UzWebiston: Horijga chiqsammi yo uy olsammi?

Pasport yana oʻzgaradimi? Image copyright Internet
Image caption Pasport yana oʻzgaradimi?

Oʻzbekiston ijtimoiy tarmoqlarida eng koʻp bahs boʻlayotgan mavzular yana hukumatning xalqqa taqdim qilayotgan, toshkentlik jurnalistlardan biri aytmish, "ehtimoliy oʻzgarishlar"ga aloqador.

Ana shu mavzulardan biri ichki va tashqi pasportlar chiqarish ehtimoli bilan bogʻliq.

Ikkinchisi esa, Toshkentdan propiskasiz uy sotib olish imkoniyati tugʻilayotgani haqida...

Pasportlar

Sof.uz yangiliklar portali Oʻzbekiston adliya vaziri oʻrinbosari Nodir Joʻrayevga tayangan holda xabar berishicha, xorijga chiqish pasportlari kelasi yildan boshlab amalga kiritilishi mumkin.

Uning soʻzlariga koʻra, xorijga chiqish pasportlari mamlakatda amalda boʻlgan (OVIR) stikerlarga nisbatan ustunliklarga ega ekanligi barchaga ayon boʻldi.

"Xorijga chiqish pasporti, qoida boʻyicha 10 yil muddatga beriladi, stiker esa ikki yilga beriladi. Yaʼni fuqaro xorijga chiqish uchun kerakli hujjatlarni taqdim etuvchi organlarga hozirgiga nisbatan besh marta kamroq murojaat qiladi. Hozirda ekspertlar va jamoatchilik boʻlajak oʻzgarishlarning barcha jihatlarini muhokama qilmoqda, hozircha yakuniy qaror va mexanizmlari qanday boʻlishi aniq emas. Shu yilning oxirigacha barcha zarur amaliyotlar koʻrsatilgan hujjatni tayyorlashni rejalashtirganmiz, xorijga chiqish pasportlari esa kelasi yildan joriy etilishi mumkin," degan Joʻrayev.

Oʻzbekistonlik ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari esa bu chiqish va mavzuni osongina "xazm" qilishmagan.

Rustam shunday deydi: "Xozirgi biometrik pasport aslida zagran passport. Ichkarida Qozogʻiston kabi biometrik ID (Identity card - Shaxsni aniqlovchi xujjat) shaklida ichki pasport qilishsa boʻladi. Ovir orqasidan non yeb kelgan butun boshli poraxoʻr sistema bunga yoʻl bermaydi shekilli".

"A bu bitta odamga sakkizta pasport nimaga kerak ekan? Oblastga chikishga bitta, shaxarda yurishga bitta,chet elga chikishga bitta, kolganlari zapasga... yoʻqolsa seyfdan olib ishlatvuramiz shekilli! Xali shu pasportni mojarosi tugagani yoʻq olmaganlar ham bor", degan Tolibbek Jumaev.

Baxtiyor Umerkayev: "Ahmoqgarchilik! Stiker 2 yillik emishde passort 10 yil muddatga berilarmish! Shu stikerni 10 yillik qilib qoyaqolinglar! Qoʻlimizdagi pasport bilan barcha mamlakatlarga borish imkoniyati turganda, ikkinchi pasportni nima keragi bor axir?"

nelli kislova: "Halqdan pul undirib olishning navbatdagi usuli".

Inga Kaminskaya: "Xorijga chiqish uchun biometrik pasportlarimiz qoldirilsa mantiqga yaqinron boʻlar edi, unda barmoq izlari va boshqa kerakli maʼlumot mujassam, shu OVIR stiker bekor qilinsa bas. Agarda shu darajada muhim boʻlsa, ichki foydalanuv uchun ID kartalarni amalga kiritish kerak. Bunchalik murakkablashtirishni nima keragi bor?"

Propiskasiz ham uy olasiz, ammo...

Image copyright Anons.uz
Image caption Uy olasiz, faqat yangisini!

23-27 Yanvar kunlari "2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha Harakatlar strategiyasi" loyihasining jamoatchilik muhokamasiga bagʻishlangan mediahaftalik boʻlib oʻtmoqda, deya xabar qiladi Kun.uz

Mediahaftaning ikkinchi kuni koʻpchilikni qiziqtiradigan masala - viloyatlardan kelgan aholining Toshkent shahri va Toshkent viloyatida uy sotib olish va uni rasmiylashtirish borasida soʻz yuritildi.

Yana bir yangiliklar portali Daryo.uz taʼkidlashicha, ayni damda muhokamada boʻlgan "Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida"gi Oʻzbekiston Prezidentining farmoni loyihasida quyidagilar bitilgan.

Demak, Oʻzbekiston rezidentlariga Toshkent shahri va viloyatidan qiymati eng kam oylik ish haqining 2 ming baravaridan kam boʻlmagan, norezidentlarga esa qiymati 100 ming dollardan kam boʻlmagan yangi qurilgan koʻchmas mulkni erkin sotib olish va egalik qilish imkonini beruvchi qoidani joriy etish taklif qilingan.

Bundan tashqari, Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatidan yangi qurilgan koʻchmas mulkni sotib olayotgani uchun rezidentlar va norezidentlar, koʻchmas mulkning qiymatidan kelib chiqqan holda, 5—10 foiz miqdorda davlat boji toʻlashi ham kerak boʻladi.

Bu yangilik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini tom maʼnoda "ikki frontga" boʻlib qoʻydi. Bir guruh foydalanuvchilar xabarni olqishlar bilan kutib olsa, ikkinchi guruh foydalanuvchilar bundan xursand emas.

Shokir Banda: "Toshkent infrastrukturasi koʻtarolmay qoladi-ku, Toshkentda qancha aholi normal yashay olishi mumkinligini hisob-kitob qilib koʻrish kerak"

Azizova Dilechka: "Albatta novostroykalarni (Yangi qurib bitkazilgan turar joylar) xech kim omagandan keyin shunaka kiladide".

Nargiza Urunbayeva: "Gap xammasi, orkasidan mingta konun bilan chegaralab kuyiladi, ishtaxasi ochilib keganlayam kaytib ketadi".

Nozim Axunjonov: "Uyni narxi 2000 barobardan kam bomasligi keregakan eng kam ish xaqqini. 300 000 000 oddiy kvartira ololmasakanda".

Umid Umid: "Urraa zor bulardide.Man darrov sotip olardim."

Dildora Rakhmonova: "Azaliy orzular ushaladigan boʻlibdi."

Farida Charif: "Bu farmon hech narsani oʻzgartirmaydi degan fikrdaman. Faqat yangi qurilgan uylarni sotib olish mumkin ekan, bu judda katta pulga degani. Bunaqa puli bor odamlar hech qanday muammosiz oʻzlariga propiskani naqd qilishga ulgurishgan".

(Aksariyat izohlar tahrirsiz berilmoqda - tah.)

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring