Milliy Teleradiokompaniya raisi oʻzgardi

Xurshid Mirzohidov Image copyright Uzreport
Image caption Xurshid Mirzohidov bundan avval Axborot texnologiyalari va kommunikatsiya vaziri boʻlgan

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Milliy Teleradikompaniyasi - OʻzMTRK ga yangi rahbar tayinlagan.

Bu haqda Oʻzbekistondagi qator internet nashrlari xabar bermoqda.

45 yoshli Xurshid Mirzohidov qariyb 12 yil davlat televideniyesini boshqargan Alisher Xoʻjayev oʻrnini egallaydi.

U bundan avval Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri va OʻzMTRK raisining oʻrinbosari lavozimlarida ishlagan.

Prezident qarori hali hukumat portali va OʻzMTRK saytida paydo boʻlgani yoʻq.

Alisher Xoʻjayevning nima uchun ishdan olingani va qaysi lavozimga oʻtkazilgani maʼlum emas.

Xoʻjayev oxirgi yillarda Milliy Teleradikompaniyada yuz bergan korruptsiya mojarolari markazida boʻlgan.

Televideniyening sobiq jurnalistlari Malohat Eshonqulova hamda Saodat Omonovalar Xoʻjayevni tanish-bilishchilik va korruptsiyada ayblaganlar.

Ammo Karimov davrida jurnalistlarning OʻzMTRK rahbariyati ustidan Prezident va Bosh vazir nomiga qilgan shikoyat va murojaatlari javobsiz qoldirilgan.

Image copyright Dunyouzbeklari.com
Image caption Alisher Xoʻjayevning nima uchun ishdan olingani va qaysi lavozimga oʻtkazilgani maʼlum emas

Xoʻjayevning joriy bosh vazir Abdulla Aripovga quda boʻlgani, Aripov 2012 yilda Bosh vazir oʻrinbosari lavozimidan olingach, u bilan qarindoshlik rishtalarini uzgani aytiladi.

OʻzTVga yaqin manbaʼlarning aytishicha, Alisher Xoʻjayevning isteʼfosi kutilayotgandi.

Bundan avval ham bir necha marta isteʼfoga ketishi haqida gaplar tarqagan Xoʻjayev televideniye jurnalistlari orasida "oʻtda yonmas, suvda choʻkmas" laqabini olgan.

Alisher Xoʻjayev televideniye rahbarligiga qadar Prezident huzuridagi Xavfsizlik Kengashida xizmat qilgan va maxsus xizmatlarga aloqaasi borligi aytiladi.

Xoʻjayevning isteʼfosi Prezident Mirziyoyevning davlat televideniyesi shaʼniga aytgan tanqidlaridan soʻng yuz bermoqda.

Oʻtgan hafta Xorazmga safari chogʻida Prezident davlat telekanallarini "televizorda har kuni koreys bilan Hindistonni kinosini koʻrsatavermasdan", dolzarb muammolarni koʻtarib chiqishga chaqirgandi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring