Islom Karimov nomi abadiylashtirilmoqda

Islom Karimov nomi abadiylashtirilmoqda Image copyright Internet
Image caption Islom Karimov nomi abadiylashtirilmoqda

Oʻzbekiston poytaxtidagi Toshkent xalqaro aeroporti doxil mamlakat boʻylab bir necha inshootlar,koʻchalar, jumladan, Asakadagi avtomobil zavodi ham endi Islom Karimov nomi bilan ataladigan boʻladi.

Prezident Mirziyoyev oʻz chiqishlaridan birida Islom Karimovni otasi kabi ulugʻlashini aytar ekan, endi uning nomini abadiylashtirish borasida qaror bergan.

"Mustaqil Oʻzbekiston davlatining asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi, oʻzbek xalqining ulugʻ va ardoqli farzandi, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Abdugʻaniyevich Karimov Vatanimizni mustabid tuzum qaramligidan ozod qilib, halokat yoqasiga kelib qolgan yurtimizni qayta tikladi. Buyuk Yoʻlboshchimiz gʻoyat qaltis va tahlikali bir vaziyatda ogʻir qiyinchiliklar va sinovlarga qaramay, tarixan qisqa davrda Oʻzbekistonni jadal va barqaror surʼatlar bilan rivojlanayotgan zamonaviy demokratik davlatga aylantirdi".

Aynan mana shu ikki jumla nafaqat xorijlik, balki ayrim oʻzbekistonlik jurnalist va kuzatuvchilarni ikkilantirib qoʻygan.

Toshkentlik jurnalistlardan birining BBCga aytishicha, "Karimov mustabid tuzumdan Oʻzbekistonni ozod etgani yoʻq. Qaytaga SSSR parchalanayotgan payti ikkilangan va GKChPni dastaklagan edi. Oʻzbekiston bugun zamonaviy va demokratik davlatga aylangani yoʻq".

"Islom Karimov mana shu matnda daʼvo qilingani kabi yoʻlboshchi boʻlgan esa, nima uchun Shavkat Mirziyoyev bugun har bir chiqishida "oʻtmishni savalamoqda" va Karimov davrida quvilgan mulozimlarni ishga tiklamoqda? Nima uchun Karimov davrida misli koʻrilmagan qonunlarni qabul qilmoqda?"

Ijtimoiy tarmoqlarda ham Islom Karimov nomini abadiylashtirish borasida fikrlar ikkiga boʻlingan.

Mirziyoyev qarorida "har yili Birinchi Prezidentimiz tavallud topgan sana - 30 yanvar kunini keng nishonlash, 2 sentyabr kunini Xotira kuni sifatida yod etish..." haqida soʻz boradi.

Oʻzbekistonning "Otaturki"...

Oʻtgan yil Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdoʻgʻonning Oʻzbekistonga safari mobaynida Mirziyoyev, Islom Karimov oʻzbekistonliklar uchun Mustafo Kamol Otaturk kabi qadrli ekanini urgʻulagandi.

Aftidan prezident Shavkat Mirziyoyev oʻzi uchun otasi kabi ulugʻligini aytgan Islom Karimovdan Oʻzbekiston "Otaturki"ni yaratishga jiddiy bel bogʻlagan.

"2 sentyabrni Karimovning jinoyatlarini xotirlash kuni deb nishonlash kerak", deb yozadi Facebook foydalanuvchilaridan biri.

Islom Karimov davrida Oʻzbekiston dunyoning eng totalitar davlatlaridan biriga aylangandi.

Karimov hukmronligi davrida Oʻzbekiston matbuoti aqalli bugungi kabi erkin emas boʻlmagan.

Oʻzbekiston jahon hamjamiyatida inson huquqlarini muttasil poymol qiladigan,qiynoqlar keng, sistematik ravishda qoʻllaniladigan bir mamlakat oʻlaroq tanilgan edi.

Mamlakat va mintaqada xavfsizlikni taʼminlash bahonasi bilan kuzatuvchilarga koʻra, Karimov shafqatsiz va poraxoʻr tizimni shakllantirdi.

2005 yil may oyida Andijonda minglab, asosan tinch aholi norozilik namoyishiga chiqar ekan, hukumat qoʻshinlari maydondagilarga qarata oʻt ochdi.

Maydondagi minglab andijonliklar orasida ayollar va bolalar ham boʻlgani hujjatlashtirilgan.

Karimov ularni terrorchilar deb atadi. Qurbonlar sonini aksariyati terrorchilardan iborat 187 kishi ekanini aytdi.

Inson huquqlari faollari, mustaqil jurnalist va voqea guvohlariga koʻra, Andijon qirgʻinida qurbonlar soni rasmiy koʻrsatkichdan bir necha barobar koʻp boʻlgan.

"Karimovni tirikligida ham oʻlganida ham tanqid qilish mumkin emas..."

Image copyright HRW
Image caption Andijon qirgʻini

Oʻzbekistonlik jurnalistga koʻra, Karimovning tarixiy merosiga xolis baho beriladigan kunlar bu yaqin orada kelmaydi.

"Biz hamon "porloq kelajak" degan tush bilan yashayapmiz. Bu shirin tush va undan voz kechish oson boʻlmaydi. Oʻzbekistonda rasman hech qachon Karimovning siyosatini tahlil qilmaydi, qilinsa ham xolislik boʻlmasligi aniq. Uni tirikligida ham tanqid qilolmasdingiz, endi mana oʻlganidan keyin ham haqiqatni aytolmaysiz".

Islom Karimov haqidagi maqtovlarga esa barcha matbuot nashrlarining eshiklari ochiq.

OʻzA oʻzining sharhlovchisi Sevara Alijonava Islom Karimovga yozgan, ammo unga berishga ulgurmay qolgan uzundan uzoq maktubini chop etgan.

Ayni maktubdagi quyida iqtibos keltirilayotgan jumlalar Oʻzbekistonda Islom Karimov xotirasiga nisbatan rasmiy munosabat buyogʻiga qanday shakllanishiga yaqqol misol boʻlishi mumkin.

"Siz bir dunyo edingiz. Musaffo osmon, Siz qurgan binolar, yoʻllar, mashinalar, kitoblar va Siz sevgan xalq - butun Oʻzbekiston Sizni eslatib turadi. Sizni Oʻzbekiston degim keladi...Yoʻq, Siz barhayotsiz! Qayoqqa qaramaylik, Sizni koʻramiz. Ana, oʻng qoʻlingizni baland koʻtarib, kulib turibsiz…Islom Abdugʻaniyevich! Oʻrganamiz, intilamiz! Hech kimdan kam boʻlmaymiz! Siz orzu qilgan yoshlar maydonga chiqqan. Millionlab qalblarga choʻgʻ tashlagan Soʻzingiz alanga olmoqda. Buyogʻi yaqin, buyogʻiga kelajagimiz buyuk boʻlajak…".

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring