"Qudratli armiya – tinch hayotimiz kafolati"

Shavkat Mirziyoyev Image copyright COURTESY

Bunday bayonot bilan Oʻzbekiston prezidenti, mamlakat Qurolli Kuchlari Oliy Bosh qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev chiqqan.

"Zamonaviy, qudratli armiya - tinch-osoyishta hayotlari kafolati" ekanini aytgan.

Rasmiy xabarlardan ayon boʻlishicha, prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarini zamonaviy qurol-yarogʻ va harbiy texnika bilan taʼminlanganlik darajasini yanada oshirishga qaratilgan aniq vazifalarni belgilab bergan.

Xuddi shu manzarada bergan aniq topshiriqlaridan yana biri Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari qudratini oshirish borasidagi ishlarni yanada takomillashtirish borasida boʻlgan.

Oʻzbekiston prezidenti, bundan tashqari, mamlakat Qurolli Kuchlari tashkiliy tizimini bundan-da takomillashtirish va uning shaxsiy tarkibini yaxshilash masalasida ham soʻz yuritgan.

Oliy Bosh qoʻmondon bularning barchasi haqida Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi rahbariyati bilan kecha - payshanba kuni Toshkent Oliy umumqoʻshin qoʻmondonlik bilim yurtida oʻtkazgan yigʻilishi chogʻida bayon qilgan.

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligining rasman maʼlum qilishicha, bu yigʻinda Oliy Majlis Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari va hukumat aʼzolari ham ishtirok etishgan.

Oʻz oʻrnida taʼkidlash joiz, bu xususdagi rasmiy xabarda Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarini yanada zamonaviylashtirish va qudratini oshirishga qaratilgan "aniq vazifa" va "aniq topshiriqlar" tafsilotlari ochiqlanmagan.

Boshqa tomondan...

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi rahbariyati bilan oʻtkazgan yigʻini qoʻshni Afgʻonistondagi xavfsizlik bilan bogʻliq vaziyat jiddiy izdan chiqib borayotgan bir paytga toʻgʻri kelgan.

Yaqinda Afgʻoniston birinchi vitse-prezidenti, general Abdulrashid Doʻstum ham mamlakatning aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh shimoliy va shimoliy-sharqiy mintaqalarining xavfsizligi yuzasidan oʻzining jiddiy xavotirlarini izhor etgan.

Yaqin Sharqdagi IShID guruhi Markaziy Osiyo davlatlarini koʻzda tutib, bu yerlarga oʻn mingga yaqin jangarisini sizdirish harakatida ekani bilan ogohlantirgan.

Shundoqqina biqinlarida toliblar qatorida IShID jangarilarining ham faollashib borayotganiga oid xabarlar esa, oʻtgan ikki yil ichida Oʻzbekiston doxil barcha Markaziy Osiyo davlatlari, Rossiya va Xitoyning jiddiy xavotirlariga sabab boʻlib keladi.

Xuddi shu manzarada Donalьd Tramp boshchiligi ostidagi yangi AQSh maʼmuriyatining Afgʻonistonga oid bundan keyingi siyosati hozircha maʼlum emas.

Soʻnggi yillarda AQSh bilan oʻzaro aloqalariga jiddiy putur yetgan Rossiya esa, allaqachon Afgʻonistonda faollashish "harakatiga tushib qolgan".

Rasman rad etib kelayotgan esa-da, Afgʻoniston Tolibon harakati bilan yaqinlashishga urinayotganiga oid xabarlar olinmoqda.

Afgʻon mojarosiga aynan oʻzlari boshchiligida yechim topish uchun rasmiy Kobul va Gʻarbni bir chetga surib, Xitoy va Pokistonni ham jalb etmoqda.

Ukraina va Suriyadagi soʻnggi voqealar misolida rasmiy Kremlning bu saʼy-harakatlari Afgʻonistonning Rossiya va AQSh oʻrtasida navbatdagi "proksi urushi" maydoniga aylanishiga oid xavotirlarni ham paydo qilgan.

Afgʻonistonga bevosita chegaradosh boʻlgan Oʻzbekiston rahbariyati esa, shu paytga qadar afgʻon mojarosiga tinch yoʻl bilan yechim topilishiga tarafdorlik qilib kelgan.

Shavkat Mirziyoyev Afgʻonistonga oid oʻzining ilk rasmiy bayonotini hali muvaqqat prezident ekan, oʻtgan yil oktyabrь oyida qilgan.

Afgʻoniston bilan har tomonlama hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash tarafdori ekanliklarini bildirgandi.

Oʻzbekiston va Afgʻoniston

Oʻzbekiston Tolibon tuzumi qulatilgan 2001 yildan buyon AQSh boshchiligidagi harbiy ittifoq qoʻshinlarining Afgʻonistondagi harbiy amaliyotlari uchun muhim taʼminot yoʻli vazifasini bajarib kelgan.

Qoʻshni Afgʻonistonni tashqi dunyo bilan yagona temir yoʻl yordamida bogʻlayotgan va oʻngʻay avtomobil yoʻliga ega Oʻzbekiston xorijiy ittifoq qoʻshinlarining ommaviy safarbarliklari ortidan ham muhim mamlakat sifatida qolmoqda.

Oʻzbekistonning hozirda marhum prezidenti Islom Karimov ham oʻzining soʻnggi yillarda qilgan chiqishlarida Afgʻoniston borasida oʻz aqllari bilan siyosat yuritishlari va oʻzlariga manfaat keltiradigan ishlarni qilishlarini alohida taʼkidlagan.

Takror va takror Afgʻoniston masalasida betaraf siyosatlariga sodiq qolishlari va u yerdagi biror bir muxolif guruhni qoʻllash niyatlari yoʻqligini urgʻulagan.

Afgʻoniston bilan doimo ikki tomonlama munosabatda boʻlishgani va bundan keyin ham xuddi shu tariqa yoʻl tutishlarini davomiy ravishda bayon qilib kelgan.

Ammo Islom Karimov, "hatto, qudratli davlatlar boʻlmaydimi, hozir dunyoda hech kim afgʻon mojarosining ertangi yechimi nima boʻlishini bilmasligi, mavjud vaziyat oʻzlarini jiddiy tashvishga solayotganini" ham yashirmagandi.

Shavkat Mirziyoyev esa, oʻshanda Surxondaryoga qilgan tashrifi chogʻida Oʻzbekistonning janubiy sarhadlaridagi chegara postlaridan birini koʻzdan kechirishni ham unutmagan.

Muvaqqat prezident va Bosh vazirning davlat chegaralarini mustahkamlash chora-tadbirlarini ham muhokama qilgani xabar berilgandi.

globalfirepower.com veb-sayti oʻtgan yil may oyida dunyo mamlakatlarining jangovor qobiliyatini namoyish etadigan navbatdagi Global Firepower Index reytingini eʼlon qilgan va unda 126 mamlakat orasida Oʻzbekiston armiyasini 48-oʻringa joylashtirgandi.

Bu reytingda jahonning eng qudratli armiyasi deb AQSh harbiylari topilgan.

Ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni esa, Rossiya va Xitoy armiyalari egallashgandi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring