Federatsiya: "Denis bizning yulduzimiz, qoʻngʻiroqlar toʻxtamayapti"

Oʻyindan soʻng Denis Istomin oʻz gʻalabasini kutmaganini aytdi Image copyright FILIP SINGER/EPA
Image caption Oʻyindan soʻng Denis Istomin oʻz gʻalabasini kutmaganini aytdi

Oʻzbekistonning birinchi raqamli tennischisi Denis Istomin Avstraliya ochiq chempionatining ikkinchi davrasida jahonning ikkinchi eng yaxshi tennischisi Novak Djokovichni magʻlub qildi.

Avstraliya ochiq chempionati "Katta Dubulgʻa" turkumidagi eng nufuzli toʻrt turnirdan dastlabkisidir.

Toʻrt soat va 47 daqiqa davom etgan uchrashuvda 31 yoshli Denis Istomin serbiyalik tennischidan har jihatdan ustunlik qilgani olqishlandi.

Bellashuv Denis Istominning 7:6, 5:7, 2:6, 7:6, 6:4 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi.

Bungacha oʻzaro uchrashuvlarda Istomin Novak Djokovichga besh marotaba yutqazgandi.

Oʻyindan soʻng Denis Istomin oʻz gʻalabasini kutmaganini aytdi:

"Novakka rahmim keladi, lekin juda zoʻr oʻynaganimdan oʻzim ham hayratlandim. Hammaga minnatdorchilik bildiraman. Uchinchi setda oyogʻimning tomiri tortishib qoldi, lekin qanday qilib gʻalaba qozonganimni anglay olganim yoʻq", - dedi u.

Istomin endi uchinchi davrada oʻynaydi.

Ayni damda BBC bilan suhbatda Oʻzbekiston Tennis federatsiyasi vakili Istominning gʻalabasidan hammaning boshi osmonga yetganini bildirdi.

Federatsiyaning xalqaro boʻlimi mutaxassisi Gavhar Azimovaning aytishicha, Denis Toshkentda va Moskvada toʻxtovsiz mashgʻulotlarni olib borgan.

"U Toshkentda va Moskvada trenirovka qiladi, lekin oxirgi paytlarda bir turnirdan ikkinchisiga safar qilib toʻxtamadi. Avstraliya ochiq turniriga ham u Avstraliyadagi boshqa turnirdan oʻtib bordi. Butun federatsiyamiz bilan Istomin-Djokovich oʻyinini jonli tomosha qildik. Gʻalabani kutmagandik, lekin u juda oʻz ustida juda ham qattiq ishlaydi. Onasi Klavdiya Istomina uning murabbiysi. Denisni Oʻzbekistonda ham yulduz deb biladi, shuning uchun bugun telefon qoʻngʻiroqlari toʻxtamayapti, hamma bizni tabriklayapti. Biz juda xursandmiz. Denis juda mehribon va koʻngilchan odam", - dedi Gavhar Azimova.

Denis Istomin 1986 yilda Rossiyaning Orenburg shahrida tugʻilgan, lekin uch oyligida uning oilasi Oʻzbekistonga koʻchib oʻtgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring