Samarqandni kim zulmatga botirdi?

Samarqand Image copyright Social Media

Mustaqil jurnalist Toshpoʻlat Rahmatullayev ona shahri Samarqandda chiroq muammosini yozganidan soʻng shahar prokuraturasidan qoʻngʻiroq boʻlgan.

Bu haqda jurnalist oʻzining shaxsiy blogi - rtoshpulat.blogspot.co.uk da yozgan.

Samarqand shahar prokuraturasidan qoʻngʻiroq qilgan yosh xodim jurnalist muammoni koʻtargani uchun idoraga kelishi va suhbatdan oʻtishi kerakligini aytgan.

Jurnalistning uyiga chaqiruv qogʻozi yuborilmagan.

"Suhbatlashish uchun kelasiz. Axir siz chiroq yoʻq, deya shikoyat qilgan ekansiz-ku. Masalani oʻrganish boʻyicha Toshkentdan topshiriq boʻldi", - deya prokuratura xodimining soʻzlarini keltiradi Toshpoʻlat Rahmatullayev.

Jurnalist hech kimga shikoyat qilmagani, aksincha, shaharda yuz minglab odamni tashvishga solayotgan elektr taʼminoti bilan bogʻliq muammoni koʻtarganini aytgan.

"Agar rahbariyat ushbu muammoni oʻrganishni soʻragan boʻlsa, unda men bilan emas, viloyat va shahar elektr tarmogʻi rahbarlari bilan gaplashing. Chunki men masalani maqolamda aniq qilib yozib qoʻyibman. Axir ularning harakati yoki harakatsizligi aholining noroziligiga sabab boʻlmoqda", - degan bloger Toshpoʻlat Rahmatullayev prokuratura xodimi bilan telefon orqali suhbatda.

Jurnalist shaxsiga boʻlgan qiziqish bu bilan bitmagan.

Image copyright Farg'ona
Image caption "Prokuraturaning haqiqatni yozgan jurnalistni tekshirishdan boshqa ishi yoʻqmi?"

Keyingi safar shahar prokuraturasi xodimi Toshpoʻlat Rahmatullaayev yashaydigan mahalla markaziga telefon qilgan va jurnalist haqida maʼlumot soʻragan.

Toshpoʻlat Rahmatullayev biror muammoni koʻtarib chiqqanidan soʻng huquq tartibot organi xodimlari muammo qolib uning shaxsiga qiziqishi birinchi marta boʻlmayotganini yozgan.

Jurnalist "huquq-tartibot organlarining haqiqatni yozgan jurnalistni tekshirishdan boshqa ishi yoʻqmi?", deya savol beradi.

Toshpoʻlat Rahmatullayevning yozishicha, jurnalist tomonidan chiroq muammosi koʻtarib chiqilgach, Samarqandda xalq deputatlari viloyat kengashi sessiyasida qatnashgan Bosh vazir oʻrinbosari Zoir Mirzayev Samarqandda elektr taʼminoti bilan nimalar roʻy berayotganini bilish uchun maxsus kelganini gapirgan.

Ushbu sessiyadan soʻng, shaharda elektr taʼminoti qayta yoʻlga qoʻyilgan.

Bosh vazir oʻrinbosarining gaplaridan bir kun oʻtib, jurnalistga Samarqand elektr tarmoqlari hududiy korxonasi rahbari Gʻulom Primov qoʻngʻiroq qilgan va "Oʻzbekenergo" AJ Samarqandga qoʻyilgan elektr taʼminotidagi cheklovlarni olib tashlaganini va shaharni chiroq bilan taʼminlashda hech qanday limit boʻlmasligini bildirgan.

Gʻulom Primovning soʻzlaridan anglashiladiki, Samarqandni zulmatga botirgan tashkilot Toshkentdagi "OʻzbekEnergo" aktsiyadorlik jamiyatidir.

Erkinlik shabadasi esayaptimi?

Oʻzbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov davrida Oʻzbekistonda hukumat pozitsiyasidan boshqacha fikrda boʻlgan jurnalistlar va nashrlar qattiq siquvga olinardi.

Bir necha xalqaro tashkilotlar aynan erkin soʻzga qoʻyilgan taqiq va bosimlar tufayli Oʻzbekistonda oʻz faoliyatitini toʻxtatishga majbur boʻlgan.

Oʻzbek qamoqxonalarida mustaqil jurnalistlarning mahkum etilishi xalqaro jamoatchilik tomonidan tanqid qilinadi.

Biroq 2017 yilni "Xalq bilan muloqot yili" deya nomlagan va mulozimlarni kameralar qarshisida ochiq va keskin tanqid qilishi bilan tanilayotgan Shavkat Mirziyoyev davrida oʻzbek jurnalistikasida uygʻonish alomatlari koʻzga tashlanmoqda.

Shu vaqtgacha asosan rus saytlaridan tarjima qilish bilan shugʻullangan kun.uz, daryo.uz saytlarida Karimov davrida uchratish amrimahol boʻlgan tanqidiy materiallarni koʻrish mumkin.

Ayniqsa, bu borada kun.uz sayti oʻquvchilarni hayratga solayapti, deyish mumkin.

Jurnalistlarga boʻlayotgan taʼqiblardan tortib, chiroq va gaz muammolari ushbu saytda ochiqdan ochiq yozilmoqda.

Ushbu saytlardagi jurnalistlar jurnalistik tadqiqot olib borishga oʻta boshlagani sabab bir qator vazirlik va tashkilotlarga xat bilan murojaat qila boshlashdi.

Maktablarda metallalom va boshqa majburiy yigʻdi-yigʻdilar borasida Mehnat vaziridan rasman javob olishga erishishdi.

Karimov davrida bu kabi holatlarni tasavvur qilish qiyin edi.

Kuzatuvchilarga koʻra, hozircha, ushbu jurnalistik soʻrovlar muammoni tubdan yechishga kamlik qilmoqda. Mehnat vaziri ham javob maktubida, muammo borligini tan olmagan va bu kabi "asossiz" maqolalarni chop qilishdan ogohlantirdi.

Lekin bu kabi ogohlantirishlarga qaramasdan veb saytlar muammolarni yozishdan toʻxtab qolmayapti.

Nuz.uz, sof.uz va gazeta.uz saytlari ham ancha erkin va tanqidiy ruhda yozishga oʻtdiki, oʻquvchilar oldida tanlov paydo boʻla boshladi.

"Balandparvoz gaplar zamoni oʻtdi"

Hukumatning yil yakunlariga bagʻishlangan yigʻilishida, nomaʼlum shaxslar tomonidan Shavkat Mirziyoyevning televideniyeda koʻrsatilmagan gaplari Telegram orqali tarqatildi.

Unda amaldorlarni ayovsiz tanqid qilgan Shavkat Mirziyeyoyev "hamma narsani oʻz nomi bilan atash vaqti kelgani"ni aytadi.

"Balandparvoz gaplar, yakunda bitta vazir chiqishi va qarsak chalish zamoni oʻtdi. Endi zamon koʻtarmaydi, xalqimiz ishonmaydi", - degan Shavkat Mirziyoyev.

Bu kabi chiqishlardan soʻng, hukumat chizigʻidan bir qadam ham chiqmaydigan "Ishonch" gazetasida Yangiyoʻlning 20 yildan beri taʼmirlanmay yotgan yoʻllari haqida maqola chiqdi.

Eʼtiborga molik jihati 20 yildan beri taʼmirlanmay yotgan yoʻlga markaziy nashrdan ilk bora eʼtibor boʻlayotganidir.

Mustaqil saytlarda esayotgan erkinlik shabodasi markaziy nashrlar, jumladan mamlakatning bosh axborot agentligi OʻzA yoki markaziy televideniyelarda hozircha kuzatilgani yoʻq.

Balandparvoz sarlavhalar va mustaqillik bergan neʼmatlar, imkoniyatlaridan soʻzlovchi maqola va koʻrsatuvlar oʻrnini hayotga yaqin materiallar hanuz egallagani yoʻq.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring