Qozogʻistonda yuzlab neftchi ochlik eʼlon qilgan

Qozogʻiston Image copyright KSPK.ORG
Image caption Ochlik eʼlon qilgan ishchilar soni 700 kishiga yetgan

Qozogʻiston mahkamasi mamlakat gʻarbidagi Oil Construction Company shirkati ishchilarining ochlik aktsiyasini "noqonuniy" deb topgan.

Chimkent shahar sudining Mustaqil kasaba uyushmalari Konfederatsiyasini tugatish haqida 4 yanvar kuni chiqargan qaroridan norozi ishchilar ochlik eʼlon qilishgan.

Aqtau shahridagi 2-sonli mahkama Aqtaudagi shirkat binosini zudlik bilan boʻshatib qoʻyishga buyruq bergan.

5 yanvar kuni Oil Construction Company shirkatining Aqtaudagi bir necha oʻn ishchilari shahar hokimiyatiga 15 yanvardan boshlab muddatsiz rasmiy ochlik aktsiyasini oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qilishgan.

15 yanvar kuni ochlik aktsiyasi qatnashchilarining soni 400 kishiga yetgan.

Shirkatning neft qazib olish maydonida ishlayotgan boshqa ishchilari ham ochlikka qoʻshilganlar.

Chorshanba kuni esa Janaozendagi "Ozenmunaygaz" shirkati tarkibiga kiruvchi kasaba uyushmasi xodimlari ham qoʻllab-quvvatlashgan.

Kasaba uyushmasi faollariga koʻra, hozirda ochlik eʼlon qilgan ishchilar soni 700 kishiga yetgan.

BBC bilan suhbatda Oil Construction Company shirkati vakili ochlik aktsiyasi davom etayotganini tasdiqladi, ammo unda ishtirok etayotgan ishchilar soni va muzokaralar tafsilotlari borasida maʼlumot berishdan bosh tortdi.

Oil Construction Company mustaqil kasaba uyushmasining 1600 dan ortiq aʼzosi borligi aytiladi.

2011 yil dekabrida mamlakat gʻarbidagi Janaozen shahrida neftchilar va politsiya oʻrtasida toʻqnashuvlarda 16 kishi halok boʻlgan, 100 dan ortiq odam yaralangan.

7 oy davomida ish tashlagan neftchilar maoshlarining oshirilishi va ish sharoitlarining yaxshilanishini talab qilgan edilar.

Ammo ish beruvchilar neftchilarning talablariga ularni ishdan boʻshatish bilan javob qaytarishgan.

Shahardagi binolarga oʻt qoʻyilgan, doʻkon va banklar talon taroj qilingan.

Mahkama jarayonida koʻpchilik guvohlar qiynoqlar ostida koʻrsatma berishga majburlanganliklarini aytishgan.

Prezident Nazarboyev voqealar xorijdan aralashuv natijasida sodir boʻlganini aytgan.

Ayni paytda Qozogʻiston armiyasi mamlakat janubida yirik harbiy mashqlarni oʻtkazgan.

Mashqlarda 1500 ming askar va 200 ta harbiy mashinalar qatnashayotgani xabar qilingan.

Rasmiylarga koʻra, mashqlar chogʻida qurolli kuchlarning jangovar hozirligi sinovdan oʻtkazilgan.

Kelayotgan kunlarda Qozogʻiston Suriyadagi tinchlik muzokaralari boʻyicha yirik xalqaro anjumanga mezbonlik qilishi kutiladi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring