Atamboyev "yahudiylardek boʻlish"ga chaqirdi

Almazbek Atamboyev Image copyright COURTESY

"Xitoylardek koʻp sonli boʻla olmasak-da, yahudiylardek birdam, uddaburon, boy va kuchli boʻlishimiz kerak", - deb bayon qilgan Qirgʻiziston prezidenti.

Uning bu soʻzlari yangi tahrirdagi Qirgʻiziston Konstitutsiyasining taqdimot marosimi chogʻida yangragan.

"Qirgʻizlar - qadimiy xalqlardan biri boʻladi. Buyuk qirgʻiz hoqonligiga asos solingan paytda hozirgi koʻplab millat va elatlar boʻlishmagan", derkan, prezident Atamboyev ular tarixining qanchalik qadimiyligini, Xitoy, gretsiyaliklar va yahudiylarga qiyoslagan.

"Shu bois ham, birdamlik, bahamjihatlik va oʻz qadr-qimmatimizni hurmat qilish bobida ulardan zarracha ortda qolmasligimiz shart", - deb aytgan Qirgʻiziston rahbari.

Rossiyaning Sputnik.kg internet nashri Almazbek Atambayevning, "bir umr choʻkka tushib yashagandan koʻra, tik turib oʻlgan afzal", degan soʻzlaridan ham iqtibos keltirgan.

Qirgʻiziston rahbari, oʻz oʻrnida, "boʻlginchilik bilan shugʻullanmaslik" va "mamlakatni pul uchun tashqi kuchlarga sotmaslik"ka chaqirgan.

"Manqurtlar va chirigan siyosatchilarga: "...mamlakat kelajagiga nuqta qoʻymoqchi boʻlganlar - oʻz taqdirlariga nuqta qoʻygan boʻlishadi", - deb aytgan boʻlishini ham bildirgan.

Konstitutsion tuzatishlar

Qirgʻizistondagi konstitutsion tuzatishlarga oid referendum oʻtgan yil dekabrь oyida boʻlib oʻtgan.

Oʻzgartirishlar mamlakat konstitutsiyasining 29 moddasini koʻzda tutgandi.

Rasmiy xabarlarda ovoz berganlarning 80%dan koʻprogʻi hukumat ilgari surgan oʻzgarishlarni yoqlashgani aytilgandi.

Qirgʻizistonlik rasmiylarga koʻra, konstitutsion oʻzgarishlar parlament boshqaruvini kuchaytiradi.

Lekin tahlilchilarning aytishicha, aksincha, agar saylovchilar soʻnggi qonun oʻzganishlarini yoqlab, "ha" deb ovoz berishsa, unda Bosh vazir va bir partiya mavqei kuchayadi xolos.

Bu, ayni paytda, prezident Atamboyevning qudratda qolishini taʼminlab, uning partiyasi mavqeini oshirishi mumkin, degan xavotirlar bor.

Qirgʻiziston - Markaziy Osiyoda parlament boshqaruviga oʻtgan yagona mamlakat.

Kuzatuvchilarga koʻra, hozirda Parlament, Bosh vazir va Prezident kuch-qudrati orasida muayyan muvozanat saqlangan.

Biroq konstitutsion oʻzgarishlar ayni muvozanatni buzib, aksar qudratni Bosh vazirga oʻtkazishi mumkin, degan fikrlar mavjud.

Tanqidchilarga koʻra, bu yil muhlati tugaydigan Prezident Almazbek Atamboyev qudratda qolish uchun Bosh vazir boʻlib olishi mumkin.

Endi Bosh vazir sudьya-hakamlarni ishga olish yo vazifasidan boʻshatish, mahalliy hukumat rahbarlarini almashtirish hamda hamjinsbozlar orasidagi nikohni bekor qilish borasida katta vakolatlarni qoʻlga kiritdi.

Qirgʻizistonning yangi tahrirdagi konstitutsiyasi joriy yilning 15 yanvaridan boshlab kuchga kirgan hisoblanishi aytilgandi.

Yangi konstitutsiya

Parlamentga koʻproq salohiyat berishni koʻzda tutuvchi yangi konstitutsiya yuzasidan umumxalq referendumi Qirgʻizistonda 2010 yilgi qonli milliy nizolardan bor-yoʻgʻi ikki hafta oʻtib boʻlib oʻtgan.

Mamlakat janubida etnik oʻzbeklar va qirgʻizlar oʻrtasida kelib chiqqan toʻqnashuvlarda yuzlab kishilar qurbon boʻlishgan. Qurbonlar aksariyatining esa, oʻzbeklar ekani aytilgandi.

Etnik zoʻravonliklarda minglab uylar, doʻkonlarga oʻt qoʻyilgan, yana koʻpchiligi oʻzbeklardan iborat taxminan 400 ming odam oʻz turar- joylarini tashlab chiqishga majbur boʻlishgandi.

Qirgʻizistonda demokratiyani qayta tiklashga qaratilgani aytilgan bu referendumni BMT, AQSh va Rossiya qoʻllab-quvvatlashgan.

Ammo muxolifat partiyalari va baʼzi inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar referendumni oʻtkazish qarorini tanqid qilishgan.

Ular Oʻsh va Jaloloboddagi etnik nizolar yarasi bitmay turib referendum oʻtkazish notoʻgʻri ekanini aytishgandi.

Muvaqqat hukumat esa, zoʻravonliklar referendumni toʻxtatib qolish maqsadini koʻzlagan agʻdarilgan prezident tarafdorlari tomonidan sodir etilganini iddao qilgan.

Ammo oʻsha yil aprel oyida amalga oshirilgan inqilob natijasida qudratdan chetlatilgan prezident Qurmanbek Bakiyev bu kabi daʼvolarni rad etib chiqqandi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring