Maddohlar yangi diktator yaratadimi?

Image copyright O`zbekiston telenakanali ekranidan nusxa
Image caption Shavkat Mirziyoev qudratga kelishi bilanoq Islom Karimov davrida e'tibordan chetda qolgan ba'zi atoqli shoirlarga hurmat ko'rsata boshladi.

Mustaqil O'zbekiston tarixidagi bag`ishlovlarning yangi sahifasini Islom Karimov o'limi ortidan shoir va senator Iqbol Mirzo ochib berdi.

"Otaning g'oyalari qoyalardek mangulik,

Sheri mardga munosib arslonpanja izdosh bor" - deb ham marsiya, ham maqtov aralash she'r bitdi senator shoir.

Iqbol Mirzo, tabiiyki, professional va pardaga o'ralgan bu misralari bilan "ikki quyonni" urayotgandek edi.

Qolaversa, mohirona bitilgan ayni she'rni istalgan davrda, istalgan yo'nalishda tahlil qilish ham mumkin.

"Shavkatni shaylantirdi..."

Ammo ko'p o'tmay, yalang'och misrali madhiyalar yozila boshlandi. Shoirlar o'z she'rlari Shavkat Mirziyoevga atalganini yashirib ham o'tirishgani yo'q.

"Sarbonim, vijdonli odil Sarbonim,

Kecha va kunduzlar yo'ldoshim sizsiz" - degan misrali she'r Yo'lchi Ro'ziev nomidan internetda e'lon qilindi.

Mazkur misralar ijtimoiy tarmoqlarda ko'p bahslarga sabab bo'lmoqda. Ba'zilar uni ochiq laganbardorlik, deb ham atayotir.

Odatda, yosh shoirlar nazmning yirik namoyandalari izidan borishga intilashadi.

Lekin O'zbekistonda so'nggi oylari Omon Matjon va Halima Xudoyberdieva kabi atoqli shoirlar ham, aksincha, madhiyabozlikka ilk qadamini qo'yayotgan yoshlar ortidan borib, bag'ishlovlar bitdilar.

"Shavkatni shaylantirdi,

Qirchillama yigitdan

Otaga aylantirdi" - deb she'ridan parcha o'qiydi shoira Halima Xudoyberdieva.

Halima Xudoyberdieva oxirgi bir necha yil davomida faol ijtimoiy hayotdan chetlatilgandi.

Image caption Shoira Halima Xudoyberdieva (o'rtada) ham Shavkat Mirziyoevga atab she'r yozdi.

Lekin Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelishi ortidan "unutilgan" qator ijodkorlar yana "katta davraga" qaytishmoqda.

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston milliy madhiyasini yozgan shoir Abdulla Oripovning dafn marosimida oddiy odamlar qatori qo'l bog'lab turgani xabar qilindi, Erkin Vohidov xotirasiga alohida hurmat ko'rsatmoqda.

Xullas, yangi prezident e'tibordan chetda qolgan adabiyot ahlini esga ola boshladi.

"Shavkat Mirziyoev qisqa fursatda odamlarning yuragiga kirib ulgurdi" - deydi Halima Xudoyberdieva.

"Boshlanishi yaxshi, endi oxiri ham baxayr bo'lsin, deb kichkina bir she'r yozdim, buni maddohlikka burmaslik kerak" - ta'kidlaydi shoira Bi-bi-si O'zbek Xizmati bilan suhbatda.

Halima Xudoyberdieva - zamonaviy o'zbek she'riyatining eng atoqli namoyandalaridan biri. Biroq u oldin hech qachon rahbarlarga madhiya yozmagan, xususan, marhum Islom Karimovni ham maqtab she'r bitmagan edi.

"Ilgari ko'ngilga tushmaganda, o'sha narsalar yozilmagan" - izohladi Halima Xudoyberdieva.

O'zbeklar ruhan tobemi?

Ayrim mutaxassislarga ko'ra, hukmronlarni tanqid qilmasdan, ular haqida faqat ijobiy fikr bildirish O'zbek jamiyatida tarixan chuqur shakllangan siyosiy madaniyatdir.

"Ommaviy ravishda hukmronlarni ma'qullab yashash - uzoq davr mobaynida o'zbeklarning ruhiga singib ketgan" - izohlaydi Toshkentdan psixolog Mahmud Yo'ldoshev.

"Ayniqsa, so'nggi 200 yil davomida xalqimiz o'z fikrini aytishga, biron masalani ochiq ko'tarishga o'rganmagan".

Suhbatdoshimizga ko'ra, o'zbeklarning uzoq-yaqin ajdodlari yashagan siyosiy sharoitlar sababli "hammaning xayoliga podshohlar doimo haq bo'ladi, ular ishini bilib qiladi" qabilidagi qarashlar singib ketgan.

Image copyright Turkiston-press
Image caption Iqbol Mirzo "Arslonpanja izdosh" haqida she'r bitgan ilk shoir bo'ldi.

"To'g'ri, bir odamning yaxshi xislatlarini ta'kidlash uni yaxshi tarafga etaklaydi" - davom etadi psixolog - "Lekin hadeb maqtayversangiz, u odamda, demak, men xato qilmas ekanman, degan fikr paydo bo'ladi".

"Butkul liberal odamni ham diktatura siyosiy madaniyati shakllangan hokimiyatga olib kelsangiz, u demokratiyani tezda shakllantira olmaydi" - deydi Fransiyadan siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov - "Aksincha, uning o'zini diktatorga aylantirib qo'yishlari mumkin".

Suhbatdoshimizga ko'ra, diktator yaratish yo'lida shoirlar birinchi o'rinda turmaydi, balki bu borada byurokratiya, davlat organlari hamda matbuot o'rni asosiy ahamiyat kasb etadi.

Yulduzlarga maslahat

"Agar rahbariyat asossiz maqtash dunyoda obro'yimizni to'kadi va milliy manfaatimizga to'g'ri kelmaydi, maqtovni yo'qotinglar, deb ishora bersa, maddohlar to'xtashadi" - deydi Kamoliddin Rabbimov.

O'zbekistonda esa nafaqat shoirlar orasida, balki qator xonandalarda ham maddohlikka moyillik kuchli.

Masalan, xonanda Yulduz Usmonova nafaqat marhum Prezident Islom Karimovni maqtagan, balki uning qizi Gulnora Karimovaga ham bag'ishlab, ashula aytib chiqqan.

"Qanchalik haqiqat ekanligini bilmadim, ammo Yulduz Usmonovaga aslo Shavkat Mirziyoev haqida qo'shiq aytmaysan, deb maslahat berishibdi, degan xabarlar chiqdi" - davom etadi Kamoliddin Rabbimov.

"Hokimiyatda maddohlarga ehtiyoj bo'lmasligi kerak. Aksincha, maddohlarni jazolash lozim" - bu borada keskin choralarni yoqlaydi suhbatdoshimiz.

Image copyright yulduz.uz
Image caption Yulduz Usmonova marhum prezident Karimov va uning qizini o'z ashulalarida madh etgan.

Maqtov boshqa, maddohlik boshqa

Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelgach, xalq hayotidagi muammolarni tilga ola boshladi.

Yangi prezident, xususan, odamlar turmushini yaxshilash, ham ijod, ham tijorat ahliga erkinliklar berish, mamlakatni dunyoga ochish va hukumatni xalqqa xizmat qildirish yo'lida astoydil harakat qilishini ta'kidlamoqda.

Bu harakatlar, o'z o'rnida, nafaqat mamlakat ichkarisida, hatto tashqarida ham Shavkat Mirziyoevga nisbatan mehr va ijobiy qarashlarni paydo qilmoqda.

Shu sababmi, marhum Karimov hukumatini tanqid qilib kelgan xorijdagi ba'zi o'zbek ziyolilari ham Prezident Mirziyoev haqida iliq va maqtovli fikrlar ayta boshlashdi.

"Mirziyoevni ko'r-ko'rona maqtayotganlar bilan uning yutuqlarini e'tirof etayotganlar orasida farq bor" - deydi AQShdan muxolifatchi Jahongir Mamatov.

Jahongir Mamatov hali Shavkat Mirziyoev vaqtinchalik prezident sifatida qo'ygan ba'zi qadamlarini olqishlagan, shu bois "maddoh" degan tanqidlarga ham uchragan.

"Lekin uning faoliyatidagi ijobiy jihatlarni olqishlab, kamchiliklarni tanqid ham qilayapman" - deydi Jahongir Mamatov - "Men maddoh emasman, chunki Mirziyoevdan hech nima kutmayman".

Suhbatdoshimizga ko'ra, prezidentni maqtash demokratik davlatlarda ham uchraydi, lekin u erda davlat rahbarini bemalol tanqid qilish ham mumkin.

"O'zbekistonda ham shunday bo'lsin: maqtagan maqtayversin, ammo tanqidga ham yo'l ochishsin. Bu rahbarning o'ziga ham foydali bo'ladi".

"Bir-ikki yil kutaylik..."

Jahongir Mamatov maddohlar diktator yaratib qo'yishlari mumkin, degan fikrlarga qo'shilmasligini aytadi.

"Aksincha, diktatorlar maddohlarni yaratishadi" - deydi u - "Agar u taxtda o'tirgan bo'lsa, ayrimlar odamzodning maqtovga o'chlik xislatidan o'z manfaatlari yo'lida foydalanishga intiladilar, xolos".

Image copyright Courtesy photo
Image caption Kamoliddin Rabbimovga ko'ra, yangi rahbariyat maqtovlarga uchish-uchmasligini va maddohlikka yo'l qo'yish-qo'ymasligini bir-ikki yil kutish kerak.

Jahongir Mamatovga ko'ra, "hukmron va maddoh" munosabatlari o'zbek jamiyatida tarixan shakllangan illat bo'lib, u hozir ham majud va hali yana davom etsa kerak.

Shavkat Mirziyoevning hokimiyatga kelishini xush qarshilagan AQShdagi o'zbekistonlik sobiq diplomat Toshpo'lat Yo'ldoshevning aytishicha, ziyolilar kamchiliklarni ko'rsatib turishsa, yangi rahbar diktatorga aylanib ketmaydi.

Fransiyadan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning qayd etishicha, O'zbekiston yangi rahbariyati halicha hech kimga "maqtaysan" deb ko'rsatma bermagan.

"Ba'zi chiqishlar, aftidan, muayyan odamlarning shaxsiy tashabbusiga o'xshaydi"- deydi tahlilchi.

"Yangi hokimiyat soxta maqtovlarga ehtiyojmandmi, yo'qmi, faqat bir-ikki yildan keyin baho berishi mumkin".

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq