Tolibon bu gal Trampga ochiq xat yoʻlladi

Tolibon lideri Image copyright COURTESY

Amerikaning 20 yanvar kuni rasman ish boshlagan yangi prezidenti Donald Trampdan yana bir bor Afgʻonistondan oʻz qoʻshinlarini olib chiqib ketish va oʻz tarixidagi eng uzoq urushga chek qoʻyishini soʻradi.

Tafsilotlari videolavhamizda - nazardan qochirmang.

Qoʻshni Afgʻoniston va taʼbir joiz, mintaqadagi eng yirik bu jangari guruhning bayon qilishicha, "hozir deyarli barcha afgʻon urushidan hech kimga foyda yoʻq, degan toʻxtamga kelib boʻlgan".

Tolibon harakatining daʼvo qilishicha, "soʻnggi paytlarga kelib, barcha xalqaro tadqiqot markazlari ham Amerikaning Afgʻonistondagi missiyasi asta-sekin tanazzulga yuz tutayotgani borasida bir yoqadan bosh chiqarishmoqda".

Harakat oʻzining ochiq maktubi yakunida Amerika Prezidenti Donald Trampni ogohlantirishni ham unutmagan.

"Agar, Amerika kuchlari Afgʻonistonni tark etmay, "tinchgina" yashashlariga yoʻl qoʻymaydigan boʻlishsa, oʻzlariga urushishdan boshqa chora qolmaydi va bu ularning "qonuniy haqlari" boʻladi".

Taʼkidlash joiz, bu - Afgʻoniston Tolibon harakatining Amerikaning yaqinda saylangan prezidenti Donald Trampga ilk murojaati emas.

Harakat AQSh prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi kampaniyalarini "yaqindan kuzatish barobarida", Donald Trampning oʻtgan yil 8 noyabr kungi prezident saylovidagi gʻalabasiga xosan munosabat bildirib chiqqan.

Image copyright COURTESY

Oʻzining oʻsha paytdagi bayonotida ham Amerikaning yangi saylangan prezidenti Donald Trampni Afgʻonistondan oʻz qoʻshinlarini "bitta qoldirmay olib chiqib ketishga" chaqirgan.

"Amerikaliklar boshqa davlatlarning mustaqilligi va yaxlitligiga daxl qilmaydigan siyosat ishlab chiqishlari lozim"ligini bayon qilgandi.

Joriy paytda Afgʻonistonda qolgan Nato boshchiligidagi ittifoq kuchlarining soni 10 mingdan ortadi.

Bu askarlardan aksariyatini esa, Amerika harbiylari tashkil etishadi.

Ularning joriy paytda Afgʻonistonda qolish muhlatlari kelasi yil yakuniga qadar, deb belgilangan.

Afgʻoniston Tolibon harakati afgʻon tuprogʻida bitta boʻlsa ham xorij askari qolarkan, hech bir tomon bilan muzokaralar olib bormasligini aytib keladi.

Image copyright COURTESY

Ammo, eng soʻnggida taʼkidlash joiz, harakatning ochiq maktubi orada Rossiya Afgʻonistonda faollashish, rasman rad etib kelayotgan esa-da, aynan Tolibon harakati bilan yaqinlashish, ular bilan tinchlik muzokaralari olib borish harakatida ekaniga oid xabarlar manzarasida kuzatilmoqda.

Ustiga ustak, prezident Donald Tramp boshchiligi ostidagi AQSh yangi maʼmuriyati hali-hanuz Afgʻonistonga oid tashqi siyosatini durust-quruq bayon qilmagan, u yerdagi harbiylarining taqdiri borasida hamon oʻzining yakuniy soʻzini aytmagan va Rossiyaning bu kabi saʼy-harakatlariga oʻz rasmiy munosabatini bildirishga shoshilmayotgan bir paytga toʻgʻri kelmoqda.

Xavfsizlik bilan bogʻliq vaziyat jadallik bilan qayta izdan chiqib borayotgan, hatto, Yaqin Sharqdagi IShID guruhi ildiz otishga muvaffaq boʻlayotgani aytilayotgan bir manzarada vujudga kelgan bu kabi vaziyat esa, Afgʻonistonning Rossiya va AQSh oʻrtasida yangi proksi urushi sahnasi yoki, taʼbir joiz, "ikkinchi Suriya"ga aylanishiga oid xavotirlarni ham paydo qilmay qoʻymagandi.

Shunday ekan, Afgʻoniston Tolibon harakatining aynan hozir AQSh yangi prezidenti Donald Trampga yoʻllagan ochiq maktubi aslida nimani anglatadi?

BBC Oʻzbek Xizmati xuddi shu savol bilan Frantsiyadan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovga murojaat qildi - tafsilotlari videolavhamizda.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring