Trampning farmoni oliylari unga qanday kuch-qudrat beradi?

Donald Tramp Image copyright Getty Images
Image caption Donald Tramp hech kim rad qilolmaydigan farmoni oliysini koʻz-koʻz qilmoqda

Soʻnggi kunlari Prezident Tramp allaqanday qogʻozlarga imzo chekkanini butun dunyo koʻrdi.

Bular Donald Trampning ijroiya hokimiyatiga bergan farmonlari boʻlib, ular saylovoldi vaʼdalarini tez fursatda amalga oshirish yoʻlidir.

AQShda har bir prezident, xususan, Barak Obama ham tez ishga tushadigan farmonlar berishgan.

1789 yildan beri bunaqa farmonlardan 13 mingta imzolangan.

Farmoni oliymi?

Maʼlumki, Kongressning Senat va Vakillar Palatasidagi senator hamda vakillar qaysi gʻoyalar qonunga aylanishi mumkin yo AQSh byudjeti qanday sarflanishi kerak degan masalalarni hal qilishadi.

Lekin aynan farmoni oliy uchun Kongressning roziligi talab qilinmaydi. Biroq bu farmoyishlar ham boshqa qonunlar kabi kuchga ega.

Shu jihatdan u koʻproq farmoni oliy iborasiga mos tushadi.

Aslida, prezidentlar Kongressni aylanib oʻtish niyatida shundayin farmonlar beradi.

Prezident Tramp esa oʻzining ziddiyatli saylovoldi vaʼdalarini amalga oshirish maqsadida mazkur hujjatlarni imzoladi.

Qaror qatʼiy

Donald Tramp imzolagan farmonlar orasida AQShga kirayotgan musulmonlarning huquqlariga oidlari ham bor.

Yoki homila oldiriladigan tibbiy muassasalarga mablagʻ ajratish yoʻllarini toʻsdi.

Ayni paytda, amerikalik hindular yashaydigan Standing Rock rezervatsiyasi yoqalab oʻtadigan oʻta ziddiyatli neft quvurini yotqizishni qoʻllab-quvvatlaydigan farmonni ham imzoladi. Bu quvur esa ham tabiatga, ham hindular muqaddas sanaydigan zaminga zarar yetkazishi aytiladi.

Image copyright Getty Images
Image caption Hindular va faollar Dakota quvuri qurilishiga qarshi uzoq muddat sovuq havoda namoyishlar oʻtkazishgan

Uzoq davom etgan namoyishlar ortidan Barak Obama neft quvuri uchun yangi yoʻl topilishini aytgan edi.

Biroq Donald Tramp ish boshlagach, ushbu quvurni qurish AQSh tijorati va qishloq hoʻjaligiga foyda keltiradi, deb chiqdi.

Keyin esa musulmonlarni AQShga kiritmaydigan farmoni oliy imzoladi. Bunga muvofiq, Suriya, Eron, Iroq, Somali, Yaman, Liviya va Sudan fuqarolari AQSh hududlariga qoʻyilmaydi.

Suriyalik qochqinlarning Amerikaga keladigan yoʻllarini ham toʻsdi.

Farmoni oliyni bekor qilib boʻladimi?

Kongress agar prezident farmoni oliysini yoqtirmasa, uning ijrosini moliyalashni qiyinlashtiradigan biron qonun qabul qilishi mumkin, xolos.

Lekin Trampning holatida Kongressning qoʻlidan hech nima kelmasa kerak.

Chunki ham Senat, ham Vakillar Palatasida demokratlar emas, respublikachilar soni koʻp.

Image copyright Getty Images
Image caption Prezident Tramp koʻplab farmonlarga imzo chekdi

Bir yoʻli bor va u yana shu farmonlar qabul qilingan Oq Uyga yetaklaydi.

Oq Uy maʼmuriyati sobiq prezident farmonini yoqtirmasa, yangi rahbar uni bekor qila oladi.

Biroq AQSh Oliy Mahkamasi prezident farmonini Konstitutsiyaga zid, deb topsa, uni bekor qila oladi.

Konstitutsiya Amerikaning soʻz erkinligi kabi qadriyatlarini taʼminlaydigan bosh kitobdir.

Musulmonlarning AQShga kirishini taqiqlovchi farmonni tanqid qilayotganlarga koʻra, Donald Tramp Konstitutsiyadagi hech bir diniy guruh "boshqasidan ustun emas"ligini taʼkidlovchi muhim moddani buzmoqda.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq