Uzoq umr: mehnat va rohat uygʻunligi

100 yil yasharmikanmiz? Image copyright Thinkstock
Image caption 100 yil yasharmikanmiz?

100 yil yasharmikanmiz? Ammo biz yashamasak ham farzandlarimiz va nabiralarimiz bir asr yashashlari ehtimoli yuqori ekan...

Davosdagi Jahon Iqtisodiy forumida hammaning ogʻzida Tramp, Xitoy va yo Breksit edi.

Amml uzoq umr koʻrish masalasi ham qorga belangan bu togʻ shaharchasida eng qaynoq mavzulardan biri edi.

Soʻnggi tadqiqotlarga koʻra, 2000 yildan keyin Britaniya, AQSh, Kanada, Frantsiya, Germaniya kabi taraqqiy topgan davlatlarda tugʻilganlar 100 yosh va hatto bundan ham uzoqroq umr koʻrishlari mumkin boʻladi.

Boshqacha aytganda, masalan, 19 asrdan beri har oʻtgan oʻn yilga oʻrtacha umr koʻrish ikki yarim yildan oshib borgan.

Bu haqda Demografiya instituti xodimi Jim Vaupel aytmoqda.

Gap shundaki, u soʻnggi 150 yilda insonning oʻrtacha umr koʻrish oʻzgarishlarini tadqiq qilib chiqqan.

Tabiiyki, insonning uzoq umr koʻrayotgani haqida xabarlar quvonarlidir.

Ammo bu qancha uzoq umr koʻrsak, shuncha koʻp ishlash kerak boʻladi deganidir.

"Agar umrimizga 30 yil qoʻshilsa va 60 yoshdan nafaqaga chiqadigan boʻlsak...biz hozirgidan koʻra besh karra koʻproq ishlashimiz kerak boʻladi. Bu esa nafaqa yoshini tubdan isloh qiladi", deydi ayni mavzuda Davosda maxsus yigʻinga raislik qilgan Linda Gratton.

Linda London Business School professori, psixolog olim va ayni mavzusda kitob muallifi.

Linda Grattonga koʻra, odamlar umrlarini uch qismga boʻlishga oʻrganib qolishgan.

Bular taʼlim olish, ishlash va nafaqaga chiqish yillaridir.

Ammo olimaga koʻra, uzoqroq mehnat qilish aslida ish va shaxsiy hayot oʻrtasida yaxshigina muvozanatni yaratishi mumkin.

Masalan, agar nisbatan uzoqroq ishlaydigan boʻlsangiz, unda farzandlar tarbiyasi va yo keksa ota-onaga qarash uchun bemalol bir-ikki yil tanaffus qilish mumkin.

Chunki 60 yoshdan nafaqaga chiqish shart boʻlmay qoladi.

Keksa amerikaliklar uchun lobbi guruhi sanalgan, notijoriy AARP tashkiloti rahbari Jo Ann Jenkisga koʻra, amerikaliklarning koʻpchiligi hozirdayoq nafaqa yoshidan keyin ham ishlay boshlashgan.

2012 yilda AQShdagi ishchilarning uchdan bir qismi 50 yoshdan yuqori amerikaliklar boʻlishgan.

2022 yilga kelib bu koʻrsatkich umumiy ishchi kuchining 36% tashkil qilishi kutilmoqda.

Yangi dorilar

Ammo keksayganingizda salomatlikni ham saqlab qolish muhim masalaga aylanadi.

Yaponiya dori-darmon shirkati Takeda rahbarlaridan biri Kristof Uyeberga koʻra, bu mamlakatda 60 yoshdan oshganlar aholining chorak qismini tashkil qiladi.

Uzoq umr koʻrish degani bu, Kristof Uyeberning aytishicha, dimentsiya kabi xastaliklarning ham koʻpayishini anglatadi.

Mehnatga layoqatning kushandasi sanalgan bu kabi kasalliklarga qarshi kurash, yangi dori-darmon ishlab chiqish masalasi ham kun tartibidadir.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viberda - telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring