"Oʻzbekiston erkin emas"

Toshkent Image copyright COURTESY

Bu kabi xulosaga Amerikaning "Freedom House" nohukumat tashkiloti oʻzining yillik hisobotida kelgan.

Tashkilot Oʻzbekistonni dunyodagi eng erkin boʻlmagan uchta davlatdan bittasi, deb topgan.

Oʻzbekiston quyi oʻnlikda Suriya va Eritreyadan keyin Shimoliy Koreya bilan bir xil natija qayd etgan.

Tashkilot ekspertlari tomonidan berilishi mumkin boʻlgan 100 balldan bor-yoʻgʻi 3 ballgina qozonib, jahondagi erkinlik eng koʻp boʻgʻilgan davlatlar yuqori uchligidan joy olgan.

Turkmaniston esa, Oʻzbekiston bilan birga "yomonlar yomoni" roʻyxatiga tushgan ikkita Markaziy Osiyo mamlakatidan bittasi boʻlgan.

Ammo, shunda ham, Turkmaniston bir ball yuqori natija bilan Oʻzbekistondan koʻra nisbatan yaxshiroq natija koʻrsatgan.

Boshqa tomondan, uning ana shu "birozgina ijobiy" natijasi ham qurolli nizolar ichidagi Janubiy Sudanniki bilan bir xil boʻlib chiqqan.

Image copyright COURTESY
Image caption Bishkek

Suriya, Eritreya, Shimoliy Koreya, Oʻzbekiston, Janubiy Sudan, Turkmanistondan keyin esa, "yomonlar yomoni " roʻyxatini Somali, Sudan, Ekvatorial Gvineya, Markaziy Afrika Respublikasi va Saudiya Arabistoni davom etdirishgan.

Markaziy Osiyo davlatlari orasidan erkinlik darajasi boʻyicha 37 ballik natija bilan Qirgʻiziston eng peshqadami boʻlib chiqqan.

Ammo, shunda ham, oʻtgan yilgi konstitutsion tuzatishlarni nazarda tutib, "Fridom Hauz" Qirgʻizistonni xavotirga loyiq davlatlar roʻyxatiga kiritishni joiz, deb topgan.

Mintaqa boʻyicha "yaxshilar" uchligini Qozogʻiston (22 ball) va Tojikiston (11 ball) toʻldirishgan.

Rossiya (20 ball) bu borada, hatto, Qirgʻiziston va Qozogʻistondan ham yomonroq natija koʻrsatgan.

Bir necha oʻn yillik uruushlar ichidagi qoʻshni Afgʻoniston esa, 24 ballik koʻrsatkich bilan Qozogʻistonu Rossiyadan ham oʻzib ketgan.

Sobiq Shoʻro davlatlari ichidan 94 ballik natija bilan Estoniya eng erkini boʻlib chiqqan.

Image copyright COURTESY

Yangi hisobot

"Freedom House"ning soʻnggi tadqiqoti jahonning 195 davlatini qamrab olgan.

Tashkiloti ekspertlari bu mamlakatlardagi siyosiy huquqlar va fuqaroviy erkinliklar darajasiga qarab, oʻzlarining yakuniy xulosalarini berishgan.

195 davlatdan 87 tasini "Erkin", 59 tasini "Qisman Erkin" va 49 tasini "Erkin Emas", deb topishgan.

"Freedom House" tashkilotiga koʻra, yangi tadqiqotlari natijasi ketma-ket 11 yildirki, jahon boʻylab erkinlik darajasi pasayib borayotganiga dalolat qilgan.

Ustiga ustak, oʻtgan yil davomida, hatto, dunyoning eng demokratik davlatlarida ham xalqboz va millatchi kuchlar faollashishga muvaffaq boʻlishgan.

Ekspertlar tomonidan "Erkin", deb topilgan Braziliya, Chex Respublikasi, Daniya, Frantsiya, Vengriya, Polsha, Serbiya, Janubiy Afrika, Janubiy Koreya, Ispaniya, Tunis va Amerika Qoʻshma Shtatlarida ham siyosiy huquqlar va fuqaroviy erkinliklar bilan bogʻliq mavjud ahvol "mutlaq koʻngildagidek" boʻlmagan.

"Freedom House" nohukumat tashkiloti yangi reytingida eng yomon natijani Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika davlatlari qayd etishgan.

Yevrosiyo mamlakatlari erkinlik darajasi boʻyicha koʻrsatgan soʻnggi natija esa, ularnikidan sal yaxshiroq boʻlib chiqqan.

Norvegiya, Finlandiya va Shvetsiya esa, mutlaq 100 ballik natija bilan bugun jahonning eng erkin davlatlari, deb topilishgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring