Oʻzbekiston chiqish vizasini bekor qilmoqchi

Chiqish vizasi

Oʻzbekiston hukumati xorijga chiqish uchun ruxsatnoma (stiker) rasmiylashtirish tartibini bekor qilish va oʻrniga xorijga chiqish pasportini joriy etishni rejalamoqda.

Bu haqda hukumat portalida eʼlon qilingan Harakat dasturining "Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini taʼminlash" bandida aytilgan.

Chiqish vizasining bekor qilinishi uchun aniq muhlat koʻrsatilmagan, ammo ayni tadbirni bajarish muddati 2017 yilning 3-choragi etib belgilangan.

Shu tariqa hukumatning pasport-viza, xorijga chiqish va kirish tizimini takomillashtirish rejasi amalga oshirilgani taqdirda, Oʻzbekistonda qator mamlakatlarda boʻlgani kabi, ikki pasport-ichki va xorijga chiqish pasporti amal qila boshlaydi.

Xorijga chiqish uchun pasportning qancha muddatga berilishi maʼlum emas.

Harakat dasturida oʻzgarishlardan koʻzlangan maqsad, jumladan, "xorijga chikuvchi fuqarolarga qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning huquq va erkinliklari kafolatlarini mustahkamlash" ekani taʼkidlangan.

Shuningdek, unda "jismoniy shaxslar uchun bojxona hududiga kirib kelish va uni tark etish boʻyicha "yashil" va "qizil" yoʻlak tizimini amaliyotga tadbiq etish" koʻzda tutilgan.

Oʻzbekiston konstitutsiyasi fuqarolarning mamlakat ichkarisi va tashqarisida erkin harakat qilish huquqini kafolatlashiga qaramay, sovet davridan qolgan chiqish vizasi amalda saqlanib qolgan.

Xorijga chiqishni nazorat qilish tizimi mamlakatdagi eng korruptsiyalashgan tizimlardan biri sifatida koʻriladi.

Xorijga chiqish uchun stikerlar rasman Ichki ishlar vazirligining boʻlinmalari tomonidan rasmiylashtirilsa-da, amalda ruxsat Milliy Xavfsizlik Xizmati tomonidan berilishi maʼlum.

Oʻzbekiston hukumati amaldagi tartibdan siyosiy muxolifat faollari va oʻzgacha fikrlovchilarni nazorat qilish, ularning xorijga chiqishini cheklashda foydalanib kelgan.

"Qora roʻyxat"dagi fuqarolarga "xorijga chiqishi maqsadga muvofiq emasligi" borasidagi raddiya xatlari beriladi.

Harakat dasturidan anglashilishicha, bundan buyon fuqarolarning xorijga chiqishi faqat sud qarori asosidagina cheklanishi mumkin.

Oʻzbekiston oʻz fuqarolarining xorijga safar qilishini cheklovchi dunyodagi ikki davlatdan biri, sobiq shoʻro hududidagi yagona davlat hisoblanadi.

Avvalroq bir guruh oʻzbekistonliklar chiqish vizasini bekor qilish yuzasidan internetda petitsiya boshlashgan, unga minglab oʻzbekistonliklar imzo qoʻyishgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring