Inoyatov-Mirziyoyev: kim kimga qarshi?

Rustam Inoyatov Image copyright Official
Image caption Koʻpchilik Mirziyoyevni hokimiyatga Inoyatov olib keldi, deb ishonadi

Tashqaridan qaraganda, Oʻzbekistonda hokimiyat oʻtish jarayoni nihoyasiga yetgandek.

Navbatdan tashqari prezident saylovlari oʻtdi, yangi saylangan Prezident allaqachon vazifasiga kirishdi.

Islom Karimovning vafotidan soʻng bir muddat koʻzdan gʻoyib boʻlayozgan yoki xiralashgandek tuyulgan prezident hokimiyatining atributlari yana boʻrtib koʻrina boshladi.

Ularga yana bir atribut-Prezidentning virtual qabulxonasi va davlat boshqaruv hamda hokimiyat vakillik idoralarining sonsiz-sanoqsiz xalq qabulxonalari ham qoʻshildi.

Ammo xalqqa ochilgan bu virtual darichalar bilan hozircha real muammolar hal boʻlib qolmagani kabi, Karimov davrida beton devorlar bilan oʻralgan hokimiyat koridorlarida nimalar yuz berayotgani haqida maʼlumot olish ham osonlashgani yoʻq.

Islohga muhtoj ekani qisman eʼtirof etilganini aytmasa, Karimovdan qolgan siyosiy tuzum hamon yopiqligicha qolmoqda.

Soʻnggi haftalarda Oʻzbekistonning qudratli Milliy Xavfsizlik Xizmati raisi Rustam Inoyatov bilan Prezident Mirziyoyev oʻrtasidagi munosabatlar yomonlashgani haqidagi gap-soʻzlar yanada kuchaydi.

Xorijdagi muxolif va mustaqil nashrlar Inoyatovning isteʼfo arizasini yozgani haqida xabar tarqatdi.

Ammo bu xabarlardan koʻp oʻtmay, MXXning qudratli rahbari Oʻzbekiston davlat telekanallarining anʼanasiga xilof ravishda avvaliga hukumat yigʻilishi, keyin esa Toshkent aeroportida koʻrinish berdi.

Ammo oʻzbek tomoshabini uchun yangilik boʻlgan bu kadrlar Mirziyoyev va Inoyatov oʻrtasidagi kelishmovchilik bilan bogʻliq farazlarni arita olmadi.

Farmoni "oniy"

Mirziyoyev prezidentlik kursisini egallashiga qaramasdan, hali hokimiyat jilovini toʻla oʻz qoʻliga olmagani haqidagi farazlarning kuchayishiga 27 mamlakat fuqarolarining Oʻzbekistonga vizasiz kirishiga ruxsat berish haqidagi farmon ijrosining kechiktirilishi sabab boʻldi.

Oʻtgan yil dekabrida imzolangan va shu yil aprelidan kuchga kirishi kutilgan farmon Karimovdan keyingi Oʻzbekiston dunyoga ochilayotganing eng katta darakchisi sifatida koʻrilgandi.

Image copyright official
Image caption Mirziyoyev mamlakatdagi ahvol va hukumatning ishidan norozi

Oddiy oʻzbekistonliklar ijtimoiy tarmoqlarda hafsalalari pir boʻlganini izhor qilisharkan, tahlilchilar islohotlarni istamayotgan va ularni toʻxtatib qolishga urinayotgan kuch sifatida oʻzbek chekistlarining qudratli rahbariga ishora qila boshladilar.

Garchi buni rasman tasdiqlab boʻlmasa-da, BBC muloqot qilgan Oʻzbekiston ichkarisi va tashqarisidagi manbalar ushbu farazlarning asosdan mahrum emasligini aytishmoqda.

Oʻzbekiston hukumatiga yaqin manbaning aytishicha, vizasiz kirish haqidagi umri qisqa farmon ijrosining qariyb 5 yilga kechiktirilishi Inoyatov tomonidan qoʻyilgan "namoyishkorona qadam" edi.

"Hamma farmon va qarorlar ekspertizaga yuboriladi. Bu farmon ekspertizadan oʻtmagan hisoblanadi", - deydi ushbu manba.

Uning soʻzlariga koʻra, hukumat shaxsiy tarkibining haligacha toʻliq tasdiqlanmagani, hukumatdagi muhim oʻrinlar, xususan, Bojxona qoʻmitasi (Botir Parpiyev-tahr) va ayrim kuch tizimlari rahbariyatida yuz berishi muqarrar ekani kutilayotgan oʻzgarishlarning hanuzgacha amalga oshmagani shundan dalolat beradi.

Toshkentdagi manbaning aytishicha, "gap tijoriy manfaatlar haqida bormoqda".

Karimov boshqaruvining soʻnggi yillarida MXXning qator yuqori mulozimlari yirik iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib hibsga olingandi.

Mirziyoyev hokimiyatga kelgan ilk kunlardanoq davlatning, - ki Oʻzbekiston sharoitida davlat bu amaldorlar, deb tushuniladi, -biznesga aralashuvini cheklash va tadbirkorlarni himoyalash haqida gapirgan.

BBC suhbatlashgan manba Inoyatovning goʻyoki oʻzini isteʼfoga chiqarishlarini soʻrab, ariza yozgani haqidagi xabarlarni rad etdi.

"Agar Inoyatov ariza yozsa, Mirziyoyev qoʻliga ruchka olish uchun qancha vaqt ketsa, shuncha vaqt ichida imzolaydi", - deb aytdi Toshkentdagi manba.

Qisqa muddatli tandem

Aksar tahlilchilar Karimov vafotidan soʻng, ehtimolki, undan ham avvalroq boshlangan hokimiyat uchun pinhona kurashlarda Rustam Inoyatovning "qudrat brokeri" yoki vositachi rolini oʻynaganiga ishonishadi.

Rossiyalik siyosatshunos Andrey Grozinning aytishicha, Inoyatov-Mirziyoyev tandemi (birgalikdagi faoliyat-tahr.) boshidanoq vaziyat taqozosi bilan yuzaga kelgan vaqtinchalik tandem edi.

"Inoyatov Shavkat Miromonovichning Prezident boʻlishida hal qiluvchi rol oʻynagani hech kimga sir emas. Ammo ikkalasining yoʻli ayrilishi hali oʻtgan yil sentyabrdayoq maʼlum edi. Bu butun Markaziy Osiyoga xos narsa. Berdimuhamedov qanday hokimiyatga kelganini eslang. Uni ham "siloviklar" qoʻyishmadimi? Mudofaa vaziri Mametgeldiyev, prezident qoʻriqlash xizmati rahbari Rejep Saparov va chekist hamda militsiya boshligʻi. Berdimuhamedov ularning hammasini dogʻda qoldirdi va natijada hokimiyatda bir oʻzi qoldi. Oʻz vaqtida Akayevni ham shimol va janubdagi qudratli klanlar "shu akademik birpas oʻtirsin, ilm bilan shugʻullansin" degan reja bilan qoʻyishgandi, ammo pirovardida Akayev hokimiyati Qirgʻiziston tarixida eng uzoq davom etgan boshqaruv boʻldi. Yaʼni Markaziy Osiyoda hokimiyat oʻtish jarayonidagi butun bu tandemlar, butun bu ittifoqlarning umri uzoqqa bormaydi. Oʻzbekiston ham bundan mustasno emas", - deydi Andrey Grozin.

Image copyright official
Image caption "Karimov davrida chekistlar ham boshqalar singari Karimovga moslashgandi"

Uning aytishicha, Oʻzbekistonda hokimiyat oʻtish jarayoni tugallangani yoʻq va hali Mirziyoyev oʻzining yangi komandasini tuzishi hamda qisman eski komandani qayta tuzishi kerak boʻladi.

"Menimcha, Inoyatov ketadi va ortiqcha muammo va repressiyalarsiz ketadi, deb oʻylayman. Chunki munosabatlarni keskinlashtirish uning manfaatlarida emas. Ikkinchidan, Oʻzbekistondagi siyosiy elitada bu kabi anʼana yoʻq. Buning uchun oʻz vaqtida Joʻrabekov yoki Alimovlarning qanday ketganini eslash kifoya. Hurmatini joyiga qoʻyib, nafaqaga kuzatib qoʻyishgan. Inoyatovning oʻrniga Mirziyoyevga sodiq bittasi keladi. Savol bu bir oydan keyin yuz beradimi yoki olti oydan keyinmi? Inoyatov birinchidan yosh emas, ikkinchidan, uning sogʻligi bilan bogʻliq jiddiy muammolari borligi haqida maʼlumotlar mavjud. Bu kabi masʼuliyatda lavozimda u umrining oxirigacha qololmasligi tayin".

AQShda yashayotgan sobiq diplomat Toshpoʻlat Yoʻldoshev oʻz manbalariga tayangan holda, Inoyatov va Mirziyoyev oʻrtasidagi kurashning anchayin keskin manzarasini chizadi.

"Keyingi haftalarda Inoyatov rasmiy marosimlarga koʻproq oʻz tashabbusi bilan qatnashmoqda, degan taxminlar bor. Hali koʻramiz, kimning qoʻli baland kelarkin, demoqchi boʻlgandek. Nazarimda, u oʻz tasarrufidaga kompromatlarni ishga solish bilan Mirziyoyevga tahdid qilayotgan koʻrinadi. Shu sababdan va Inoyatovni neytrallashtirish maqsadida boʻlsa kerak, Shavkat Miromonovich yoniga general Baxtiyor Hisomovich Gʻulomovni rasmanmi yoki norasmiy ravishdami, maxsus vazifalarni bajaruvchi maslahatchi qilib olgan. U aslida Inoyatovning eski raqibi. Balki Mirziyoyev katta oʻzgartishlarga tayyorlanayotgandir", - deydi Toshpoʻlat Yoʻldoshev.

Inoyatovga oʻrinbosar?

BBC manbalari MXX raisining sobiq oʻrinbosari va Prezident Karimovning kadrlar boʻyicha davlat maslahatchisi lavozimlarida ishlagan general Baxtiyor Gʻulomovning lavozimga qaytganini tasdiqlashmoqda.

Gʻulomov oilasiga yaqin manbaning aytishicha, 63 yoshli general shu hafta boshida "Prezidentning maxsus topshiriqlar boʻyicha vakili" lavozimida ish boshlagan.

Prezident maʼmuriyatida bu kabi lavozim avval boʻlmagan.

Asli jizzaxlik boʻlgan Baxtiyor Gʻulomov 1990-yillar boshidan Oʻzbekiston maxsus xizmatlarining eng yosh (36) generali sifatida tanilgan va MXXda katta taʼsirga ega boʻlgan, deb ishoniladi.

Uni yaqindan taniganlarning aytishicha, Inoyatov liberal qarashdagi va korruptsiyaga nisbatan murosasiz mavqeyi bilan tanilgan Gʻulomovni oʻziga raqib sifatida koʻrgan va 2004 yilda uning MXX raisining oʻrinbosarligidan chetlatilishiga erishgan.

Gʻulomovni xorijiy davlatlardan biriga elchi qilib yuborish masalasi muhokama etilgan payt MXX rahbariyatining qarshiligiga uchragani haqida gap-soʻzlar yuradi.

Ammo shu bilan birga, oʻz vaqtida Inoyatov nomzodini MXX raisligiga aynan Baxtiyor Gʻulomov taklif qilgani ham aytiladi.

Gʻulomov 1998 yilda Prezidentning davlat maslahatchisi maqomida xorijdagi oʻzbek muxolifatining inson haqlari tashkilotlari sifatida qayta tashkillangan ayrim guruhlari bilan muloqot olib borgani BBCga maʼlum.

Gʻulomovning lavozimga qaytishini u bilan birga ishlagan sobiq mulozimlardan biri MXX va umuman Oʻzbekistondagi hokimiyat koridorlaridagi "9 balli zilzila" deb atadi.

Uning ishonishicha, Oʻzbekistonda bundan keyin oʻrnatiladigan qudrat muvozanatida Gʻulomov muhim rol oʻynashi shubhasiz.

Tahlilchi Andrey Grozinning fikricha, Mirziyoyev Inoyatov unga Karimovga xizmat qilgani kabi xizmat qilmasligini yaxshi biladi.

"Karimov davrida chekistlar ham boshqalar singari Karimovga moslashgandi. MXX hozir islohotlar yoʻlida "tormoz" boʻlgani singari, Mirziyoyev uchun islohotlarni amalga oshirishda muhim instrument rolini ham oʻynashi mumkin. Shu maʼnoda Mirziyoyev maxsus xizmatlar tepasiga oʻziga mutlaq sodiq odamlarni qoʻyishdan manfaatdor. Mirziyoyev Inoyatovni Karimovga qanday xizmat qilgan boʻlsa, oʻziga ham shunday xizmat qilishga unday olmasligini yaxshi biladi. Shuning uchun ham Inoyatovning oʻrniga yangi odam kerak", - deydi rossiyalik tahlilchi.

Image copyright Dunyouzbeklari.com
Image caption Baxtiyor Gʻulomov (chapda) oʻtmishda MXXda katta taʼsirga ega boʻlgani aytiladi

"Bir qadam oldinga, ikki qadam orqaga"

Xoʻsh, Oʻzbekistondagi butun bu hokimiyat oʻyinlari va qudratni qayta taqsimlash jarayonlarida Mirziyoyev eʼlon qilgan islohotlarning taqdiri nima boʻladi?

Garchi Mirziyoyev "oʻzgarishlarni endi ortga qaytarib boʻlmasligi"ni aytayotgan esa-da, uning oʻzining islohotchilik salohiyatiga shubha qilayotganlar yoʻq emas.

Londondagi SOAS (Sharqshunoslik va Afrika tadqiqotlari) universitetidan tahlilchi Alisher Ilhomovga koʻra, Mirziyoyev hozirgacha juda koʻp vaʼdalar berdi, ammo amalda unchalik koʻp oʻzgarish boʻlgani yoʻq.

"Oʻylashimcha, Prezident farmonlarining imzolanib, keyin bekor qilinishi bilan bogʻliq beqarorlik Mirziyoyev ichki siyosat va iqtisodiy rivojlanish borasida hali muayyan yoʻnalishga ega emasligini koʻrsatadi. Vaʼdalarning koʻpligi-yu, amaliy ishning yoʻqligi shundan. Aniq yoʻnalish yoʻqligini yashirish maqsadida u virtual qabulxonaga oʻxshagan, amalda hech qanday muammoni yechmaydigan, hokimiyat va jamiyat munosabatlari nuqtai nazaridan hech narsani hal qilmaydigan choralarga qoʻl urayapti. Ayonki, siyosiy elita orasida hukumatdagi muhim lavozimlar uchun pinhona kurash hali-hamon davom etmoqda. Hukumat tarkibini tanlash bilan siyosiy yoʻnalishni tanlash bir-biriga uzviy bogʻliq. Shuning uchun ham SNB va uning joriy rahbariyati taqdiri bilan bogʻliq noaniqlik saqlanib qolmoqda. Agar Mirziyoyev haqiqatan ham islohotlarni amalga oshirmoqchi boʻlsa, hukumatga islohotchilarni yigʻishi kerak. Xoʻsh, u nima uchun bunday qilmayapti? Bu yerda ikki ehtimol bor. Yo uning qarashi tor, buni xoʻjaliklarga tovuq boshqish haqidagi tavsiyasidan ham bilsa boʻladi, yoki hali ham kuch tizimlari, birinchi navbatda, Milliy Xavfsizlik Xizmatidagi yuqori mulozimlarning bosimi ostida qolayapti. SNBning ishi-taqiqlash va davlat rahbarini terrorchilik tahdidi bilan qoʻrqitishdan iborat", - deydi Alisher Ilhomov.

Image copyright official
Image caption Azimov Mirziyoyev tanqidlarining asosiy nishoniga aylangan

Ammo rossiyalik tahlilchi Andrey Grozin oʻzgarishlarning muqarrarligiga ishonadi.

"Tizim asta-sekinlik bilan oʻzgaradi, chunki vaqt shuni talab qilayapti. Mirziyoyev Karimov davrida shakllangan davlat kapitalizmi modelining kelajagi yoʻqligini biladi. U 13 yil bosh vazir lavozimida ishlab, bu tizimning qanchalik ishlab-ishlamasligini koʻrgan. Shuning uchun mavjud tizimni oʻzgartirishga harakat qilayapti. Ammo oʻzgartirarkan, elita ichida norozi odamlarning koʻpayishiga yoʻl qoʻymaslik haqida ham oʻylayapti. Shu bois Mirziyoyevning islohotlari juda sekinlik bilan boʻladi. Ammo asta-sekinlik bilan boʻlsa-da, siyosat, masalan, valyuta siyosati oʻzgaradi. Chunki sarmoyalar kelishini toʻxtatib turgan asosiy narsa bu Oʻzbekistonda amal qilayotgan uch xil kurs va konvertatsiyaga cheklovlardir. Oʻzbekistondagi elitaning katta qismi shundan foyda koʻradi. Shuning uchun buni tezda oʻzgartirib boʻlmaydi, ammo oʻzgartirish baribir kerak. Mana hozir tajriba sifatida erkin iqtisodiy hududlar tashkil etilayapti, ularga xorijlik sarmoyadorlar taklif qilinadi. Borib-borib bu hududlar kengaytiriladi, koʻproq xorijiy shirkatlarga konvertatsiya imkoni yaratiladi. Nazarimda, hamma narsa xuddi Lenin aytgandek boʻladi. Yaʼni bir qadam oldinga, ikki qadam orqaga..."

Grozinning fikricha, bu yerda gap faqat MXX va uning qudratli rahbarida ham emas.

"Oʻzbek chekistlarini islohotlarni toʻxtatib qolishga urinishda ayblash oson. Buni tushunish qiyinmas. Chunki butun sobiq sovet hududida qoʻli qon KGBning merosxoʻrlari boʻlgan tizimlar islohotlarni istashi mumkinmi? Nafaqat Inoyatov, balki oʻzbek elitasining katta qismi tub islohotlar oʻtkazilishiga qarshi. Men shaxsan Shavkat Miromonovichning oʻzi ham radikal islohotlarni xohlashiga shubha bilan qarayman. Chunki bu bilan u oʻziga koʻp va kuchli dushmanlar orttiradi. Va ularning hammasi ham MXXdan boʻlmaydi. Koʻpchiligi iqtisodiy blokdan, pul-valyuta siyosatini tartibga soluvchi tuzilmalardan ham boʻlishi mumkin. Marhum Islom Abdugʻaniyevich yaratib ketgan iqtisodiy tizim hammaning manfaatiga toʻgʻri kelardi. Albatta, men oddiy oʻzbeklar emas, yuqori elitani nazarda tutayapman. Ular orasida Oʻzbekistonning liberal bozor iqtisodiyotiga oʻtishidan yutadigan odamlar juda kam", - deydi Andrey Grozin.

"Xoʻroz va tovuq" jangi

Mirziyoyev oʻzining soʻnggi chiqishlarida hukumatdagi iqtisodiy-moliyaviy kompleks rahbari Rustam Azimovni qattiq tanqid qilgan.

AQShda yashayotgan taniqli ishbilarmon va muxolifatchi Sanjar Umarovning fikricha, bu Azimovning "asta-sekin zinapoyadan pastga tushishi"ni anglatadi.

Ammo Azimovni yaqindan bilgan manbaga koʻra, Mirziyoyevning Azimovga hujumi undan qutulmoqchi ekanini anglatmaydi.

"Toʻgʻri, Azimovning lavozimini biroz pasaytirishdi, "tovuqchilik"ka jalb qilishdi. Ammo ikkinchi tomondan, hech kim uni komandadan chiqarib tashlayotgani yoʻq. Faqat unga ish sharoitini sal qattiqlashtirishayapti. Chunki Rustam Azimov oxirgi kamida 15 yilda kim qayoqqa, qancha va qanday shartlarda pul oʻtkazganini biladigan odam", - deydi Azimovga yaqin manba.

Mirziyoyev oʻzining eski raqibi deb ishoniladigan Azimovni avvalroq plastik kartochkalar va naqd pul tizimini barbod qilishda ayblagan.

Prezidentning Azimovga tovuq boqishni topshirgani esa ijtimoiy tarmoqlarda kulgu qilinmoqda.

Facebook da chop etilgan karikaturalardan birida Mirziyoyev "xoʻroz", Azimov esa "tuxum beradigan tovuq" qiyofasida tasvirlangan.

Tahlilchilarga koʻra, kelayotgan oylar Mirziyoyev islohotlarining taqdiri uchun hal qiluvchi boʻladi.

Xususan, aprelda oʻtkazilishi kutilayotgan pul-valyuta islohoti mamlakat aholisi va xorijiy sarmoyadorlarga Karimov davrida koʻp gapirilgan iqtisodiy liberallashuvning xayol emasligi va kelajakda siyosiy liberallashuv ham mumkinligi borasidagi mujdani berishi mumkin.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring