Mirziyoyev Rustam Azimovni keskin tanqid qildi

Mirziyoyev
Image caption Mirziyoyev tanqididan barcha mulozimlar "oʻz nasibasi"ni olgan

Prezident Shavkat Mirziyoyev hukumatning yil yakunlariga bagʻishlangan yigʻilishida Rustam Azimov rahbari boʻlgan Makroiqtisodiyot kompleksi faoliyatini keskin tanqid qilgan.

Mavzuga aloqador video

14 yanvar kuni boʻlib oʻtgan va davlat televideniyesi orqali namoyish etilgan majlisda Prezident Bosh vazir oʻrinbosari Azimovni, jumladan, iqtisodiy hisobotlarni soxtalashtirish va muhim davlat dasturlari, jumladan, sarmoyaviy dasturlarni barbod qilishda ayblagan.

Shavkat Mirziyoyev Azimov va Markaziy Bank rahbariyati soʻnggi yillarda surunkali tus olgan naqd pul muammosi uchun ham javobgar ekanliklarini aytgan.

"Nima sababdan plastik kartochkalarni muomalaga kiritishdan ilgari barcha mexanizmlar puxta ishlab chiqilmagan? Nima uchun koʻplab tashkilotlar, eng avvalo, byudjet tashkilotlari xodimlari - oʻqituvchilar, vrachlar, xizmatchilar va hatto pensionerlar, ayrim amaldorlarning qoʻshtirnoq ichidagi "yangilik"laridan qiynalishi kerak?", - degan Prezident.

U sobiq moliya vaziri va hukumatdagi ikkinchi shaxs boʻlgan Azimovni jiddiy kamchilik va muammolarni koʻrib-koʻrmaslikka olishda ayblagan.

"Haqiqiy fakt shundan iboratki, agar R.Azimovda ana shu jiddiy kamchilik va muammolarni koʻrish xohishi boʻlganida, ularni keskin bartaraf etish boʻyicha u zarur tashabbus koʻrsatganida, biz bugun iqtisodiy va moliyaviy sohalarda bundan ham yuqoriroq natijalarga erishgan boʻlar edik. Takror aytaman, faqatgina "gʻalaba raportlari" bilan, shuningdek, muammolarga umuman aloqasi yoʻq, oʻz orzu-istagidagi mavhum narsalarni haqiqat deb koʻrsatadigan shaxslar tomonidan tayyorlangan axborotnomalar bilan cheklanib qolish mumkin emas", - deb aytgan Prezident Mirziyoyev.

Image copyright courtesy
Image caption Rustam Azimov eng koʻp tanqid eshitgan rahbar boʻlgan

U shuningdek, Rustam Azimov taqdim etgan Davlat byudjeti defitsitiga doir takliflarni rad etgan.

"Bu borada faqat byudjet profitsiti haqida soʻz borishi mumkin va zarur", - degan Prezident.

Mirziyoyev oʻtmishda Rustam Azimov rahbari boʻlgan Moliya vazirligi mulozimlarini qogʻozbozlik va "baland dimogʻlik", xodimlarni esa "chalasavodlik"da ayblagan.

"Nima sababdan baʼzan inson qadr-qimmati yerga uriladi, bunga kim huquq bergan?! Nima uchun Bosh vazir oʻrinbosari yoki hukumat aʼzosi qabulxonada soatlab kutib oʻtirishi kerak? Nima uchun Vazirlar Mahkamasining tarmoq departamenti mudiri jiddiy masalalar boʻyicha yuzaki prezentatsiya oʻtkazilishini kunlab va haftalab kutadi, keyin esa hujjat qayta ishlashga qaytariladi? Va nima sababdan bu jarayonlarning barchasini shtatdagi yordamchi emas, balki chalasavod va beandisha qabulxona inspektori belgilaydi?", - deb aytgan Prezident

"Oʻylaymanki, - degan u, - bularning barchasidan siz, Rustam Sodiqovich, tanqidiy xulosa chiqarasiz va joriy yil yakuni boʻyicha hukumat majlisida real natijalar bilan hisobot berasiz".

Mirziyoyev marhum Islom Karimov davrida prezidentlikka asosiy nomzodlardan biri sifatida koʻrilgan Rustam Azimovning hukumatdagi mavqeyini pastlatgan, uni Moliya vaziri va Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari lavozimlaridan chetlatib, Bosh vazir oʻrinbosarlaridan biri etib tayinlagandi.

Unda Prezident Mirziyoyev hukumatning deyarli barcha mulozimlari faoliyatini keskin tanqid qilgan va ularni "shaxsan javobgarlik" haqida ogohlantirgan.

"Jonsiz hisobot"

Ayni yigʻilishda Mirziyoyev "Oʻzneftmahsulot" raisi Baxtiyor Sultonov va "Oʻzeltexsanoat" kompaniyasi rahbari Erkin Iminovlarni lavozimidan chetlatgan.

Bosh vazir oʻrinbosarlari Ulugʻbek Roʻzuqulov va Gʻulomjon Ibragimovlarga hayfsan eʼlon qilingan.

Prezident Madaniyat vaziri B.Ahmedovning hukumat majlisiga tayyorlab kelgan hisobotini "jonsiz hisobot" deya tanqid qilgan.

Davlat soliq qoʻmitasi raisi B.Parpiyev va Davlat bojxona qoʻmitasi raisi M.Tohiriylar 2017 yil uchun belgilangan asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlarga erishish borasida "shaxsan javobgar ekanliklari toʻgʻrisida" ogohlantirilgan.

Prezident davlat mablagʻlari va resurslari talon-taroj qilinayotganini aytgan.

"Oʻtgan yili inspektsiyalar tomonidan pudrat ishlari hajmi 4 milliard 700 million soʻmga kamaytirilgan. 24 mingta loyiha ekspertizadan oʻtkazilganida ularning narxi 1 trillion 500 milliard soʻmga kamaytirilgan", - deb aytgan u.

Prezident koʻpchilik rahbarlarni murakkab muammolarni "kabinetdan chiqmasdan hal etishga odatlanib qolganlik" da ayblagan.

Har yili 1,5 million odam ishsiz

Mirziyoyev oʻz nutqida ishsizlar soniga doir toʻliq raqamlarni keltirmagan, ammo har yili 1,5 million ish oʻrniga ehtiyoj borligini qayd etgan.

"Yurtimizda yiliga 1,5 million odamni ishga joylashtirishga ehtiyoj boʻlsa-da, oʻtgan yili Bandlikka koʻmaklashish markazlari atigi 248 ming kishini yoki 16,5 foizini ishga joylashtirgan. Buning asosiy sabablari ish faoliyatidagi eskirgan shakl va usullar hamda bandlik muammolarini hal etishdagi rasmiyatchilik bilan bogʻliq", - deb aytgan Prezident.

U mahalliy hokimlar yangi ish oʻrinlari yaratmagani taqdirda, ularning maoshlaridan 15 foiz ushlab qolinishini aytgan.

"Hokimlar ish yuzasidan tasdiqlangan koʻrsatkichlarni, har oy yakuniga koʻra bajarilishini taʼminlagan taqdirda, ularning ish haqiga 15 foiz qoʻshimcha qoʻshish bilan ragʻbatlantiriladi. Ana shu koʻrsatkichlar bajarilishi taʼminlanmasa, aksincha, ularning ish haqidan 15 foiz ushlab qolinadi", - deb aytgan Mirziyoyev.

Mirziyoyev mamlakatga sarmoyalar olib kelish maqsadida davlat byudjeti hisobidan natijasiz xorijiy safarlarga borib kelayotgan amaldorlarni tanqid qilgan.

"Agar sizlar xorijiy safarlarga sarf qilgan xarajatlarni hisob-kitob qilsak, shu pulning oʻziga ikkita yirik korxonani sotib olsa boʻlardi", - degan Prezident Davlat raqobat qoʻmitasi raisi D.Hidoyatovga.

Mirziyoyevning aytishicha, oʻtgan yili 650 million dollarlik meva-sabzavot eksport qilinmay qolgan.

U Bosh vazir oʻrinbosari Z.Mirzayevga "15 kun muddatda oʻtgan yili 650 million dollarlik meva-sabzavot eksport qilinmay qolgani sabablarini atroflicha tahlil qilib, aniq takliflar kiritish"ni topshirgan.

"Ahvol ogʻir"

Vazirlar Mahkamasining 2016 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini tahlil qilishga bagʻishlangan majlisi hukumatning soʻnggi yillardagi eng tanqidiy yigʻilishi boʻlgan.

Mirziyoyev joylardagi ahvolni "jiddiy va ogʻir" deb taʼriflagan.

Prezident majlis davomida mulozimlarni tanqid qilarkan, ular maʼsul boʻlgan sohadagi ayanchli ahvol uchun "kim javob beradi?" degan ritorik savolni qayta-qayta takrorlagan.

Ammo tanqidchilarga koʻra, 13 yil davomida hukumatga rahbarlik qilgan Mirziyoyevning oʻzi mamlakatdagi ayanchli ahvol uchun masʼuldir.

Ayni paytda Londondagi SOAS universitetidan tahlilchi Alisher Ilhomovning aytishicha, Karimov davrida Bosh vazir lavozimi ancha "dekorativ" boʻlgan.

"Mirziyoyev faqat Karimovning roziligi bilangina u yoki bu rahbarni ishdan olishi mumkin edi. Hozir ham ikkita davlat shirkati rahbarlarini Bosh vazir emas, balki Prezident lavozimdan chetlatganiga guvoh boʻlayapmiz. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish haqidagi maʼruzani ham Prezident qilayapti. Bu hanuz Prezident va hukumat oʻrtasida hokimiyat vakolatlari boʻlinishi yuz bermaganini anglatadi. Masalan, Qozogʻistonda Bosh vazir koʻproq vakolatlara ega. Oʻzbekistonda esa Prezident va Bosh vazir vakolatlari amalda yakka shaxsning qoʻlida jamlangan, Abdulla Aripov Mirziyoyevning kotibi rolini bajarayotgandek", - deydi Alisher Ilhomov.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viberda - telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring