Shveytsariyalik advokat: "Gulnora Karimovaning taqdiri Mirziyoyevning qoʻlida"

Gulnora Karimova Image copyright Social Media
Image caption Advokatining aytishicha, Gulnora Karimova 2014 yil 18 fevralidan buyon hibsda saqlanmoqda

Shveytsariyalik advokatining BBCga taqdiqlashicha, Gulnora Karimova oʻtgan yilning 9-10 kunlari Toshkentda shveytsariyalik prokurorlar tomonidan soʻroq qilingan.

Jeneva advokatlar kollegiyasi raisi Greguar Manjeaning BBC bilan suhbatda aytishicha, Gulnora Karimova 2014 yilning 18 fevralidan buyon Toshkentdagi bir qismi yonib ketgan uyida abgor sharoitlarda va noqonuniy ushlab turilibdi.

Advokatining soʻzlariga koʻra, marhum prezident Islom Karimovnning toʻngʻich qiziga nisbatan Shveytsariyada tergov qilinayotgan jinoyat ishi taxminan "10 ming papka"dan iborat.

Shveytsariya adliya tizimi vakillari Gulnora Karimovaning tirikligini tasdiqlagan ilk manba boʻlishgan.

Oʻzbekiston rasmiylari bir paytlar katta qudrat va taʼsirga ega boʻlgan hamda otasining ehtimoliy vorisi sifatida koʻrilgan Gulnora Karimovaning taqdiri borasida sukut saqlashmoqda.

Avvalroq BBC bilan suhbatda uning Londondagi oʻgʻli Islom Karimov onasining tirik ekaniga ishonchi komil emasligini aytgandi. Greguar Manjeaning soʻzlariga koʻra, shveytsariyalik prokurorlarning tashrifi arafasida Gulnora Karimovaga nimani gapirish yoki gapirmaslik kerakligi borasida bosim oʻtkazilgan.

BBC: Siz Gulnora Karimova bilan qachon va qayerda uchrashdingiz?

Greguar Manjea: Men oʻz mijozim Gulnora Karimova bilan oʻtgan dekabrda birinchi marta uchrashdim. Bunga qadar biz hech qachon, hatto elektron pochta orqali ham bogʻlanolmagandik. Men 10 dekabr kuni Oʻzbekistonni tark etgan vaqtim, Gulnora Karimova tirik edi. Uning sogʻligi nisbatan yaxshi, ammo chap yelkasida katta moʻmataloq izi bor edi.

BBC: Kim sifatida va qanday shartlarda uchrashdingiz? Uchrashuvdan maqsad nima edi?

Greguar Manjea: Men Gulnora Karimova bilan shveytsariyalik advokat maqomida va Shveytsariya adliya tizimi doirasida uchrashdim. Shunga qaramasdan men mustaqil advokatman. Mening oʻz advokatlik shirkatim bor. Boshlanishida, yaʼni 2014 yilda Gulnora Karimova bilan bogʻlanish imkoni boʻlmagani vajidan davlat tomonidan tayinlangan esam-da, men faqat Gulnora Karimovaning manfaatlarini himoya qilaman.

BBC: Karimova qachon va qanday ayblov bilan hibsga olingan?

Greguar Manjea: Gulnora Karimova 2014 yilning 18 fevral kuni Toshkentda hibsga olingan. Bunga sabab boʻlgan murakkab siyosiy va oilaviy intrigalarga keyinroq, Shveytsariyadagi huquqiy protseduralar doirasida izoh beriladi.Oʻzbekistonda Gulnora Karimovaga nisbatan hech qachon, hech qanday huquqiy choralar qoʻllanilmagan.Oʻzbekistonda unga hech qanday jinoyat ishi bilan tanishish imkoni berilmagan. Oʻziga qarshi bironta ayblovga nisbatan mavqeini bildirish imkoniyatiga ega boʻlmagan. Oʻzining aytishicha, 2015 yil 21 avgust kuni ertalab soat 8 da oʻzbek prokuror, hakam deb tanishtirilgan bir yo-da ikki shaxs va u oldin hech qachon uchrashmagan ikki advokat hamrohligida Gulnora Karimova ushlab turilgan uyning kichik oshxonasiga bostirib kirishadi. Ular bir chekkaga oʻtirishib, oʻzlari Hukm deb taqdim qilgan narsani oʻqib beradilar. Bu sud tomoshasi yuz bergan vaqtda oldinroq hushidan ketgan Gulnora Karimova hali toʻla oʻziga kelmagan, divanda yotib, osma ukol olayotgandi. Uning aytishicha, bu sahna oshxonada boʻlgan odamlar tomonidan tasvirga olingan.Mening mijozimning barcha hisoblari musodara qilingan, unga musodara qarorlariga qarshi oʻzini himoya qilish imkoni berilmagan. Gulnora Karimovaga tegishli koʻchmas mulk va u Oʻzbekistondagi turli shirkatlarda egalik qilgan hissalar shunchaki gʻoyib boʻlgan.

BBC: Gulnora Karimovaning sogʻligi va ruhiy ahvoli qanday edi?

Greguar Manjea: 2016 yilning 9-10 dekabr kunlari oʻtgan tinglovda Gulnora Karimova noqonuniy hibs sharoitlariga qaramay, oʻzini ancha dadil va kurashchan tutdi. U prokurorlarga qaytarishi kerak boʻlgan soʻzlarni aytishdan bosh tortdi va harbiy kiyimdagi uch nafar oʻzbek prokurorlari oldida oʻzini dadil tutdi. Ayni paytda uning noqonuniy hibsdagi sharoitlari va qizi bilan uchrashishga qoʻyilgan noqonuniy cheklovlar haqida soʻz borganda, ikki marta oʻzini yigʻidan tutolmadi.

Image copyright Getty Images
Image caption Gulnora Karimova bir paytlar otasi-marhum prezident Islom Karimovning ehtimoliy vorisi sifatida koʻrilgan

BBC: U qanday sharoitlarda ushlab turilibdi? Xavfsizlik choralari qanaqa?

Greguar Manjea: Uning xavfsizligi mutlaqo kafolatlanmagan. U Toshkentdagi uyining kichik bir burchagida ushlab turilibdi. Uyning qolgan qismi juda ham yomon ahvolda; bir qismi hatto yonib ketgan. Uni tashqi dunyodan butunlay ixotalab qoʻyishgan. Tashqaridagi hech kim, ayniqsa, advokatlari va farzandlari bilan aloqa qila olmaydi. Hibsda oʻtgan ikki yilda u faqat bir necha martagina qizi bilan koʻrisha olgan. Oʻshanda ham juda ham abgor va inson haqlarining eng tamal andozalariga ham toʻgʻri kelmaydigan sharoitlarda. Oʻtgan yil noyabrida unga shveytsariyalik prokurorlarga nima deyishi kerakligi borasida juda qattiq bosim oʻtkazishgan.

BBC: Sizning oʻzingiz oʻsha uyni borib koʻrdingizmi?

Greguar Manjea: Ha, men mijozim hibsda ushlab turilgan joyni koʻrishga ruxsat soʻradim va qisqa vaqt uchun borib koʻrdim. Uyning yonib ketgan qismini oʻz koʻzim bilan koʻrdim.

BBC: Shveytsariyalik prokurorlar bilan uchrashuv tafsilotlari haqida nima deya olasiz?

Greguar Manjea: Mahkama tinglovidan ikki kun oldin menga Gulnora Karimova bilan Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi binosida, uncha yomon boʻlmagan sharoitlarda uchrashishga ruxsat berildi. Birinchi kuni oʻzbek prokurorlari oʻzlari tayinlagan va men hech qachon koʻrmagan ikki advokatni tiqishtirishga harakat qildilar. Men rad etdim. Gulnora Karimovani birinchi marta 2016 yilning 9-10 dekabr kunlari Shveytsariya Federal prokuraturasining ikki nafar prokurorlari soʻroq qilishdi. Soʻroq jarayonida uch nafar oʻzbek prokurorlari ham qatnashdi. Men yuqorida tilga olgan uch nafar advokatlar ham qatnashdi, ammo 23 soat davom etgan tinglovda ular churq etishgani yoʻq. Menga esa savol soʻrash imkoni berilmadi.

BBC: Uchrashuvda uning yaqinlaridan biron kishi yoki qizi ham qatnashdimi?

Greguar Manjea: Yoʻq, qizi uchrashuvda yoʻq edi va men u bilan alohida uchrashish imkoniga ham ega boʻlganim yoʻq.

BBC: Gulnora Karimova oʻziga qarshi ayblovlarga munosabat bildirdimi?

Greguar Manjea: Gulnora Karimova, faqat unga Shveytsariyadagi jinoyat ishi bilan tanishish imkoni berilgan taqdirdagina, ayblovlar yuzasidan oʻz munosabatini bildira oladi. Shuningdek, u Oʻzbekistonda sodir etgani daʼvo qilinayotgan jinoiy harakatlar, sodir etilgan paytda jazoga tobeʼ boʻlganmi, boʻlmaganmi, bunga ham aniqlik kiritilishi kerak.

BBC: Siz gʻarblik yurist boʻlganingiz uchun, Gulnora Karimova siz bilan suhbatda bironta qilmishini tan oldimi? U gʻarb davlatida mahkama oldida javob berishga tayyormi?

Greguar Manjea: Shveytsariya jinoiy qonunchiligiga binoan, aybnoma bilan tanishish imkoni ayblanuvchi ishtirokidagi birinchi mahkama tergovi boʻlib oʻtganidan keyingina beriladi. Birinchi tergov 2016 yil dekabrida boʻlib oʻtganini inobatga olsak, bizga jinoyat ishi bilan tanishishga imkon endi beriladi va haqiqiy jarayon ham endi boshlanadi.

BBC: Siz Gulnora Karimovani yuz millionlab dollar korruptsiya va pul yuvish ayblovlaridan qanday himoya qilmoqchisiz?

Greguar Manjea: Bizdagi maʼlumotlarga koʻra, Shveytsariya prokurorlari qoʻlidagi jinoiy ish taqriban 10 mingta papkani oʻz ichiga oladi. Bu degani bizga samarali himoyani taʼminlashimiz uchun kamida oʻn ikki, oʻn olti oy kerak boʻladi. Buning uchun menga Gulnora Karimova bilan bir oyda ikki-uch kun Toshkentda, qabul qilish mumkin boʻlgan va xavfsiz sharoitlarda uchrashishga imkon berilishi kerak. Men shuningdek, oʻz mijozim va qizining xavfsizligiga kafolat olish uchun xalqaro tashkilotlar bilan ishlashimga toʻgʻri keladi. Ularga nisbatan noqonuniy hibsga barham berilishi kerak. Oʻzbekistonda risoladagidek adliya tizimi yoʻlga qoʻyilmagan va himoya tomonining haqlari kafolatlanmagan ekan, Gulnora Karimovaning taqdiri yangi prezident Shavkat Mirziyoyevning qoʻlida boʻladi. Mijozimning oʻz farzandlari bilan munosib sharoitlarda uchrashish imkoniyatiga ega boʻlishi ham juda muhim. Va nihoyat, Gulnora Karimovaga Shveytsariyadan boshqa davlatlarda oʻzini himoya qilishiga sharoit yaratilishi kerak. Ammo Gulnora Karimovaning hibsdagi hozirgi sharoiti unga oʻzini himoya qilishni juda ham qiyinlashtiradi va hatto imkonsiz holga keltiradi.

BBC: Sir boʻlmasa, advokatlik uchun qancha haq olishingizni ayta olasizmi?

Greguar Manjea: Advokatga toʻlanadigan pul masalasi kelayotgan haftalarda hal etiladi. Chunki hali bunga erta. Bu narsa mijoz va yaqinlarining moddiy imkoniyatlariga bogʻliq boʻladi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring