Tok yo tappi: Oʻzbekiston - eng orqada

Samarqanddagi bir xonadon Image copyright Ozodlik
Image caption Oʻzbekiston hatto Samarqandga ham uzluksiz tok uzatishni eplolmayapti.

"Kayfiyat nol. Svet yana oʻchdi. Bir kunda naq oʻn marta oʻchadi" - ijtimoiy tarmoqda Samarqanddagi elektr taʼminotini tasvirlaydi shaharlik Guloro Aripova.

"Televizor ham kuyib ketdi. Bir nafaqaga televizor olib boʻlmasa" - qoʻshib qoʻyadi nafaqaxoʻr onaxon - "Yongʻin xavfi kuchayib ketdi".

Maʼlum boʻlishicha, qishning chillasida Samarqandda tok kuniga 8-9 marta ham oʻchmoqda.

Ayrim shikoyat qilganlarga goʻyo avariya boʻlgani haqida aytilgan, lekin ikkinchi haftaki mamlakatning ikkinchi yirik shahri va dunyoga mashhur Samarqand tok bilan tuzuk taʼminlamayapti.

Internetda shahardagi zulmat tasvirlangan tasvirlar chiqqan.

Oʻzbekistonda sovuq va qorongʻu

Ijtimoiy tarmoqlarda fikr bildirayotgan boshqa oʻzbekistonliklar qishloqlar u yoqda tursin, hatto qator viloyat markazlarida ham tok uzilayotgani haqida yozishmoqda. Ayrimlar Toshkentning ham baʼzi mavzelarida kechqurun tok oʻchayotgani haqida yozishadi.

Qishloqlarda ahvol yanada yomon, gaz yoʻq, tok kuniga 3-4 soat.

Xullas, Oʻzbekiston hukumatining "zoʻr rivojlanyapmiz" degan chorak asrlik gapi puch va yolgʻon boʻlib chiqmoqda.

"Soat 19.00dan beri butun tumanda chiroq yoʻq. Ayni kechki ovqat yeydigan, yangilik koʻradigan payt".

Muallim Bahodir Eliboyev Fargʻonaning Rishton tumanidagi ahvolni ana shunday tasvirlaydi.

Soʻnggi yillari Oʻzbekiston qishloq hududlariga markazlashgan holda, quvurlar orqali gaz yetkazib berish deyarli toʻxtatilgan.

Hozirda suyultirilgan gaz balonlari sotib olish mumkin. Lekin ularda isinolmaysiz.

"Hechsa, oʻquv yurtlarida isitish, jilla qursa, yoritish tizimini yaxshilash kerak" - yozadi maktabidagi ahvolni ichdan biladigan rishtonlik oʻqituvchi.

"Oʻquvchilarga pechka qurdirib, oʻtin keltirish bilan ish bitmaydi. Tutuni oʻpkasiga zarar..."

Tojikistonda charogʻon

Oʻzbekistonliklar gaz va tokka yolchimay, oʻtin, koʻmir va tappiga koʻz tikib qolayotgan mintaqadagi yagona xalq boʻlib qolishdi.

Chunki mintaqadagi eng kambagʻal davlat - Tojikiston ham oʻz aholisini 24 soat elektr bilan taʼminlashni boshladi.

"Hozir kun boʻyi chiroq oʻchmaydi. Uzilishsiz olayapmiz" - deydi shimoliy Tojikiston qishloqlarida yashovchi kishi.

Prezident Rahmon oʻtgan hafta mamlakatda endi tok uzilmasligini aytganidan beri, elektr oʻlchab beriladigan qishloq hududlariga toʻxtovsiz elektr uzatilmoqda.

Kuniga bir necha soatdan tok oʻlchab berish, Tojikistonda endi tarixga aylanishi mumkin.

Kulsammi, yigʻlasammi?

Oʻzbekiston bugun Xitoy va Rossiyaga katta hajmda gaz, Afgʻonistonga esa elektr sotadi. Soʻnggi yillari eksport hajmi koʻpaymoqda.

Koʻpchilik gaz va svet chetga sotilayotgani tufayli xalq energiyasiz qolmoqda, deb ishonadi.

Image copyright Ferghananews.com
Image caption Oʻzbekistondan tashqari barcha davlatlar xalqini 24 soat elektr bilan taʼminlamoqda

"Oʻzbekenergo" esa oʻtgan yili avvalgidan 4%koʻp elektr quvvati ishlab chiqilganini aytgan.

Goʻyo Oʻzbekiston xalqining ehtiyojidan ortib, Afgʻonistonga ham sotilmoqda.

Afgʻonistonga elektr sotilayotgani rost. Ammo aksar Oʻzbekiston xalqi bugun "sigirining ketiga koʻz tikib qolgan". Tappi uchun, albatta.

"Bu masalada soʻraganimda transformatorlar eski, katta bosimni koʻtara olmaydi, deb javob berishgan" - izohlaydi Bahodir Eliboyev ham - "Chunki gaz yoʻq, odamlar ovqat yo isinish uchun ham tokni qoʻshishadi".

Oʻzbek rasmiylari elektr quvvati ishlab chiqaruvchi yo taʼminlovchi yuzlab inshoot va qurilmalar taʼmirlanganini ham aytishgan

Lekme Osiyo Taraqqiyot Bankiga koʻra, Sovet davridan qolgan energiya ishlab chiqaruvchi yo uzatuvchi inshootlar mustaqillik yillari taʼmirlanmagan.

Oʻtgan 26 yil davomida esa Oʻzbekiston xalqi isteʼmol qilayotgan energiya yil sayin kamayib kelmoqda.

Jahon Banki hisob kitoblariga koʻra, 1990-2013 yillar oraligʻida oʻzbekistonliklar aholi jon boshiga ishlatgan elektr quvvati oʻrtacha 30% qisqargan.

Yechim bormi?

Energiya muammosi oʻtkirligini hozir Prezident Mirziyoyev tan olib, uni hal etish zarurligini aytmoqda.

Biroq muammo qanday va qachon hal boʻladi - nomaʼlum.

Taqchillik sababi chet ellarga sotilayotgan gaz hajmi kattaligi boʻlsa, unda Oʻzbekiston mavjud shartnomalarni buzib, avvaliga oʻz xalqini taʼminlashi zarur. Biroq xalqaro shartnomalarni buzish ham oson yo manfaatli emas.

Boshqa yoʻli - mahalliy bozor uchun elektr hamda gaz ishlab chiqarishni tezda va keskin koʻpaytirish.

Lekin Oʻzbekistonning hozirgi gaz boyliklari jadal ozaymoqda va kelasi chorak asrda tugashi mumkin.

Ayni damda, Oʻzbekistonda uran qazib olinadi.

"Oʻzbekiston atom elektr stantsiyasi qurishi kerak" - deydi Toshkentdan sobiq energetika vaziri Anvar Husaynov - "Bu ishni Rosssiya amalga oshirmasa, Gʻarb bilan birga qilish mumkin".

Ammo atom quvvati - Oʻzbekiston hukumati hali koʻrib ham chiqmayotgan bir xayol.

Rejalanayotgan quyosh energiyasi majmualari esa qachon bitib, ehtiyojning qancha qismini qoplashi ulkan savol ostida.

Image caption Uzoq yillar elektr va yoqilgʻidan qiynalgan Tojikistonda endi chiroq oʻchmayapti

Prezident Mirziyoyevning soʻnggi nutqiga qaralsa, birgina "Oʻzbekneftgaz" shirkati tizimiga 2010-2016 yillarda 20 milliard dollarlik katta kapital qoʻyilmalar kiritilgan, biroq suyuq uglevodorod va tabiiy gaz qazib olish kamaygan.

Ayni raqamlar aholi gaz taʼminotiga qanchalik salbiy etgani nomaʼlum. Chunki qishloq joylarida gaz taʼminoti shundoq ham tarixga aylanib boʻldi.

Hammadan orqada

Hozir Oʻzbekistondagi abgor energiya taʼminotini yoqilgʻi zaxiralari katta Qozogʻiston yo Turkmanistonga solishtirib ham boʻlmaydi.

Hatto oʻz energiya boyligi yoʻq ikki kambagʻal qoʻshni - Qirgʻiziston va Tojikistondagi ahvol ham Oʻzbekistondan koʻra ancha yaxshi.

Bu davlatlar bir necha yillar oldin aynan Oʻzbekiston hukumati gaz va elektrni uzib qoʻyganidan keyin qattiq qiynalishgandi.

Ular rejalagan ulkan GESlarni qurib bitkazishmadi.

Biroq yuzlab million dollarlik qarzga botishsa ham, aholi uchun energiya taʼminotini yaxshiladilar.

Qirgʻizistonda nafaqat Bishkek, balki Oʻsh va Jalolobod kichik kabi shaharlarda elektr kecha-kunduz uzilmaydi. Tojikiston ham Dushanbedan ortib, Xoʻjandni taʼminlamoqda.

Oʻzbekistonda esa hatto Samarqand kabi dunyoga mashhur shaharga tuzuk tok uzalitmayapti.

Prezident Rahmon ham, Atamboyev ham aksar xalqimni elektr bilan taʼminladim, deb maqtana olishadi.

Oʻzbekistonda esa Shavkat Mirziyoyev hali yaqin kelajakda oʻzbek xalqiga elektr quvvati yo gazni toʻliq yetkazib bera olishi - amrimahol.

Ungacha esa aksar oʻzbekistonliklar puli boʻlsa koʻmir olib, boʻlmasa tappi yoqib yashaga majbur.

Siz bu haqda nima deb oʻylaysiz?

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq