Oʻzbekiston ham Tramp roʻyxatiga tushishi mumkinmi?

Toshkent Image copyright COURTESY

Ayrim siyosiy tahlilchilar nazdlarida, AQSh yangi prezidenti oʻtgan yil avgust oyida Oʻzbekiston qatorida tilga olib oʻtgan aksariyat davlatlar fuqarolariga nisbatan vaqtinchalik viza taqigʻining kiritilishi, tabiiy ravishda, bu roʻyxatning keyinchalik kengayishini anglatadi.

Ammo, ularning aytishlaricha, shunda ham, bu masala joriy taqiq, yaʼni, taʼbir joiz, respublikachi prezident Donald Tramp ilk "tajribasi"ning muvaffaqiyatiga bogʻliq boʻladi.

20 yanvar kuni AQSh yangi prezidenti sifatida rasman oʻz vakolati ijrosiga kirishgan Donald Tramp oradan bor-yoʻgʻi bir hafta oʻtib, oʻzining saylovoldi asosiy vaʼdalaridan birining ijrosiga kirishgan.

Musulmonlarga "Amerika eshiklarini yopishni boshlagan":

Oʻtgan shanba kuni suriyalik qochqinlarning Amerika Qoʻshma Shtatlariga kirishlarini nomaʼlum muddatgacha taqiqlab qoʻygan.

Aksariyat aholisi musulmon boʻlgan: Iroq, Eron, Liviya, Somali, Sudan va Yaman fuqarolariga viza berishni uch oyga maʼn etgan.

AQSh yangi prezidenti va maʼmuriyatining taqiqqa uchraganlarga qochqinlar nisbati berilgan bu qarori oradan sanoqli soatlar oʻtiboq, mamlakat ichkarisiyu tashqarisida keskin aks-sado bergan, "aynan musulmonlarga qarshi" ekani mazmunida jiddiy tanqidlar ostida qolib ketgan.

Yangi prezidentning yangi buyrugʻi zudlik bilan kuchga kirarkan, vaziyatga Amerika Fuqarolik Huquqlari Uyushmasi aralashgan, ularning aralashuvi ortidan Nyu-York mahkamasi Donald Tramp qarorini vaqtinchalik toʻxtatib qoʻyishgacha borgandi.

Mavqeʼ

Image copyright COURTESY

Amerikaning yangi respublikachi prezidenti esa, saylovoldi kampaniyasi davomida oʻzining aynan musulmonlar va muhojirlarga qarshi keskin mavqei, chiqishlari va bayonotlari bilan tanilgan.

Hukumat musulmonlarning Amerikaga nisbatan munosabatlarini "toʻliq aniqlab olmaguncha" ularga oʻz mamlakati eshiklarini butkul yopishga chaqirgandi.

Taʼkidlash joiz, yangi qarorga muvofiq, taqiqqa uchragan Suriya, Iroq, Eron, Liviya, Somali, Sudan va Yaman Donald Tramp oʻtgan yil avgust oyida Oʻzbekiston qatorida "ehtimoliy terrorchilar yetishtirib beruvchi davlatlar" sifatida tilga olgan va fuqarolarini oʻz mamlakatiga kiritmaslikka chaqirgan mamlakatlar boʻlishadi.

Respublikachi nomzodning "qoʻlbola roʻyxati"dan yana Pokiston, Filippin va Marokash ham joy olishgan, Donald Tramp Portlanddagi saylovoldi amaliyoti chogʻida ularning har biriga alohida baho berib oʻtishdan ham erinmagan.

Soʻz aynan Oʻzbekiston haqida ketganda, 2013 yilda Amerika Qoʻshma Shtatlarining Aydaxo shtatida terrorchilik ayblari bilan hibsga olingan Fazliddin Qurbonovning nomini tilga olgan, "bundaylarni oʻz mamlakatida istamasligini" bayon qilgan.

Xuddi shu oʻrinda, "Qayerda joylashganini bilasizmi, hah?", - degan takroriy savollari bilan esa, respublikachi nomzod dunyo xaritasida Oʻzbekiston, degan davlat borligidan oʻzining qanchalik boxabar ekanini ham namoyish etgan, qator nashrlarning hajv va tanqidlari ostida ham qolib ketgandi.

Donald Trampning Portlandda yangragan bu soʻzlari aksariyat oʻzbekistonliklarning eʼtiboridan chetda qolmagan, turli ijtimoiy-muloqot tarmoqlarida ularning keskin tanqidlari va noroziliklariga sabab boʻlgandi.

Saylovoldi amaliyoti chogʻida musulmonlarga qarshi qayta-qayta yangragan bayonotlari va chiqishlari misolida boʻlgani kabi aksariyat tahlilchilar respublikachi nomzodning Portlanddagi soʻzlarini ham jiddiy xavotir bilan qarshi olishgan, ammo, Tramp oʻz vaʼdasida turgan taqdirda, yangi roʻyxatga ulardan aynan qaysilarining tushajagi borasidagi savolga javob berishdan ojiz ekanliklarini ham oshkora tan olishgandi.

Toshkentdan munosabat

Image copyright Gazeta.uz

Toshkentdan siyosiy tahlilchi Anvar Nazirovning BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, AQSh yangi prezidenti Donald Trampning shanba kungi qarori oʻzbekistonliklar orasida vahima uygʻotmay qolmagan.

"Chunki, bilasiz, juda koʻp oʻzbeklar Grin-karta oʻynashadi, juda koʻp oʻzbekistonliklarning Amerika Qoʻshma Shtatlarida qarindoshlari bor, yaqinlari bor... Umuman, oxirgi oʻn yil ichida Oʻzbekiston bilan Amerikani bogʻlaydigan insoniy muloqotlar, aloqalar ancha qalinlashgan. Chunki juda koʻp oʻzbeklar Amerikaga koʻchib borib, oʻsha yerda yashaydigan boʻlishgan. Toʻgʻrisini aytish kerak, hozir Amerika Oʻzbekiston uchun begona mamlakat emas".

Uning aytishicha, xuddi shu bois ham, soʻnggi yangiliklar, Amerikada boʻlayotgan jarayonlar Oʻzbekiston aholisini juda katta vahimaga solib qoʻygan va buni hozir asosan turli ijtimoiy tarmoqlarda kuzatsa boʻladi.

Chunki bugungi kunda aynan shu kabi tarmoqlar ijtimoiy fikrni yaxshi va aniq oʻrganish, anglash uchun asosiy manbaga aylangan, - deydi Toshkentdan tahlilchi suhbatdoshimiz.

"Albatta, vahima bor. Yaʼni, bu voqealarning davomi qanday boʻladi, qabul qilingan qaror qay darajada rivojlanib, kengayadi, chuqurlashadi, degan...".

Suhbatdoshimizning soʻzlaridan ayon boʻlishicha, oʻzbekistonliklar, boshqa tomondan, prezident Trampning qaroriga qarshi Amerikaning oʻzida kechayotgan jarayonlar va ularning qanday yakun topishini qiziqish bilan kuzatib turishibdi.

Ammo

Image copyright COURTESY

Amerikaning oʻzi doxil jahonning turli yirik davlatlarida kechayotgan davomiy ommaviy namoyishlar va yangrayotgan keskin tanqidlar manzarasida esa, Donald Tramp maxsus bayonot bilan ham chiqqan, oʻzining taqigʻi musulmonlarga qaratilganini rad etgan va "eng xavfsiz siyosatlar" qabul qilinganidan keyin bu davlatlar fuqarolariga vizalar berilishi qayta boshlanishini bildirgandi.

Ammo kecha - seshanba kuni Amerika Qoʻshma Shtatlaridan olingan xabarlardan maʼlum boʻlishicha, Donald Tramp oʻzining qarori ijrosini vaqtinchalik toʻxtatib qoʻygan mamlakat Adliya vaziri va Bosh qoralovchi vazifasini bajaruvchi Salli Yyeytsni oʻz vazifasidan chetlatgan.

Oq uyning bu xususdagi rasmiy bayonotida aytilishicha, "AQSh fuqarolarini himoya qilish maqsadi bilan qabul qilingan qonuniy qaror ijrosini bajarishdan boʻyin tovlash bilan Salli Yyeyts Adliya vazirligiga xiyonat qilgan".

Donald Trampning allaqachon ijroiya hokimiyatiga berishga ulgurgan bu kabi farmoni oliylari esa, Amerika siyosatida har qanday prezident saylovoldi vaʼdalarini tez fursatda amalga oshirishning qoyilmaqom yoʻli hisoblanadi.

Yaʼni prezidentning farmoni oliysi uchun AQSh Kongressining roziligi talab qilinmaydi, ammo u boshqa qonunlar kabi kuchga ega, deb koʻriladi.

Donald Tramp misolida masalaning yana bir xos qirrasi borki, ham Senat, ham Vakillar Palatasida demokratlar emas, respublikachilar soni koʻp ekani bois, Kongress bu kabi farmoni oliylar ijrosini, hatto, moliyaviy jihatdan qiyinlashtirishdan ham ojiz qoladi.

Agar, oʻtgan payshanba kungi yangi soʻrov natijalariga tayanilsa, xuddi shu manzarada yangi prezidentning obroʻsi Amerika xalqi orasida yanada toʻkilib, uni dastaklovchilar soni bor-yoʻgʻi 36 foizga tushib qolgan.

Aytilishicha, bunaqasi Amerika Qoʻshma Shtatlari tarixida kuzatilmagan.

Ammo, xuddi shuning barobarida, oʻz partiyadoshlari orasida Donald Trampni qoʻllovchilar, uning prezident oʻlaroq dastlabki bir necha kunlik faoliyatiga ijobiy baho berayotganlar soni hozir 80 foizdan ortib ketgan.

Boshqa tomondan, ayni shu manzarada uning taqigʻi ostiga tushgan ayrim davlatlar AQSh yangi maʼmuriyatiga nisbatan yanada keskin ketishgan, jumladan, Eron va Iroq Donald Trampning qaroriga javoban amerikaliklarni oʻz mamlakatlariga kiritmaslik bilan tahdid qilishgan.

Mahalliy tahlilchilar nazdlarida esa, rasmiy Toshkent oʻtgan avgust oyi misolida boʻlgani kabi, Donald Trampning aksariyat aholisi musulmon boʻlgan qator davlatlar fuqarolarini, oʻz taʼbirida, vaqtinchalik Amerika Qoʻshma Shtatlariga kiritmaslik bilan bogʻliq yangi qaroriga ham oʻz munosabatini bildirishga bormaydi.

Ular buning sababini Oʻzbekiston hali marhum prezident Islom Karimov boshqaruvi davridan boshlaboq oʻzining tashqi siyosatida keskin qadamlar qoʻymasligi, keskin siyosat olib borishga tarafdorlik qilmay kelgani voqeʼligi bilan izohlashadi.

Ammo, shunda ham, tahlilchilarga koʻra, Oʻzbek hukumatining bu xususdagi mavqei Donald Tramp qarori bilan bogʻliq voqealarning qanday rivojlanishi va yakun topishiga bogʻliq boʻlib qoladi.

Soʻnggi yillarning rasmiy statistikasiga tayanilganda esa, Oʻzbekiston shundoq ham fuqarolari osonlik bilan Amerika vizasini ololmaydigan davlatlar qatoridan joy olib kelgan.

Birgina oʻtgan yil misol tariqasida olinganida, Amerikaga borish uchun viza soʻrab murojaat qilgan 50 foizdan ortiq Oʻzbekiston, Tojikiston va qirgʻizistonlikning arizasi qondirilmagan.

Boshqa tomondan...

Image copyright COURTESY

Prezident Donald Tramp boshchiligi ostidagi yangi AQSh maʼmuriyati Oʻzbekiston doxil Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan oʻzining tashqi siyosatini halicha durust-quruq bayon qilmagan.

Ammo xalqaro tahlilchilarga koʻra, yangi prezidenti boshqaruvi ostida "repressiv siyosatini yumshatib", koʻproq islohotlarga diqqat qiladigan boʻlsa, Oʻzbekiston Amerikaning boʻlajak mintaqaviy siyosatida muhim oʻrin tutishi mumkin.

Bundan tashqari, ularning nazdlarida, Afgʻonistondagi xavfsizlik bilan bogʻliq vaziyat bundan buyogʻiga ham Oʻzbekiston-AQSh aloqalarini belgilovchi muhim faktor boʻlib qolaveradi.

Yaʼni, Afgʻoniston xavfsizligi va u yerdagi hozirligi oʻzining ahamiyatini yoʻqotmagunga qadar Oʻzbekiston Amerikaning mintaqadagi yirik hamkori sifatida qolaveradi.

Donald Tramp esa, AQSh yangi prezidenti sifatida qasamyodga keltirilgan kunning oʻzidayoq "radikal islomiy terrorchilikka qarshi" oʻzining keskin mavqeini namoyon etgan.

"Zamonaviy dunyoni radikal islomiy terrorchilikka qarshi birlashtirib, uni Yer yuzidan butkul yoʻqotishlari"ni bayon qilgandi.

Frantsiyadan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, Oʻzbekistonga Donald Tramp maʼmuriyati tomonidan ikkiyoqlama qarash mavjud.

Image copyright COURTSEY

"Yaʼni, janubdan, Afgʻoniston orqali qarash bu - xavfsizlik nuqtai nazaridan qarash. Shimoldan qarash esa, Rossiya nuqtai nazaridan qarash, bu - geosiyosat. Lekin, biz bilamiz, Donald Trampning asosiy geo-siyosiy loyihasi: Rossiyani oʻziga ittifoqchi qilish va ikkita frontga qarshi birgalikda koʻrash olib borish", - deydi tahlilchi suhbatdoshimiz.

Uning nazdida, birinchi front Yaqin Sharqdagi IShID guruhini nazarda tutsa, ikkinchisi Xitoy boʻladi va bu loyihaning muvaffaqiyatini vaqt koʻrsatadi.

"Chunki Donald Tramp ham, Vladimir Putin ham dunyoni taʼsir doiralarga boʻlib olib, boshqarish tarafdori. Agar, bu ikkovlon oʻsha ikkita front boʻyicha hamjihatlikka erishadigan boʻlishsa, bu - Oʻzbekiston davlatchiligi, uning mustaqilligiga anchagina jiddiy muammolar tugʻdirishi mumkin", - deydi Kamoliddin Rabbimov.

"Mening eng asosiy xavotirim - agar, Putin bilan Tramp haqiqatan strategik alyans oʻrnatadigan boʻlishsa, Amerika Qoʻshma Shtatlari Markaziy Osiyoni Rossiyaning manfaatlari hududi, deb tan olishi ehtimoli yuqori".

Lekin, Afgʻoniston, xavfsizlik nuqtai nazaridan qaraydigan boʻlsak, Oʻzbekistonning ahamiyati Donald Tramp uchun muhim ekanligi aniq, deydi tahlilchi.

Ammo, xuddi shu oʻrinda, Frantsiyadan siyosiy tahlilchi suhbatdoshimiz ham AQSh yangi prezidentining shu paytgacha ham Markaziy Osiyo va ham postsovet hududi boʻyicha aniq-taniq strategiyasi, dasturining toʻligʻicha maʼlum emasligi omiliga diqqat qaratadi.

Donald Trampning dunyoqarashi va siyosatini, taʼbir joiz, vaziyatga qarab oqib borayotgan siyosat sifatida baholaydi.

"Tramp xatolar va tajribalar orqali uni-buni amalga oshirishga harakat qilib koʻrayapti va vaziyatdan kelib chiqib, qarorlar qabul qilayapti, deyishimiz mumkin", - deydi suhbatdoshimiz.

Kamoliddin Rabbimovga koʻra, qabul qilgan qarorlari ijrosida oʻzini juda ham qatʼiyatli koʻrsatayotgani, unda vaziyatga moslashish va diplomatiyaga moyillik belgilarining deyarli koʻzga tashlanmayotgani Donald Tramp maʼmuriyati va siyosatining oʻta boʻhronli boʻlishiga dalolat qiladi.

"Bugun Amerikaning dunyo koʻz oʻngidagi legitimligi va obroʻyi chilparchin boʻldi, deyishimiz mumkin. Hozir, hattoki, koʻpgina kuzatuvchilar orasida Donald Trampning birinchi toʻrt yillik prezidentlik muddati oxirigacha borarmikan, degan savollar ham paydo boʻlmoqda", - deydi Frantsiyadan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov oʻz suhbati yakunida.

Yana ayrim tahlilchilar nazdlarida esa, Markaziy Osiyo davlatlari liderlari saylovoldi kampaniyasi va ish faoliyatining ilk haftasidan kelib chiqib, xuddi Rossiya rahbari kabi Donald Trampda demokratiya va inson huquqlari, deb "ortiqcha bosh qotirib yotmaydigan" shaxsni koʻrayotgan boʻlishlari va xuddi shu bois ham, AQSh yangi maʼmuriyati bilan oʻzaro aloqalari istiqbolidan u qadar ham tashvishga tushmasliklari ham mumkin.

Oʻzbeklar, Oʻzbekiston, Amerika

Image copyright COURTESY

Agar, Vashingtondan "Amerika ovozi" radiosi muxbiri Navbahor Imomovaning taxminiy hisob-kitoblariga tayanilsa, oʻzbekistonliklari doxil Amerikadagi oʻzbeklarning taxminiy sonlari bugun qariyb chorak million kishiga yetadi.

Ulardan aksariyatini esa, Grin-karta yordamida Amerika Qoʻshma Shtatlarida yashash huquqini qoʻlga kiritganlari tashkil etishadi.

Suhbatdoshimizning soʻzlaridan ayon boʻlishicha, soʻnggi ikki-uch yil ichida Amerikada kamida yetti nafar oʻzbek terrorizmda ayblanib, sudga tortilgan. Hozirgacha sud ishi yakunlanganlarning hammasi uzoq yillik qamoq jazolariga mahkum etilishgan.

"Xuddi shu bois ham, oʻtgan yillarda Amerikada Oʻzbekiston va oʻzbekistonlik muhojirlar, degan soʻzlar yangiliklardan tushgani yoʻq va mazkur omil tufayli ham, oʻtgan yili saylovchilar bilan uchrashganda, Donald Tramp Oʻzbekistonning nomini tilga olgan. Lekin hozir Oʻzbekistonni yangi Oq uy diqqat-markazidagi mamlakatlardan biri demagan boʻlardim", - deydi jurnalist.

"Ammo, baribir ham, agar Amerikada yashab yurgan boʻlsangiz, bu yerdagi vaziyat bilan tanish boʻlsangiz, muhojirlarning xavotirga tushishlari tabiiy. Chunki ana shu qariyb chorak million oʻzbek, oʻzbekistonlik orasida hujjatsiz yurganlar, noqonuniy ishlab yurganlar, ancha paytdan beri Amerikadan chiqmaganlar, qolaversa, huquq-tartibot organlari bilan oʻziga xos muammolarga ega boʻlganlari anchaginani tashkil etadi", - deydi suhbatdoshimiz.

"Aytmoqchimanki, mana, men oʻtgan bir necha kun ichida, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlardagi kuzatuvlarim yoki shaxsan oʻzbekistonliklar bilan suhbatlarimdan kelib chiqib aytadigan boʻlsam, koʻpchilik xavotirda. Chunki Oq Uy bu maʼn etilgan davlatlar roʻyxatini kengaytirishi mumkin, degan maʼlumotlar ham bor. Bularda asos bor. Bu jarayon qanday tus olishini esa, endi kelasi bir necha kun ichida bilamiz. Umuman olganda, xavotir bor. Lekin, ayni damda, Oʻzbekiston Oq uy diqqat-markazidagi mamlakatlar qatorida yoʻq, deb yana bir bor aytgan boʻlardim. Chunki bu haqda bizning qoʻlimizda konkret bir maʼlumot yoʻq".

Suhbatdoshimiz shu oʻrinda Amerika jamiyati judayam tanqidiy fikrlaydigan jamiyat ekani omiliga ham alohida diqqat qaratadi.

"Shuning uchun ham hozir Amerikaning oʻzida prezident Trampning qarorlariga qarshilik kuchli va kun sayin kuchayib borayapti. Amerikaliklar orasida chetdan kelganlar, muhojirlarga nisbatan munosabat xuddi oldingisidek, yaʼni bu jamiyat haliyam bagʻrikeng".

"Mana shu yerda yashayotgan bir muhojir sifatida, (chunki men oʻzimni hali ham shunday deb hisoblayman), bizga nisbatan, ayniqsa, oʻzbekistonliklar, Markaziy osiyoliklarga nisbatan kimdir nafrat bilan munosabatda boʻlganini shu paytgacha bilmayman", - deydi Vashingtondan jurnalist suhbatdoshimiz.

Rasmiy Toshkent va AQSh yangi maʼmuriyati

Image copyright COURTESY

Eng soʻnggida taʼkidlash joiz, marhum prezidenti Islom Karimovning chorak asrdan ortiq davom etgan boshqaruvi davrida rasmiy Toshkent global siyosatda "qudratlarga" nisbatan oʻzining beqaror tashqi siyosati bilan tanilib ulgurgan.

Hali muvaqqat prezident ekan, Oʻzbekistonning joriy rahbari Shavkat Mirziyoyev tashqi siyosat masalasida "marhum prezident Islom Karimov kontseptsiyasiga sodiq qolishlari"ni bayon qilgan.

Rasman ham Rossiya va ham AQSh bilan har tomonlama manfaatli hamkorlik - oʻz tashqi siyosatlarida muhim ahamiyat kasb etib qolishini alohida tilga olib oʻtgan.

Boshqa tomondan, Donald Trampning qudratga kelishi oʻtgan 15 yil davomida AQSh-Oʻzbekiston aloqalarida muhim oʻrin tutib kelgan qoʻshni Afgʻonistonda Rossiya faollashish harakatida boʻlgan, demokratchi prezident Barak Obama davrida rasmiy Moskva va Vashington oʻrtasidagi munosabatlarga jiddiy darz yetib ulgurgan bir manzarada qudratga kelmoqda.

Ustiga ustak ham Oʻzbekiston va ham Amerikaning yangi prezidentlari Afgʻonistondagi xavfsizlik bilan bogʻliq vaziyat 2001 yildan buyon kuzatilmagan bir darajada izdan chiqib boʻlgan, mamlakatda barcha mintaqa davlatlarini birdek jiddiy xavotirga solayotgan Yaqin Sharqdagi IShID guruhi qadar faollashishga muvaffaq boʻlgan bir paytda oʻz vakolatlari ijrosiga kirishishgan.

Xuddi shu manzarada har ikki davlat prezidentlari ham mamnun qolganliklarini rasman izhor etgan esalar-da, Vladimir Putin va Donald Tramp ilk telefon muloqotidan bu ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarning ilishiga asos berishi mumkin boʻlgan tafsilotlar olinmagan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Donald Tramp qudratga kelishi ortidan Amerika Qoʻshma Shtatlariga safar qilajak ilk xorijiy davlat rahbari ekani kutilgan esa-da, bu umidlar ham oʻzini oqlamagan. Bu kabi sharafga esa, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Tereza Mey loyiq koʻrilgan.

Ikkovlon oʻrtasidagi ayni shu qoʻngʻiroq ortidan, Ukraina sharqida yana rossiyaparast boʻlginchilar va ukrain hukumat kuchlari oʻrtasida janglar boshlanib ketganiga oid xabarlar ham olingan.

Xuddi shu manzarada Ukraina va Suriyadan keyin qoʻshni Afgʻonistonning AQSh va Rossiya oʻrtasida yangi "proksi urushi" maydoniga aylanishiga oid xavotirlar hanuz oʻz kuchini yoʻqotmagan.

Rasmiy Kremlning aksariyati Afgʻonistonga bevosita chegaradosh Markaziy Osiyo davlatlarini birdek chetga surib, afgʻon mojarosida faollashishga urinishlari esa, hozir mintaqani oldinda nimalar kutayotgani borasida ancha-muncha tahlilchilarning koʻplab javobsiz savollariga sabab boʻlmay qolmagan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring