Oʻzbekiston blogerlarga litsenziya joriy qilmaydi

Uzblogging Image copyright Uz24.uz

Oʻzbekiston Matbuot va Axborot agentligi mamlakatda blogerlik faoliyati uchun maxsus litsenziya joriy etish rejasidan voz kechganini aytgan.

"Novosti Uzbekistana" nashrining Agentlik litsenziyalash departamenti rahbari Artur Kandan iqtibos keltirishicha, bu kabi qaror "mamlakat ichkarisidagi blogerlik faoliyatini murakkablashtirmaslik" maqsadida qabul qilingan.

"Yaqin kelajakda bu boradagi qonunchilikka oʻzgartirish kiritish rejasi yoʻq", - deb aytgan mulozim.

Uning soʻzlariga koʻra, agentlik blogerlar uchun Rossiyadagi kabi alohida litsenziya joriy etish masalasini muhokama qilgan, ammo hozircha litsenziyalashga ehtiyoj yoʻq, degan xulosaga kelgan.

Oʻzbekistonda blogerlik faoliyati "Axborotlashtirish toʻgʻrisida"gi qonun doirasida tartibga solinadi.

Qonunga "blogerlik" iborasi ilk bor 2014 yilda kiritilgan.

Unda ochiq manbalardan qoʻlga kiritilgan axborotni tarqatayotgan shaxsning masʼuliyati belgilab berilgan.

Ismini ochiqlashni istamagan oʻzbek blogerlaridan birining BBCga aytishicha, qonunda bloger ommaviy axborot vostasiga tenglashtirib qoʻyilgan va u ham baribir tarqatgan axboroti uchun qonun oldida javob beradi.

"Bizda internet OAVmi-yoʻqmi, degan savolning javobi yoʻq. Shuning uchun OAVga chiqarilayotgan har narsa tekshirilishi kerak, degan vaj bilan istalgan odamni javobgarlikka tortish mumkin", - deydi oʻzbekistonlik bloger.

Ziyouz portali asoschisi Davronbek Tojialiyevga koʻra, rasmiylarning blogerlarni hozircha litsenziyalamaslik qarorini mamlakat ichkarisidagi blogerlarning hokimiyat va jamiyatga taʼsiri cheklangani bilan tushuntirish mumkin.

"Oʻzbekistonda blogerlik hali Rossiya va gʻarb davlatlari kabi yaxshi rivojlanmagan. Yaʼni blogerlarning taʼsir kuchi deyarli sezilmaydi. Oʻzbek blogerlarining auditoriyasi u qadar katta emas. Balki shuning uchundir, ularning faoliyati uchun litsenziya talab qilinmaydi. Lekin bu ham vaqtincha, deb oʻylayman. Blogerlar bevosita hokimiyat va jamiyatga taʼsir koʻrsata oladigan holga kelsa, litsenziya olish talab qilinsa kerak", - deydi Davronbek Tojialiyev.

Uning soʻzlariga koʻra, ijtimoiy-iqtisodiy sohada boshlangan oʻzgarishlarga qaramay, erkin blogerlik haqida gapirishga hali erta.

"Haqiqiy maʼnodagi erkin blogerlikka erishish uchun avval xolis va professional internet jurnalistikani shakllantirish kerak. Oʻzbekiston ichkarisida siyosiy mavzuda erkin qalam tebratadigan blogerlar, deyarli yoʻq hisob. Iqtisodiy-ijtimoiy mavzular bemalol", - deydi u.

Mahalliy blogerlarning fikricha, Oʻzbekistonda blogerlik faoliyatining u qadar rivojlanmaganiga asosiy sabab blogerlarning oʻz bloglari orqali iqtisodiy foyda koʻrmasligidir.

Soʻnggi paytlarda Oʻzbekistondagi internet nashrlarning xabarlarni yoritishda bir qadar faollashgani kuzatiladi.

Ammo bu kabi faollik hozircha bosma matbuotda koʻzga tashlanayotgani yoʻq.

Oʻtgan hafta Xorazmga safari chogʻida Prezident davlat telekanallarini "televizorda har kuni koreys bilan Hindistonni kinosini koʻrsatavermasdan", dolzarb muammolarni koʻtarib chiqishga chaqirgan.

Ayrim mahalliy jurnalistlarning taxminlaricha, matbuot qattiq nazorat qilinadigan Oʻzbekistonda ayni soha uchun masʼul agentlikning blogerlarni litsenziyalamaslik qarori Prezident Mirziyoyev boshlagan islohotlar bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.

Ammo ularga koʻra, matbuot sohasida jiddiy erkinlashtirish jarayonlarining boshlanishi siyosiy sohada keng koʻlamli islohotlarning oʻtkazilishiga bogʻliq.

Prezident Mirziyoyev hozirga qadar siyosiy sohada ham islohotlarning boshlanishiga ishora qilmagan.

Oʻtgan oy Oʻzbekiston Senati raisining oʻrinbosari Sodiq Safoyev iqtisodiy sohada islohotlar oʻtkazish zarurati "siyosiy tizimni yangilashni taqozo qilayotganini aytgan.

Uning soʻzlariga koʻra, inson haqlarini himoya qilmasdan va boshqaruvni shaffoflashtirmasdan turib, iqtisodiy oʻsishga erishib boʻlmaydi.

"Bu kimgadir yoqish yoki xalqaro tashkilotlar oldida hisobot berish uchun qilinayotgani yoʻq. Siyosiy islohotlarni keyinga qoldirish jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin", - deb aytgan Senat mulozimi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring