AQSh viza tizimi ‘musulmonlarga qarshi’mi?

Тошкент Image copyright COURTESY

Aksariyat aholisi musulmon bo'lgan yetti Yaqin Sharq va Afrika davlati fuqarolariga viza berishning uch oyga ma'n etilishi hozir xuddi shunday savollarni paydo qilgan.

Shunday ekan, AQSh ko'proq qaysi davlat fuqarolariga viza bermaydiyu, qaysi birlarini nisbatan erkin qo'yib qo'ygan?

Xuddi shu o'rinda AQSh viza tizimi aksariyat aholisi musulmon bo'lgan mamlakatlarga qarshi, degan fikrlar qanchalik asosli?

Bi-bi-si 2016 yilgi rasmiy statistikaga tayanib, bu kabi savollarga oydinlik kiritishga uringan:

Bi-bi-si tahlilida Markaziy osiyoliklar ham AQSh tomonidan viza so'rovi eng ko'p rad etiluvchi davlatlar fuqarolari ekani ma'lum bo'lgan.

Birgina o'tgan yil misol tariqasida olinganida, Amerikaga borish uchun viza so'rab murojaat qilgan 50 foizdan ortiq O'zbekiston, Tojikiston va Qirg'iziston fuqarosining arizasi qondirilmagan.

Markaziy Osiyo davlatlari orasidan birgina anchayin o'ziga to'q bo'lgan qozog'istonliklargina bu kabi holatdan mustasno bo'lib chiqishgan.

Ammo...

AQSh yangi prezidenti Donald Trampning hozircha uch oylik ta'qig'iga uchragan Suriya, Iroq, Eron, Liviya, Sudan, Somali va Yaman fuqarolarining, shundoq ham, Amerikaga viza olishlari oson bo'lmagan.

Ammo, shunda ham, ular viza so'rovi Amerika Qo'shma Shtatlari tomonidan aksariyat hollarda rad etiluvchi dunyo davlatlarining yuqori o'nligida bo'lishmagan.

Hatto, bir necha yillik fuqarolar urushi girdobida bo'lgan Somali va Suriya ham so'nggi yillarda faqat yuqori yigirmalik saflarida bo'lib kelishgan.

Agar, imkonli bo'lgan xomaki hisob-kitoblarga tayanilsa, 2015 yilda 35000 dan ortiq eronlik Amerikada bo'lib qaytishgan.

Fuqarolari 2001 yil 9 sentyabr kuni Amerikaga qarshi uyushtirilgan hujumlar ijrochilari ekaniga qaramay, Saudiya arabistoniliklar ham AQSh vizasini olishda deyarli qiyinchilikka uchrashmas ekan.

Deylik, o'tgan yili saudiyaliklardan bor-yo'g'i 4 foizining bu xususdagi arizalari qondirilmagan, xolos.

Xuddi shu o'rinda Oman, Birlashgan Arab Amirliklari, Livan va Misr fuqarolari uchun ham AQSh vizasini olish ortiqcha boshog'riq emasligi ma'lum bo'lgan.

Ya'ni, o'tgan yili bor-yo'g'i 2 foiz omanlikning AQSh vizasiga oid arizasi qondirilmagan paytda, so'rovi rad etilib, Amerikaga borolmagan isroilliklarning soni bundan ikki barobar ko'p bo'lib chiqqan.

Aksariyat aholisi musulmon bo'lgan Ozarbayjon fuqarolarining 15 foizigina Amerika elchiligidan umidsiz ortga qaytishgan bir manzarada, katta sondagi aholisi nasroniy diniga e'tiqod qiluvchi gurjistonliklar yarmidan ko'prog'i "boshlarini ushlab qolishgan".

Xulosa...

Shunday ekan, bularning barchasi nimani anglatadiyu chiqarilajak yakuniy xulosa qanday bo'ladi?

Bi-bi-sining xuddi shu mazmundagi savoliga javob bergan AQSh Davlat Departamenti Konsullik ishlari bo'yicha bo'limi matbuot voizi Uill Koksning aytishicha, viza berishda alohida bir davlat uchun xos me'yor belgilanmagan va qaror har bir fuqaroning arizasidan kelib chiqqan holda, individual tarzda beriladi.

Ammo, shunda ham, qurolli nizolar ichida bo'lgan va yoki yaqinda urushdan chiqqan davlatlar fuqarolarining ko'p-da AQSh vizasiga umid qila olmasliklari ma'lum bo'lgan.

Agar, o'tgan yilgi rasmiy ma'lumotlarga tayanilsa, qo'shni Afg'oniston 70 foizdan ortiq ko'rsatkich bilan fuqarolarining viza so'rovi Amerika tomonidan eng ko'p rad etiluvchi ikkita davlatdan bittasi bo'lib chiqqan.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз:+44 78-58-86-00-02
  • ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг