatdan foydalanib Germaniya kantsleri bilan selfiga tushib olgandi.

Selfidan bir oy avval Anas Suriyaning Daraya shahridagi janglardan qochib, Turkiya, Gretsiya va Serbiyani kesib oʻtib Berlinga kelgan edi.

Lekin, ana shu selfi uni nishonga aylantirdi.

"Avvaliga mening suratlarimni Bryussellik hujumchilardan biri deya internetda tarqatishdi", - deydi u BBCga.

"Shu xabarlar tarqala boshlaganida, men Myunxendagi doʻstlarimning uyida mehmonda edim. Baʼzi doʻstlarim koʻchaga chiqmaslikni maslahat berishdi. Boshqalari esa politsiyaga borib oʻzim haqimda aytilayotgan gaplardan shikoyat qilish kerakligini aytishdi".

"Lekin, men bu narsalar oʻz-oʻzidan yoʻq boʻlib ketadi deb umid qilgandim".

Qanchadir muddatga shunday boʻldi ham.

Ammo

Berlindagi Rojdestvo bozoriga yuk mashinasi bilan qilingan hujum va ayni shaharda yetti migrant uysiz odamni urib oʻldirib qoʻyishiga oz qolishi ortidan Anasning suratlari yana tarqala boshladi.

"Men Facebookdagi hisobimni yopib tashlagandim, lekin menga Germaniyada mezbonlik qilayotgan ayol suratlarim yana tarqalganini aytdi".

"Bu narsalar yana yuz bera boshlagani jonimga tegdi, shunday ekan, advokatni jalb qilishga kirishdim", - deydi u.

Anasning advokati - Chan-jo Yun.

Chan-jo Yun oʻtgan yil noyabrida qilgan shikoyatiga binoan, Germaniya qonunlariga xilof ravishda Mark Tsukerberg va Facebook irqchi yozuvlarni oʻchirib tashlamagani tergov ochilishiga sabab boʻlgandi.

"Facebook soxta xabarlar bobida juda yomon ishlayapti", - deydi u BBCga.

"Ayniqsa noqonuniy soxta xabarlar bobida yomon ishlayapti".

"Barcha soxta xabarlar ham noqonuniy emas, lekin agar ular tuhmat mazmunida boʻlsa, Facebook ularni oʻchirishi shart", - deydi u.

Chan-jo Yun "Facebook suriyalik qochqin Anas Modamaniyning suratini tuhmat mazmunida terrorchi hujumlarga bogʻliqlikda chop qilishi"ga qarshi sud hukmini talab qilyapti.

Facebookning voizi quyidagicha munosabat bildirdi: "Biz platformamizdagi muayyan maʼlumot janob Modamaniyning shaxsiga putur yetkazishi daʼvo qilingan maktubni janob Yundan qabul qilib oldik".

"U maʼlumotlar zudlik bilan oʻchirilgan, shunday ekan, sud hukmiga hojat yoʻq", - deydi voiz.

Ammo, janob Yunning ishonishicha, Modamaniyni terrorchi hujumlarga bogʻlaydigan barcha maʼlumotlar oʻchirilmagan va baʼzilari hali ham Facebook sahifalarida qolyapti".

Sud ishi 6 fevralda Vurtsburg shahrida boʻlib oʻtadi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring