Oliy maʼlumotli, lekin diplomsiz...

Jahon tillari universiteti Image copyright daryo.uz

Baxtiyor shu kunlarda Janubiy Koreyada til kurslariga borib, ayni vaqtda kun kechirish uchun turli qora ishlar bilan shugʻullanishga ham tayyor oʻzbekistonlik yosh, oliy maʼlumotli mutaxassis.

4 yil mobaynida Jahon tillari Universitetida oʻqib, bir necha tilda soʻzlasha olishiga qaramay qoʻlida diplomi boʻlmagani uchun hozirda shu ahvolda.

Nima uchun oliygohni bitirganiga qaramay diplom ololmagan? Hamma gap uning davlat tomonidan berilgan grantga oʻqiganida.

Bir necha yil avval Oʻzbekiston oliygohlarida oʻqish uchun kontrakt asosida pul toʻlash tizimi kiritilganidan beri davlat grantiga oʻqish koʻplab talabalarning eng oliy orzusi...

Chunki koʻp ming soʻmlik kontrakt pullarini toʻlashga hammaning ham qurbi yetmaydi va grantlar faqatgina iqtidorli talabalargagina beriladi.

Baxtiyor ana shu baxtga muyassar boʻlganlardan biri edi. Fargʻona viloyatining Bagʻdod tumanidan boʻlgan Baxtiyor grantga erishgani keyinchalik uning kasbiy faoliyatida jiddiy muammoga aylanishini tasavvur ham qilmagandi.

Intilish va tashabbus imkonsiz...

Hamma gap 2016 yili oʻqishni bitirganidan soʻng, erishilgan marrada toʻxtashni istamay chet elda magistarturada oʻqish yoʻllarini qidira boshlagan vaqti boshlandi.

Jahon tillari rektoratidan aytishlaricha, Baxtiyor davlat tomonidan berilgan grantda oʻqigani uchun oʻzining asosiy propiskada turgan yeriga qaytib, davlat tashkilotida, jumladan oʻquv muassasi, yaʼni maktab, kollej yoki litseyda 3 yil mobaynida ishlab berishi shart. Ana shundan keyingina uning qoʻliga oliy taʼlimni bitirgani haqidagi diplomni berishlari mumkin.

Bu orada Baxtiyorning qoʻliga xorijdagi ikki oliygohdan grant asosida magistraturada oʻqish uchun taklif kelib tushgan edi.

Na iloj, bir tarafdan xorijdagi oliygohga oliy maʼlumotga ega ekanligi haqidagi hujjatni koʻrsata olmagani, boshqa tomondan davlat grantiga oʻqigani uchun davlat muassasiga ishlab berish shartini qabul qilishga majbur boʻlgani uchun u ish qidira boshladi.

Image copyright jtu

Propiska yoʻq - ish yoʻq. Ish yoʻq - propiska yoʻq.

Toshkentda televideniye tahririyatlaridan biriga uni goʻyo ishga olishga rozi edilar. Ana shu yerda Baxtiyorning muammolariga yana bir byurokratik muammo kelib qoʻshildi. U ham boʻlsa propiska masalasi.

Bagʻdodlik Baxtiyorning Toshkentdagi propiskasi faqatgina oliygohda oʻqigan vaqti muddatiga, vaqtincha berilgandi. Televideniyedagilarning sharti "avval propiskadan oʻting" qabilida boʻldi.

Oʻzbekiston Olimpiya Qoʻmitasida ham uni ishga olishga rozi edilar. Ammo ularning ham sharti propiska edi.

Toshkent shahri turar-joy qaydidan oʻtkazish boshqarmasida esa shart - ishlab turgan yeridan tasdiqlovchi hujjatlarni olib kelish edi.

Shunday qilib, ulkan umidlar bilan olliygohni bitirgan Baxtiyor boshi berk berk koʻchaga "kirib qoldi".

Uning Oliy taʼlim vazirligi qabulxonasi va vazirlikning ishonch telefonlariga qilgan qayta-qayta murojaatlari samarasiz boʻldi. U bilan telefonda gaplashgan vazirlik xodimlaridan biri gapni choʻrt kesib, "Davlat granti asosida tahsil olgan bakalavriatura va magistratura talabalarining 3 yil davomida ishlab berish majburiyati" haqida 2005/2006 oʻquv yilidan boshlab amaliyotga tadbiq etilgan qarorni keltirdi.

"Davlat muassasida ishlash shart emas"

Baxtiyor grant asosida oʻqishga rozi boʻlgan vaqti bu qaror va uning shartlaridan bexabar edimi? Uning aytishicha, bundan albatta xabardor edi.

Lekin u ishga kirmoqchi boʻlgan Oʻzbekiston televideniyesi kanallaridan biri yoki Olimpiya qoʻmitasi davlat muassasi emasmi?

Bunga ilova huqushunos Xushnudbek Xudoyberdiyev tomonidan asos solingan va yuridik masalalar boʻyicha maslahat beruvchi xushnudbek.uz blog sahifasida shu mavzuda nashr etilgan maqoladan iqtibos keltiradigan boʻlsak, yuqorida tilga olingan qaror bandlarida "taʼlim muassasalari, korxona va tashkilotlarga ishga taqsimlash" jumlasi ishlatilgan. "Davlat" soʻzi mavjud emas. Korxonalar xususiy ham boʻlishi mumkin. Tashkilotlar nodavlat va notijorat ham boʻlishi mumkin. Bundan kelib chiqadiki, 3 yil majburiy ishlab berish davlat tashkilotlarida boʻlishi shart emas". (iqtibos tugadi)

Bundan tashqari bu "muassasa" aynan bitiruvchining asosiy propiskadan oʻtgan yerida boʻlishi kerakligi ham qayd qilinmagan.

Davlat granti, propiska kabi Oʻzbekistondagi kundalik voqelikning tarkibiy qismi boʻlgan "yozilganu yozilmagan shartlar" girdobida qolgan Baxtiyor oxir-oqibat Fargʻonaga qaytib, mahalliy kollejlardan biri oʻqituvchi boʻlib ishlay boshladi.

"700 ming soʻm oylik, oʻqituvchilarga stavkalarni taqsimlash, qogʻozbozlik, keng quloch yoygan poraxoʻrlik muammolari tufayli u yerda faqatgina 3 oy ishlay oldim, xolos. Qolganiga chiday olmadim", dedi BBC bilan suhbatda u.

Uning aytishicha, u bilan birga oliygohni oʻsha yili bitirgan va undan avval grant asosida oʻqib bitirganlarning aksariyatining ahvoli hozirda aynan shunday. Oʻqishni bitirishgan, lekin qoʻllarida diplom yoʻq. Oliy maʼlumotga ega ekanliklarini tasdiqlovchi bir parcha qogʻoz bor, xolos.

Shunday qilib, oliy maʼlumotli, lekin qoʻlida hujjati yoʻq, iqtidorli oʻzbekistonlik mutaxassis hozirda Janubiy Koreyada. Har qanday qora ishni qilishga tayyor va yana avval boshdan til oʻrganmoqda.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring