Karimovdan "ozod va obod vatan" qoldimi?

Islom Karimov Image copyright matbuotdan

Dunyodan o'tgan odamni yomonlab, uning g'iybatini qilib bo'lmaydi, deyishadi.

Yana ba'zilar o'tib ketgan kimdir haqida gapirmoqchi bo'lsa, "yana yer borib xabar qilmasin", - deb qo'yishadi.

Men ham "yer borib xabar qilmasin", deya, mustaqil O'zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov haqida ba'zi mulohazalarimni aytmoqchiman.

Hozirgi kunda vatandoshlarimning ko'p qismi Islom Karimovdan minnatdor, ba'zilar u haqida gap ketsa, hatto ko'ziga yosh olib, o'pkasini to'ldirib-to'ldirib, o'ksinib yig'lab ham olayapti.

25 yil davomida mustaqil davlatni boshqargan odamdan albatta ko'p narsa qoldi.

Ularning eng asosiysi: siyosiy va diniy mahkumlar jazosining qayta-qayta uzaytirilishi, qishloq joylarida elektr, gaz, suv muammosi...

Avvallari, Sovet paytida "sovetlar undoq, sovetlar bundoq, o'rislar bizga gazimizni bermayapti", deya jar solardik.

Ammo o'sha paytda eng olis ovulning eng olis burchida ham Ilich chiroqlari o'chmasdi.

Qishloqlarda ham har o'n metrda simyog'ochlarda kechasi chiroqlar porlab turardi.

Shaharlarda, shaharga yaqin tumanlarda gaz ham porillab yonardi.

Endi-chi?

Tuman hokimiyati binosida ham hokimning o'zi chiroqsiz o'tiribdi.

Shumi, xalqqa qoldirgan merosi Karimovning?

Yana tabiiy gaz chekka qishloqlarda bo'lmas edi, xolos.

Bugun avval to'liq tabiiy gaz bilan ta'minlangan tumanlarda ham tabiiy gaz o'rnini propan gaz ballonlari egallab bo'ldi.

Farg'ona viloyati hokimi Shuhrat G'aniyev bir haftada besh-oltita tuman hokimini almashtirdi.

Buvayda tumaniga kelgan paytda yarim soatdan ortiqroq chiroqsiz o'tirdi.

Yoki Oltiariq , Rishton , Bag'dod tumanlari hokimlari ham ba'zi paytlarda chiroqsiz, telefon va Xitoyda ishlab chiqarilgan lampalar yorug'ida selektor majlislari o'tkazganligi el aro ovoza.

Bir yaxshi ginekolog tanishim bor.

Bir kuni uni izlab kechki payt tuman tug'ruqxonasiga borishimizga to'g'ri keldi.

Hamshiralar u operatsiya xonasidaligini aytishdi.

To'g'risi, hamshiralarning gapiga ishonmadim.

Chunki tuman bo'yicha elektr ta'minoti uzilgan payt edi. Ammo kutdim.

Bir mahal telefon chirog'i yordamida jarrohlik amaliyoti o'tkazib, yana bitta yurt posboni bo'lishga loyiq o'g'il bolani ona qornidan olganligini aytib chiqib qoldi.

Mening hayron bo'lib turganimni ko'rib, deyarli har kuni shunaqa sharoitda operatsiya qilaman, dedi beparvo.

Ha, aytmoqchi bo'lgan gaplarim bular emas.

"Mening hayotim"...

Yaqinda hind xalqining buyuk farzandi, istiqlol kurashchisi Mahamta Gandining "Mening hayotim" kitobini o'qidim.

Shunda menda Karimov ham o'zidan keyingi, doimo o'zi faxr bilan qayta-qayta ta'kidlaydigan "farzandlari"ga shunga o'xshagan kitob qoldirdimikan, degan savol tug'ildi.

Biz prezidentimizning buyuk bo'lganligini, O'zbekiston kelajagini buyuk qilmoqchi ekanligini bilamiz.

Ammo undan o'rganadigan, unga havas qilib talpinadigan nimasi bor uning?

Masalan, Mahatma Gandi Londonga o'qishga ketayotganda onasiga go'sht yemaslik haqida va'da beradi. Va bir umr ana shu va'daga vafo qilib o'tadi.

Bizning janob Karimovning ham shunga o'xshagan ibrati bormi?

Yoki biz maktabda o'qigan paytlarda Vladimir Ilich Lenin haqida ham hikoyalar bor edi.

Ana o'sha hikoyalardan birida ishlab o'tirgan, ochlikdan sillasi qurigan Leninga bir stakan choy va ikki chaqmoq oqqand olib kirishadi.

Lenin choyni ichadi-da, qandni bolalarga bering, deydi.

Karimov ham men rosa davru davron surdim, taxtda uzoq yillar o'tirdim, endi bu kursini kimgadir beray, dedimikan?

Xulosa qilib aytmoqchimanki, bizning birinchi prezidentimizdan haqiqatdan ham "Ozod va obod Vatan" qoldimi?..

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring