Korruptsiya: Oʻzbekiston eng yomon yigirmalikda

Oʻzbekiston Image copyright COURTESY

Bu kabi xulosaga dunyo boʻylab korruptsiya darajasini baholab boruvchi "Transparency International" xalqaro tashkiloti oʻzining yangi yillik hisobotida kelgan.

Oʻzbekiston bugungi korruptsiya holati tadqiq etilgan 176 mamlakat orasidan quyi yigirmalikdan joy olgan yagona sobiq Shoʻro davlati boʻlgan.

Tafsilotlari videolavhamizda - nazardan qochirmang.

"Transparency International" tashkilotining 2016 yil boshida eʼlon qilingan hisobotida Oʻzbekiston 168 mamlakat orasida 153-oʻrinni egallagan boʻlsa, bu yilgi roʻyxatda uch pogʻona quyi natija qayd etgan.

"Transparency International"ning xulosasi davlat sektoridagi korruptsiya darajasi borasida ekspertlar va biznesmenlar tomonidan berilgan baholarga asoslangan.

Agar, mazkur xalqaro tashkilotning yangi roʻyxatiga tayanilsa, Oʻzbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasidan eng korruptsiyaga botgani boʻlib chiqqan.

Hatto, shunda ham, mintaqa mamlakatlari ichida eng yaxshi natija qayd etgan Qozogʻiston 131-oʻrinda kelgan.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida korruptsiya darajasi boʻyicha Qozogʻistondan keyingi oʻrinlarni Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston egallashgan.

Turkmaniston 154-oʻrin bilan yangi roʻyxatda Oʻzbekistondan ikki pogʻona yuqori natija qayd etgan.

Image copyright AFP
Image caption Turkmaniston

Turkmaniston bilan birga 154-oʻrinni boʻlishgan Zimbabveda ham korruptsiya bilan bogʻliq ahvol Oʻzbekistondagidan koʻra yaxshiroq ekani maʼlum boʻlgan.

Ammo, hatto shunda ham, Oʻzbekiston oʻtgan ikki yilning ichida mavqeini ancha yaxshilab olgan.

"Transparency International" xalqaro tashkiloti 2014 yilda Oʻzbekistonni dunyoda korruptsiya ildiz otgan 10 davlatdan bittasi, deb topgan.

175 davlatdagi korruptsiya darajasini oʻrgangan tashkilot indeksida Oʻzbekiston oʻsha yili 166-oʻrinni egallagandi.

Taʼkidlash joiz, Oʻzbekiston tashkilotning yillik roʻyxatlarida hamisha eng quyi oʻrinlarni egallab kelgan.

Har yili Bosh prokuratura poraxoʻrlik va korruptsiyada ayblangan oʻnlab mansabdor shaxslarning jazoga tortilgani haqidagi hisobotlarni eʼlon qilib keladi, ammo tahlilchilarga koʻra, bu choralarni korruptsiyaga qarshi kurash deb atash qiyin.

Maoshlarning kamligi, boshqaruvning shaffof emasligi, mustaqil sud tizimi hamda erkin matbuotning yoʻqligi mamlakatda korruptsiyaning ildiz otishiga sabab boʻlgan.

"Transparency International" ekspertlari orada Oʻzbekiston hukumatini korruptsiyaga qarshi hech qanday chora koʻrmayotganlikda ham tanqid qilib kelishgan.

Ammo shu oy boshida Oʻzbekistonning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Korruptsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida"gi qonunga imzo chekkan.

Qonun Senat tomonidan 2016 yil 13 dekabrda maʼqullangandi.

Shu tariqa Mirziyoyev davridagi qonunchilikning eng muhim namunalaridan biri sifatida koʻrilgan korruptsiyaga qarshi kurash haqidagi qonun Oʻzbekistonda rasman kuchga kirgan.

Rossiyaning "Sputnik" agentligi esa, bugun Oʻzbekistonda muassasalararo korruptsiyaga qarshi komissiya tashkil qilish rejalashtirilgani haqida xabar bergan.

Agentlik oʻz xabarida Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi matbuot kotibi Umid Muhammedov soʻzlariga tayangan.

Image copyright COURTESY
Image caption Estoniya

Sobiq Shoʻro davlatlari orasidan 22-oʻrin bilan Estoniya eng korruptsiyaga botmagani boʻlib chiqqan.

Litva va Gurjiston esa, bu borada yuqori uchlikni toʻldirgan qolgan ikki sobiq Shoʻro davlatlari boʻlishgan.

Rossiya korruptsiyaning darajasi boʻyicha Qozogʻiston va Ukraina bilan 131-oʻrinni boʻlishgan.

Bugun dunyoning eng korruptsiyadan xoli davlati Yangi Zelandiya boʻlib chiqqan.

Undan keyingi oʻrinlarni ikki Yevropa davlati - Daniya va Finlandiya egallagan.

Shimoliy Koreya, Janubiy Sudan va Somali esa, dunyoning korruptsiya eng avj olgan uchta davlati, deb topilgan.

Oʻtgan yil "Transparency International" nazdida jahonning eng korruptsiyaga botgan uchta mamlakatidan bittasi boʻlgan Afgʻoniston bu yil oʻz maveqini ancha yaxshilab olgan.

Bu yil ham quyi oʻnlikka tushgan esa-da, 169-oʻrin bilan Liviya, Yaman, Sudan, Suriya, Shimoliy Koreya, Janubiy Sudan va Somalidan koʻra yaxshi natija qayd etgan.

Xulosa

Image copyright COURTESY

"Transparency International" xalqaro tashkiloti raisi Xose Ugasning yakunida aytishicha, "bekorchi vaqtning oʻzi yoʻq va dunyo boʻylab odamlarning hayotlari oʻnglanishi uchun korruptsiyaga qarshi jadallik bilan kurashmoq lozim".

Unga koʻra, "Faqat soʻz erkinligi, barcha siyosiy jarayonlarning shaffofligi taʼminlangan, demokratik institutlar, fuqaroviy jamiyatlar kuchli, matbuot hokimiyat tepasidagilardan hisob soʻrash qudratiga ega boʻlgan joydagina bu kurash samarali boʻlishi mumkin".

"Korruptsiya tufayli jahonning aksariyat davlatlarida qudratmand korruptsionerlar har qanday javobgarlikdan xoli hayotning bor gashtini surishayotgan bir manzarada oddiy odamlar eng zarur ehtiyojlarini ham qondira olmay, och qorin bilan yostiqqa bosh qoʻyishga majburlar", - deb aytgan Xose Ugas.

"Transparency International" jahon boʻylab korruptsiya darajasiga oid hisobotini 1995 yildan boshlab chop etib keladi.

Xalqaro tashkilot hisoboti Jahon Banki, "Freedom House", Menejment taraqqiyoti xalqaro instituti va yana toʻqqiz mustaqil tashkilot maʼlumotlariga tayanadi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring