Shavkat Mirziyoyev qanday deputat boʻlgan edi?

Oʻzbekiston
Image caption 1990 yildagi Oliy Kengashga saylov mustaqil Oʻzbekiston tarixidagi saylovlardan farqli boʻlgan

Men Shavkat Mirziyoyev bilan 1989 yilda tanishganman. Oʻshanda u Irrigatsiya institutida oʻqituvchi boʻlib yurgan kezlar edi. Gorbachevning oshkoralik yillari. Men Oʻzbekiston Yozuvchilari uyushmasida org. sekretar edim.

Bir kuni sinfdoshim, texnika fanlari doktori, professor Abdurahmon Rajabov va doʻstim, Irrigatsiya instuti prorektori Sodiq Xoliqulov mening oldimga kelishdi va Kuybishev (hozirgi Mirzo Ulugʻbek) tumanidan Duxovniy (Oʻrta Osiyo Irigatsiya ilmiy tadqiqot instituti direktori), Ajiganov (Oliy Milisa maktabi direktori) va Mirziyoyev (Toshkent Irigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash instituti oʻqituvchisi)lar nomzodlari Oʻzbekiston Oliy Kengashi deputatligiga qoʻyilganini aytishdi

U zamonda Pushkin koʻchasi, 1-uyda joylashgan uyushma obroʻsi juda yuksak edi.

Abdurahmon Rajab mening milliy gʻururim har narsadan ustunligini bilardi. Shunga quyidagi tarzda soʻz boshladi

-Doʻstim, qachongacha yotlar xoʻjayin boʻladi, yurtimizda? Oʻzbekdan ham chiqsin -da, endi. Duxovniy degani ming yildan beri boshliq. Anavisi ham shunday...

-Kim u?

-General Ajiganov.

-Oʻzbekda yoʻq-da bundoq "gʻaroyib" kishilar? - ataylab kesatdim.

-Son mingta. Lenin Mukofoti laureati Toʻxtamish Boymirovning birgina oʻzi dunyoga tatigulik.

-Kadrlar masalasi mening qoʻlimda boʻlgan-da, oʻzim bilardim... - gapga qoʻshildi Sodiq.

-Mana bu saylov, menimcha, oʻz harakatimizga bogʻliq boʻladi.

-Har bir mahallada izchil, toʻgʻri tushuntirish olib borsak, yutib chiqamiz.

-Har bir xonadonda, - Sodiqni tuzatdi Abdurahmon, - sakson foiz aholi oʻzbek...

Image caption Yosh deputat Shavkat Mirziyoyev...

-Propagandaga shuncha odamni qayerdan topamiz?

- Oʻqituvchilar, yozuvchilar, talabalar...

-Mirziyoyev deganlaring shunga loyiqmi?

-Loyiq boʻlmasa, sening oldingga kelarmidik?

-U haqda biroz tushuncha ber, Abdurahmon.

-Millatni sevadi, vatanni sevadi, soʻzida turadi, ishlab charchamaydi.

-Tashkilotchi, - qoʻshimcha qildi Sodiq, - oʻzidan ketmagan, yerda yuradi. U adabiyotga ham qiziqadi. Sening "Oʻlmas qoyalar" romaning bilan "Bogʻdon qashqiri" qissangni ham oʻqigan.

-Oʻzingdan qoʻshma.

-Ishonmasang, ishonma. Kitob oʻqimagan odam, odammi?

-Mirziyoyevni oʻz koʻzim bilan koʻray, soʻng...

Tirik boʻlsam, balki, Shavkat Miromonovich bilan tanishganim va saylov jarayoni tafsilotlarini ikir - chikirigacha yozarman. Hozir maqola mavzusi va hajmi buni koʻtarmaydi. Shunga qisqa bayon bilan cheklanaman...

Mirziyoyev bilan talay marta qoʻnishganimdan keyin men Abdurahmon va Sodiq fikrlariga qoʻshildim. Shundan soʻng, uyushma raisi Odil Yoqub bilan kengashdim.

-Har qalay, oʻzimizdan chiqqani maʼqul, - dedi Odil Yoqub, - qamchini bos!

-Siz ham qarab turmassiz, Odil ogʻa.

-Menimcha, kurash oson kechmaydi. Duxovniy ham, general ham katta figuralar. Orqalarida ham timsohlar turibdi...

- Biz yerlimiz! Aholining xohish - irodasiga tayanib ish koʻramiz...

-Men ham shunga umid qilaman...

Shavkat Mirziyoyevning nomzodini qoʻllab - quvvatlash uchun uchta shtab tashkil qilindi:

Irrigatsiya insituti binosi,

"Sayohat" mehmonxonasi,

Abdurahmon Rajabning Lunacharskiy markazidagi (hozirgi nomi Shoʻrtepa) endi qurib bitkazilayotgan uyi. Targʻib uchun men vaqti-vaqti bilan avtoulovlar ajratib turdim. Yordamchilarim: Mamadali Eron, Ravshan Latif, Tursun Turklar har kuni ijodkorlar va faol talabalar bilan birga mahallalarga borishar, Mirziyoyevni deputat qilish uchun yigʻinlar oʻtkazardilar.

Odil Yoqub, Shukrullo, Ramz Bobojon, Mirmuhsin, Toʻra Mirza, Hamroqul Asqar, Choʻlpon Ergash, Rauf Parfi, Maʼruf Jalil, Zohir Aʼlam kabi adiblar saylovoldi jarayonida koʻp jonkuyarlik qildilar.

Kurashda Shavkat Mirziyoyev nomzodini qoʻllaroq:

Yusuf Juma (AQSh),

Safar Bekjon (Shvetsariya),

Anvar Usmon (Olmoniya)lar ham qatnashganlar.

Muhammad Solih ham (Turkiya) adashmasam jarayonda ishtirok etgan, sheʼrlar oʻqigan.

Har kecha biz (Abdurahmon, Sodiq, men...) targʻib ishlari qay tarzda kechayotgani haqida shtatlarda toʻplanti oʻtkazib turdik...

Tubi Keshlik boʻlgan buyuk turk shoiri Mirza Bedil koʻp yuz yillar oldin tengsiz bir toʻrtlik yozgan:

Bu kurash olami tajribasida

Har narsani yechar hikmat aslida.

Bunda inson jahdi qoʻshilmas har on

Qoʻshilsa osmonni koʻr yer ostida...

Ulugʻ bobomning shu fikridan kelib chiqqan holda deyman: el ongiga toʻgʻri gʻoya singdirilsa, el shu gʻoya ostida birlashadi va yengilmas kuchga aylanadi. Buni biz amalda sinab koʻrdik. Oydinlarimiz Shavkat Mirziyoyevning hayot, faoliyatini aholiga (Mirza Ulugʻbek tumani eliga) toʻgʻri tushuntira bildilar. Shu sababli orqalarida ulkan kuchlar tursalar - da:

Duxovniy yengildi.

Ajiganov yengildi.

Aytish mumkinki, general mardlarcha taslim boʻldi. U oʻzini yoqlagan kishilarga: "Bu yigitda bir xislat borday, yuzida nur shuʼlalanadi, sezgim aldamasa, uni Xudo siylaydi", - deydi va ovozlarni Mirziyoyevga ogʻdiradi.

Shavkat Mirziyo tengsiz kurashda gʻolib chiqadi. Bunda, shubhasiz Irigatsiya instituti olimlari (Abdurahmon Rajabov, Sodiq Xoliqulov, Oʻktam Umrzoqov, Shukrullo Yoʻldoshev, Anorboy Sultonov...) ning va nomlari qayd etilgan yozuvchilarning sezilarli xizmatlari bor.

Men shuni alohida urgʻu bilan aytishni joiz deb bilaman: Shavkat Mirziyov ilk bor olimlar va yozarlarning oq fotihalari ila boʻronli hayotga qadam qoʻydi. Men taniganim - aksar oydinlarning fikrlaricha, qadami qutlugʻ boʻlmoqda.

El uchun,

Yurt uchun.

Menimcha, u olimlar bilan yozarlarni kam qilib qoʻymaydi. Yaqinda kechgan akademiklar bilan uchrashuv shundan bir dalolatdir. Yigirma besh yil koma holatida yotgan akademiya koʻzini ochdi.

Umid qilaman: 97 yoshli Shukrullo bobo (Xalq shoiri) "oʻlik" deb bilgan yozuvchilar uyushmasi ham tiriladi. "Vatani" (binosi) ham qaytariladi. Ommaviy - axborat vositalari tizimlari ham jonlanadi. Vaqt-soati bilan...

Blog mualliflarining fikri BBC tahririyati fikrini aks ettirmaydi.