Oʻzbek-Amerika aloqalari: Avval iqtisod

Amerika - Oʻzbekiston Image copyright ТВЦ

Prezident Shavkat Mirziyoyev AQSh bilan oʻzaro munosabatlarni "avvalo, iqtisodiyot sohasida mustahkamlashga qaratilgan hamkorlikning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish" kerakligini aytgan.

Bu haqda Oʻzbekiston rahbari chorshanba kuni Amerika - Oʻzbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm bilan uchrashuv chogʻida gapirgan.

Mirziyoyevga koʻra, Oʻzbekiston Qoʻshma Shtatlar bilan savdo-iqtisodiy, investitsiya, texnologiya, innovatsiya va taʼlim sohalarida uzoq muddatli hamda keng koʻlamli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdan manfaatdor.

Rasmiy xabarda aytilishicha, uchrashuv chogʻida AQShning "toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalari va zamonaviy texnologik yutuqlari asosida amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalar" muhokama etilgan.

Avvalroq Lemm xonim Toshkentdagi Amerika - Oʻzbekiston savdo palatasining yigʻilishida ishtirok etgan.

Yigʻilishda oʻzbek tomoni AQSh moliya institutlari bilan aloqalarni qayta tiklash zarurati haqida gapirgan.

Tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Elyor Gʻaniyev Oʻzbekiston hanuz Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqiyot Tashkilotining sarmoyalarga xavf katta boʻlgan davlatlar roʻyxatida qolayotgani bu borada muammo yaratayotganidan shikoyat qilgan.

"Bizni hozirgacha 6-toifaga kiritishadi. Bu albatta toʻsiq", - degan Gʻaniyev.

Ammo uning taʼkidlashicha, bu "birinchi navbatda Amerika sarmoyalari yoʻlidagi toʻsiqdir".

Oʻzbek mulozimi oxirgi 13 yilda Oʻzbekistonda yalpi ichki mahsulot oʻsish hajmi 8 foizni tashkil etgani va mustaqillik yillarida Oʻzbekiston iqtisodi 5 barobarga oʻsgani haqidagi odatiy raqamlarni keltirgan.

Elyor Gʻaniyev AQShlik sarmoyadorlarni mamlakat boʻylab tashkil etilayotgan 4 ta erkin iqtisodiy hududga sarmoya kiritishga chaqirgan.

"Ularda xorijlik sarmoyadorlar uchun mislsiz sharoitlar yaratilmoqda. Qisqacha aytganda, soliq ham, boj toʻlovi ham nolьga teng", - degan oʻzbek mulozimi.

Oʻzbek tomonining raqamlariga koʻra, Qoʻshma Shtatlar Oʻzbekistonga kiritgan umumiy sarmoyalar miqdori 1 milliard dollardan oshgan.

Bu raqam 2015 yil sentyabr holatiga Amerika Qozogʻistonga kiritgan toʻgʻridan-toʻgʻri sarmoyalar hajmidan 30 barobar (30 milliard dollar-tahr.) kamdir.

AQSh Oʻzbekistonni erkin bozor iqtisodi amal qilayotgan davlat sifatida tan olmagan.

Islohotlarga pul kerak

Prezident Mirziyoyev oʻz chiqishlarida iqtisodiyotda davlat ulushini kamaytirish va xususiy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash haqida gapirgan.

Tahlilchilarga koʻra, Mirziyoyev oʻzi eʼlon qilgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishi uchun yirik xorijiy sarmoyalarni jalb etishi kerak boʻladi.

Oʻtgan oy hukumatning yil yakunlariga bagʻishlangan yigʻilishida Elyor Gʻaniyev doxil, xorijiy sarmoya uchun maʼsul vazirlar va idoralar rahbarlarini tanqid qilgan.

"Sizlar Koreyaga komandirovkaga sarflagan mablagʻlaringizga ikkita korxona qurish mumkin edi", - deb aytgan Mirziyoyev mulozimlardan biriga.

Image copyright Uzdaily.uz
Image caption Avvalroq Mirziyoyev AQSh Davlat Kotibining siyosiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Tomas Shennon bilan muzokaralar oʻtkazgan

Prezident xorijiy sarmoyalarni jalb etish uchun Senat raisining yangi oʻrinbosari lavozimini taʼsis etgan.

Ushbu lavozimga tayinlangan senator Sodiq Safoyev oʻtgan yil dekabrida Oʻzbekistonda sarmoya muhiti yomonligini tan olgan.

Toshkentda xorijiy sarmoyalarga bagʻishlangan anjumanda gapirgan Safoyev xorijlik ishbilarmonlar bilan ochiq muloqotga tayyor ekanliklarini aytgan.

"Agar elektr taʼminoti yaxshi boʻlmasa, bironta ham sarmoyador Oʻzbekistonga kelib, zavod ochmaydi", -deb aytgan anjumanda qatnashgan yevropalik diplomatlardan biri.

Tahlilchilarning aytishlaricha, pul valyuta siyosati erkinlashtirilmas va korruptsiyaga qarshi jiddiy kurash boshlanmas ekan, xorijiy sarmoyadorlarni jalb qilish qiyin boʻladi.

Oʻzbekiston hukumati aprel oyida pul-valyuta islohotini oʻtkazishni rejalayotganini aytgan, ammo hozirga qadar bu borada aniq harakat rejasi eʼlon qilinmagan.

Sodiq Safoyev Oʻzbekistonda "siyosiy modernizatsiya"ga ehtiyoj borligini ham tan olgan.

Siyosiy aloqalar

Oʻtgan yil oktyabrida prezident vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev Samarqandda AQSh Davlat Kotibining siyosiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Tomas Shennon bilan muzokaralar olib borgandi.

Muzokaralar chogʻida ikki tomon jumladan, siyosiy aloqalarda ham "koʻzga koʻrinarli natijalar"ni qoʻlga kiritish niyatida ekanliklarini tasdiqlashgan.

Tomas Shennonning safaridan koʻp oʻtmay, sobiq deputat va siyosiy mahkum Samandar Qoʻqonov qamoqdan ozod etilgandi.

AQSh Davlat Departamenti 23 yildan koʻproq umrini qamoqda oʻtkazgan faolning ozod qilinishi Oʻzbekiston hukumati bilan olib borilgan muzokaralar natijasi ekanini tasdiqlagan.

Ammo ayni paytda yana oʻnlab siyosiy faollar va mustaqil jurnalistlar qamoqxonada qolayotir.

Oʻtgan oy AQShda joylashgan Jurnalistlarni Himoya Qilish Qoʻmitasi Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni qamoqdagi jurnalistlarni ozod etish, matbuotga erkinlik berish va internetga qoʻyilgan cheklovlarni olib tashlashga chaqirgan.

Prezident Mirziyoyev hozirga qadar mamlakatda tub siyosiy islohotlar oʻtkazish haqida gapirmagan.

Mamlakatda marhum prezident Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish va uning ziddiyatli siyosiy merosini ulugʻlash harakatlari boshlangan.

AQSh Davlat Departamenti Oʻzbekistonda Karimov davrida qaror topgan siyosiy tuzumni "inson haqlarini qoʻpol ravishda poymol qiluvchi repressiv va shafqatsiz tuzum" deb taʼriflab kelgan.

Amerikalik diplomatlar inson haqlarining buzilishini Oʻzbekiston bilan aloqalarning rivojlanishiga toʻsqinlik qilayotgan asosiy omil sifatida koʻradilar.

AQSh yangi maʼmuriyatining Oʻzbekiston bilan munosabatlarda inson haqlariga qanchalik eʼtibor qaratishi nomaʼlum.

Toshkentdagi diplomatik manbaʼlardan birining aytishicha, Donald Trampning prezidentlikka saylanishi oʻzbek diplomatlari uchun "yaxshi yangilik" boʻlgan.

Oʻtmishda Jorj Bushning respublikachi maʼmuriyati Oʻzbekistonni terrorga qarshi urushda muhim ittifoqchi sifatida tanlagani uchun tanqid qilingan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring