Bi-bi-siga aytaman: “Qishlog'imizning 70 foizi dangasa...”

Image copyright Hisor.uz
Image caption Miroqi

Salom, Vatandos

Ehtimol, bugun meni qiynayotgan muammolar senga ham tanishdir. Balki Suriyadagi urushni ro'kach qilarsan va meni "noshukr" deya so'kib qo'yarsan... Mayli, men roziman, lekin erinmay yozganlarimni oxirigacha o'qi, iltimos.

Men bir o'zbekman, qashqadaryolikman, shu o'lkada tug'ildim, voyaga etdim. Amir Temurning shahri Shahrisabzdan yigirma chaqirimcha uzoqda, tog' bag'ridagi shaharcha - Miroqi mening ona vatanim.

Rizqimni imkon qadar shu shaharchadan teraman, qolganini esa Rossiyadan...Topganlarimni shu erga olib kelaman, yaqinlarim bilan bo'lishaman.

Men bir paytlar Karimov aytgan "dangasaman", ochig'i menga o'xshaganlar Miroqining etmish foizini tashkil qiladi desam ham ishonaver.

Rossiyadan qaytganimga hali ko'p bo'lmadi, ammo ochig'ini aytsam, o'zimizdagi "o'zbekchilikka" hech ko'nikolmayapman.

Ba'zi o'rtoqlarim Rossiyada qishda ham qolib ishlayapti, endi tirikchilik buyog'i...Men nima uchun "o'zbekchilikka" ko'nikolmayotganimni oliftagarchilikka yo'ymang, shoshmang, sekin tushintiraman...

Adashmasam, Miroqimizda 5 ta maktab, 2 ta kollej, bitta poliklinika, sanatoriy, bolalar dam olish oromgohi, Muruvvat uyi va yana men bilmagan tashkilotlar bor.

Afsuski, sanaganlarimning birortasida inson uchun zarur sharoitlar mavjud emas.

Gaz yo'q, svet yo'q...

Balki bu "dangasa" siyosatga aralashayapti, ana rahbarlar hal qilsin bu muammolarni dersiz?

Bir gap aytaymi, shu rahbarlar yo xalqni o'ylamaydi va yo o'ylashni bilishmaydi.

Lekin hammaning og'zida bir gap.

"Rahbarlar pulni cho'ntakka urishni biladi,xolos".

"O'zbekchilik"

So'zim boshida bu atamani bekorga ishlatmadim. "O'zbekchilik" deganda biz tomonlarda hozir faqat so'mda emas, dollarda ham pora berish, bolalarga dars qilib olish uchungina fonarni yoqish, ertalab o'tin bilan pechkani yoqish, Xudo berib svet kelib qolsa, qaerda bo'lmang yugurib uyga kelish va hamma narsani zaryadka qilish kabi turfa amallar tushuniladi.

Men dangasa ba'zan zerikib, ayrim ma'lumotlarni to'plab boraman ham... Mana shu Miroqida gaz degan ne'mat oxirgi marta 2007 yilda bir ko'rinish bergandi, keyin uning "svet" degan sherigi ham kamnamo bo'lishni boshladi.

Lekin bayramlarda svetning "diydoriga" to'yamiz. Oxirgi marta 14 yanvarda svet sal uzoqroq turib berdi, keyin yana bir kunda bir soatga o'tib oldi.

Yaqinda Toshkentga o'tib keldim.

Qoyil! Bir kunda bir soat ham svet o'chmasa bo'ladimi?!

Maza qilib televizor tomosha qildim. O'qish deb kelgan edim, dangasalikka boribmi...o'qishni ham unutdim!

Behazil gapirsam, uch marta o'qishga hujjat topshirdim. Kirolmadim.

Ammo men bilan bir sinfni tugatgan, ota-onasi "yog'li" joyda ishlaydigan va ochig'i, ikki harfni zo'rg'a biri biriga urushtiradigan o'rtoqlar allaqachon universitetlarni gullatishmoqda.

Omadlari yoki o'zbekchilikka moslab aytsam - "dollarlari" bor ekan!

Mayli, hademay bahor keladi. Rossiyada ham kunlar isiydi.

Rossiya degan mamlakat yana dangasalarga quchog'ini ochadi.

Lekin men nima qilsam, cho'ntagimdagini sarflab, dangalini aytsam, porasini berib o'qishga kirsammikan?

Yoki ketvorsammi dangasalikka?

Nima deysan, zamondosh?

(Yozgan sayin yozgim kelayapti, ammo telefon qurg'urning batareykasi tugayapti. Svet yo'q!)

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.h!