Prezident Tramp: Ilk farmonlar va norozilik namoyishlari

Image copyright Reuters

AQSh Prezidenti Donald Tramp olti yil muqaddam qabul qilingan va "Obamaker" nomini olgan sogʻliqni saqlash tizimini pirovardida bekor qilishga qaratilgan farmonni imzolagan.

Unga muvofiq, sogʻliq muassasalariga "tartibga solish" ishlarini yengillashtirish koʻzda tutiladi.

U shuningdek, Senatga oʻz maʼmuriyati aʼzolarini tayinlashga doir takliflarini yoʻllagan.

Tramp saylovoldi vaʼdalariga binoan, oʻz oʻtmishdoshining katta bahsu munozaralarga sabab boʻlgan islohotlarini bekor qilish niyatida.

2010 yilda qabul qilingan sogʻliqni saqlash tizimidagi islohotlar kam taʼminlangan oilalarga tibbiy sugʻurtalarini subsidiyalashni nazarda tutadi.

Ayni islohotlar tufayli tibbiy sugʻurtaga ega boʻlgan amerikaliklar soni 20 million kishiga oshgan.

Islohotlarga qadar AQSh aholisining 85 foizga yaqini tibbiy sugʻurtaga ega boʻlgan boʻlsa, hozirda bu taqriban 91 foiz aholini qamrab oladi.

Yangi tibbiy sugʻurta egalarining aksariyat koʻpchiligi davlatdan dotatsiya oladi.

"Obamaker" doirasida hamma tibbiy sugʻurta sotib olishga majbur, aks holda yiliga 995 dollar jarimaga tortiladi.

Qonun 2010 yilda, oʻsha payt Kongressda aksariyat koʻpchilikni tashkil etgan demokratlar tomonidan qabul qilingandi.

Keyinroq Kongressda nazorat oʻrnatgan respublikachilar bir necha bor qonunni bekor qilish uchun ovoz berishgan, ammo Prezident Obama ularga veto qoʻygan edi.

Hozircha Tramp ushbu qonunga muqobil hech narsa taklif qilmagan, u Prezident Obama bilan uchrashuvdan soʻng, tibbiy sugʻurtaning ayrim unsurlarini saqlab qolishga tayyorligini aytgan edi.

Prezidentlik vazifasiga kirishishi bilanoq Donalьd Tramp yangi maʼmuriyat aʼzolarini tayinlashga doir takliflarini Senatga yoʻllagan.

Avvalroq Senat Jeyms Mettisni AQSh mudofaa vaziri lavozimiga tayinlagani maʼlum boʻlgan edi.

Ayollar Trampga qarshi

Ayni paytda AQSh, Avstraliya, Yangi Zelandiya va Yaponiyada ayollarning Donald Trampga qarshi namoyishlari rejalangan.

Sidneydagi norozilik yurishida uch mingga yaqin odam ishtirok etgan, ular AQSh konsulligi binosiga qarab yurishgan.

Dunyo boʻylab 700 ga yaqin norozilik yurishlari rejalangan.

Image copyright Getty Images

Bugun kechroq Londonga namoyishda bir necha ming kishi ishtirok etishi kutilmoqda.

Eng katta namoyish Vashingtonda oʻtadigan, unda 200 ming odam qatnashishi aytilgan.

Saylovoldi jarayonlarida Tramp ayollarni jinsiga qarab kamsitgani daʼvo qilingandi.

AQShning oʻzida Trampning qasamyod marosimi ortidan norozilik namoyishlari boʻlib oʻtgan.

Siettldagi namoyishda politsiya oʻt ochgan, bir kishi yaralangan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring