Azimjon Asqarov ustidan hukm kuchda qoldirildi

Image copyright kloop.kg
Image caption Azimjon Asqarov sud hukmi ortidan ochlik e'lon qilgan

Qirg'izistonning Chuy viloyat sudi umrbod qamoq jazosini o'tayotgan jurnalist va inson haqlari faoli Azimjon Asqarovga nisbatan hukmni o'z kuchida qoldirgan.

"Azimjon Asqarovga nisbatan Jalolobod viloyat sudi tomonidan 2010 yilda chiqarilgan bir umrlik qamoq hukmi o'z kuchida qoldirilsin",- deya e'lon qilgan hukmni o'qib eshitttirgan Chuy viloyat sudi hakami Qidiq Junushpaev.

Guvohlarning bildirishicha, hukm e'lon qilinishi ortidan Azimjon Asqarov "ochlik e'lon qilaman" deya baqirishga ulgurgan, xolos.

Militsiya xodimlari uni tezda mahkama zalidan olib chiqib ketishgan.

BMTning Inson haqlari bo'yicha Oliy Komissari qirg'iz makamasi hukmini "o'ta tashvishli" deb atagan.

Zayd Ra'ad al-Husaynning so'zlariga ko'ra, hukm Qirg'iziston "adliya tizimidagi jiddiy kamchiliklarni" ko'rsatadi.

Asqarovning himoyachilari sud hukmi bilan "mutlaqo kelishmasliklari"ni aytishgan.

Hukmga munosabat bildirgan taniqli inson haqlari faoli Tolekan Ismailova "Azimjon Asqarov ertami, kechmi, baribir ozod etilishi"ni aytgan.

65 yoshli Azimjon Asqarov 2010 yil iyunidagi etnik zo'ravonliklar va militsiya xodimining o'limida ayblanadi.

Azimjon Asqarov hodisalar vaqtida zo'ravonliklar, jumladan, o'z qishlog'idagi uylarning yoqib yuborilganini videoga olib, internetda chop etishi ortidan hibsga olingan.

Qirg'izistonning barcha mahkama instantsiyalari Asqarovni aybdor, deb topgan.

Azimjon Asqarov so'nggi hukm ustidan Qirg'iziston oliy sudiga shikoyat qilish huquqiga ega.

Qayta mahkamada bir qator guvohlar avvalgi bergan ko'rsatmalaridan adashgan yoki qaytganlar.

Jabrlanuvchi ekani aytilgan Mыktыbek Sulaymanovning ayoli hodisa joyida Azimjon Asqarovni ko'rmaganini tan olgan.

Asqarovning himoyachisi Nurbek Toxtaxunov Qirg'iziston Oliy sudining 2011 yil 20 dekabrda chiqargan qarorini bekor qilish va Asqarovni qamoqdan ozod qilib, jinoiy ishini to'xtatishni so'ragandi.

O'tgan yil aprelida BMT Inson haqlari qo'mitasi Asqarov noqonuniy hibsga olingani va qiynoqqa solinganini aytib, jinoyat ishini qayta ko'rib chiqishni talab qilgandi.

Azimjon Asqarov masalasi BMTning sobiq Bosh kotibi Pan Gi Mun va Germaniya Kantsleri Angela Merkelning Qirg'izistonga tashriflari chog'ida ko'tarilgan.

Jumladan, o'tgan yil iyulida Merkel xonim Qirg'iziston prezidenti Almazbek Atambaev Azimjon Asqarov ustidan mahkamada shaffoflikni ta'minlashga va'da berganini aytgandi.

Prezident Atambaev esa Birlashgan Millatlar ekspertlarini Azimjon Asqarov ustidan mahkama jarayonida ishtirok etishga taklif qilgan.

Shu bilan birga, Atambaev BMTning Inson haqlari qo'mitasi Asqarovni ozod etishni talab qilmagani, balki uning "poymol etilgan huquqlarini qayta tiklash"ni tavsiya qilganini aytgan.

Azimjon Asqarovning ishi bois Qirg'izistonda konstitutsiyaga o'zgartishlar muhokama qilingan va Bishkekning AQSh bilan munosabatlari sovuqlashgan.

2010 yil iyunida O'sh va Jalolobodda yuz bergan zo'ravonliklarda jabrlanganlarning ham, jazolanganlarning ham ko'pchiligi o'zbeklar ekani aytiladi.

Voqealarda yuzlab inson halok bo'lgan, o'n minglab odamlar uylarini tashlab chiqishgan.

Hodisalarni o'rgangan xalqaro mustaqil komissiya O'shning o'zbek mahallalarida sodir etilgan zo'ravonliklar "mahkamada isbotini topgani taqdirda, insoniyatga qarshi jinoyatlarga tenglashtirilishi mumkin"ligini aytgan.

Qirg'iz parlamenti xalqaro komissiya xulosalarini rad etgan.

Qirg'iz hukumati zo'ravonliklardan keyingi mahkamalarda o'zbeklarning nishonga olinganini inkor etib keladi.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.