Oʻzbek pasportining kuchi nimaga yetadi?

Oʻzbek pasporti Image copyright COURTESY
Image caption Oʻzbek pasporti

Agar, Arton Capital shirkatining yangi tadqiqotlari natijasiga tayanilsa, Oʻzbekiston fuqarosi pasportining bugungi kuchi dunyoning 54 davlatiga vizasiz chiqish imkoniyatini berishga yetadi.

Qiyosan olinganda, Amerikaning bu shirkati yangi reytingida eng kuchlisi, deb tan olingan Germaniya pasporti bilan siz jahonning 158 mamlakatiga bemalol sayohat qilishingiz mumkin boʻladi.

Bugun dunyoning eng kuchli ikkita pasportidan bittasi, deb eʼtirof etilayotgan Shvetsiya va Singapurniki esa, fuqarolariga Germaniyanikidan faqat bittagagina kam davlat eshiklarini ochadi.

Pasportining kuchi boʻyicha yangi reytingda yuqori uchlikni toʻldirgan Daniya, Finlandiya, Frantsiya, Ispaniya, Shveytsariya, Norvegiya, Buyuk Britaniya va amerikaliklar oʻzlari istagan paytda dunyoning 156 davlatiga hech bir qiyinchiliksiz tashrif buyurishlari mumkin boʻladi.

MDH-chi?

Image copyright Thinkstock
Image caption Rossiya pasporti

Jahonning 148 mamlakatiga borishga izn berishi bilan MDH davlatlari orasidan Estoniya pasporti eng kuchlisi boʻlib chiqqan va Amerika shirkati yangi reytingida yuqori oʻnlikka kirishiga faqat bir bahya qolgan.

Rossiya oʻz pasportining bugungi qudrati boʻyicha yangi reytingda jahonning 200 ga yaqin davlati orasidan 43-oʻrinni egallagan.

Yangi tadqiqot natijalaridan rossiyaliklar hozir jahonning 103 davlatiga hech bir boshogʻriqlarsiz safar qilishlari maʼlum boʻlgan.

Markaziy Osiyo davlatlari orasidan esa, kuch-qudrati bobida Qozogʻistonning pasportiga yetadigani topilmagan.

Qozogʻistonliklar viza mashmalarisiz sayohat qilishlari mumkin boʻlgan dunyo davlatlarining soni bugun 69 taga yetgan.

Oʻzbekiston esa, bu borada Qozogʻiston va Qirgʻizistondan keyin mintaqada uchinchi yaxshi koʻrsatkichni qayd etgan.

Qirgʻiziston fuqarolari oʻz pasportlari bilan oʻzbekistonliklardan koʻra 4 taga koʻp davlatga safar qila olishlari maʼlum boʻlgan.

Qoʻshni Tojikiston yangi reytingda 70-oʻrinni boʻlishib, pasportining bugungi kuchi boʻyicha Oʻzbekiston, Kot-d'Ivuar va Gvineya bilan bir xil natija qayd etgan.

Pasporti kuchsizlar...

Image copyright COURTESY
Image caption Afgʻoniston pasporti

Oʻzbekiston kabi chiqish vizasi amalda boʻlgan dunyoning bor-yoʻgʻi ikkita davlatidan bittasi sanaluvchi Shimoliy Koreya esa, bu roʻyxatda 88-oʻrinni egallagan.

Yangi tadqiqot natijalaridan Shimoliy koreyaliklar bugun jahonning bor-yoʻgʻi 39 davlatiga chiqa olishlari maʼlum boʻlgan.

Fuqarolariga dunyoning 23 tagina mamlakatiga chiqishga izn berishi bilan qoʻshni Afgʻoniston pasporti dunyodagi eng kuchsizi boʻlib chiqqan.

Jahonning eng kuchsiz pasportlari oʻnligidan Afgʻonistondan tashqari Pokiston, Iroq, Suriya, Somali, Efiopiya, Janubiy Sudan, Shri Lanka, Bangladesh, Sudan, Eritreya, Eron, Liviya, Nepal, Falastin va Livan oʻrin olishgan.

Ayni oʻrinda taʼkidlash joiz, biror bir MDH davlati pasportining qanchalik qudratliligi bobida yuqori oʻntalikka kirolmaslik barobarida quyi oʻnlikka ham tushishmagan.

Arton Capital shirkati oʻz tadqiqoti qamrab olgan davlatlardagi viza cheklovlarining darajasiga qarab bu kabi xulosaga kelgan.

Yaʼni, kuchi, deganda, pasportlar dunyoning nechta davlatiga vizasiz kirishga izn berishi koʻzda tutilgan.

Yangi reyting esa, Xalqaro Havo naqliyoti agentligi va boshqa manbalar maʼlumotlari asosida tayyorlangani aytiladi.

Ammo bu xususda yillik asosda tadqiqot olib boruvchi turli xalqaro tadqiqot markazlarining oʻz xulosalariga tayanilsa, "hozirga kelib, dunyoning deyarli barcha davlatlari oʻz hududlariga sayohat qilish istagida boʻlgan oʻzga mamlakat fuqarolaridan viza talab qilishga oʻtishgan".

Ular buning sababini viza cheklovlari globallashib borayotgan dunyoda xorijiy fuqarolarining chegaraosha harakatlanishini nazorat etishda muhim oʻrin tutishi bilan izohlashgan.

Chiqish vizasi

Image copyright BBCUzbek
Image caption Chiqish vizasi

Ayni oʻrinda shuni ham taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston MDH davlatlari orasida oʻz mustaqilligini eʼlon qilishi ortidan ham chiqish vizasi tartibini amalda saqlab qolgan yagona mamlakatdir.

Mahalliy kuzatuvchilar va inson huquqlari faollari esa, mavjud vaziyat sababini rasmiy Oʻzbekistonning oʻz fuqarolarini qatʼiy nazorat ostida tutib turish istagi bilan izohlashadi.

Ularga koʻra, chetga borib, erkin jamiyat tajribasini koʻrib, fikrlashi oʻzgarib qaytishi ehtimoli boʻlgan fuqarolarini amaldagi tuzum oʻzi uchun tahdid sifatida ham koʻrishi mumkin.

Faollarning nazdlarida, har ikki yilda yangilanishi shart boʻlgan chiqish vizasi oddiy oʻzbekistonliklarni davlat idoralariga bogʻlab qoʻyadi.

Oʻzbekistondagi ogʻir iqtisodiy vaziyat, risoladagidek ish topish imkoniyatlarining haminqadarligi va globalizatsiya jarayoni sabab, soʻnggi yillarda oʻzga yurtlarni ixtiyor etayotgan insonlar soni keskin ortarkan, chiqish vizasi tartibi fuqarolar orasida eng koʻp muhokama etilayotgan mavzulardan biriga aylangan.

Faollar, oʻz oʻrnida, agar Oʻzbekistonda chiqish vizasi tartibi bekor qilinsa, insonlar bemalolroq harakat qilish huquqini qoʻlga kiritishlari, buning ham davlat va ham insonlarga foydasi boʻlishini taʼkidlashadi.

Ular amaldagi chiqish vizasi tartibi mamlakat konstitutsiyasiga zid bir amal ekanini ham urgʻulashadi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viberda - telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring