'Futbolga byudjetdan pul ajratmang, Mirziyoyev'

Image copyright Courtesy

Twitter ijtimoiy tarmog'ida jurnalist va futbol mutaxassislari o'zbek futboliga sarflanayotgan mablag'lar o'zini oqlamaganini muhokama qilishg

Tortishuvlarda futbolga davlat byudjeti, davlat tashkilotlari yoki majburiy homiylikni to'xtatish kerak degan fikr ustun kelgan.

"Shavkat Miromonovichdan davlat korxonalari futbolga pul ajratishini taqiqlashni iltimos qilardim. 16 klubimiz yiliga 200 milliardmas, 30 milliard sarflasa ham, xuddi shu saviyadagi futbolni ko'rayotgan bo'lardik. Nima uchun ortiqcha to'lashimiz kerak", - deydi futbol jurnalisti Qahramon Aslanov.

Jurnalistga ko'ra, O'zbekistonda futbol kasb emas, yarim havaskor bo'lishi kerak. Chunki O'zbekistonda futbolga qiziqish o'lgan va stadionlarga kiruvchilar soni yildan yilga kamayib ketmoqda.

Terma jamoaga nomzodlar yetarli bo'ladi, O'zbekistonda professional futbol yo'qligi iqtidorlarning chet ellarda klub izlashiga va o'zi ustida ishlab mahoratli legionerlarga aylanishiga olib keladi.

O'zbekistonda futbol klublari asosan davlat ko'magi va homiylarga bosimi ostida mablag'ga ega bo'lishi aytiladi.

Biroq iqtisodning nochorligi homiylar rang-barang bo'lishiga to'sqinlik qiladi. Natijada, birgina "O'zbekneftgaz" shirkati bir necha klubga homiylik qilishiga to'g'ri keladi.

Homiy topilmasligi oqibatida hatto Namanganda viloyat klubini qo'llab-quvvatlash uchun o'qituvchilarga soliq solingani haqida xabarlar ham chiqqan.

Futbolga tepadan aralashuv natijasida unda korrupsiya va tanish-bilishchilik ildiz otishiga sabab bo'lgani aytiladi.

Kuzatuvchilarga ko'ra, futbol klublari davlat byudjeti yoki davlatga tegishli korxonalardan tushadigan pullarni yuvish vositasiga aylanib qolgan.

Oqibatda, muxlisi yo'q klublar Oliy ligada ko'paygan va bu klublar bir narsasi - homiysi yoki byudjet pullariga yo'l topa olgani uchungina faoliyat yuritayotgani aytiladi.

Futbol moddiy jihatdan qo'llab-quvvatlanishini istayotgan tarafga ko'ra, o'zbek futboli boshqa ayni sohasi rivojlanayotgan Osiyo davlatlaridagiga qaraganda juda ham kam mablag' oladi.

"Bizning futbol o'z byudjeti uchun shokolad darajada. Bizdan oldinda bo'lganlarga qarang. Bizdan kamida 4-5 barobar ko'p puli bor. Bu kamida. To'g'ri, bizning futbolimizda kamchilik bor. Futbolni bira to'la o'ldirmasdan, hali ishlash kerak", - deydi @rovsh07.

Unga ko'ra, agar futbolchilar boshqa sohalarda ishlaydiganlardan ko'p olmasa, O'zbekistonda unga bo'lgan qiziqish so'nib ketadi va ota-onalar farzandlarini futbol maktablariga bermay qo'yadi.

Futbolga davlat korxonalaridan va umuman xalq pulidan mablag' ajratmaslikni so'rayotgan qatlamning ta'kidlashicha, so'nggi 15 yilda O'zbekiston futboli mamlakatdagi boshqa sohalar bilan solishtirganda katta mablag' o'zlashtirganiga qaramasdan aytarli natijaga erishmagan.

"So'nggi 15 yilda oliy ligamiz MDH darajasida bitta futbolchi tarbiyaladi - Odil Ahmedov. Shatskix, Tursunov, Denisov ertaroq ketishgan", - deydi Qahramon Aslanov.

O'zbekistonda futbolni rivojlantirish va yanada rivojlantirish to'g'risida Vazirlar mahkamasi va Prezidentning bir necha qarorlari chiqqan.

Futbolga davlat tomonidan katta e'tibor berilayotgani markaziy matbuotda bot bot takrorlanadi.

Biroq natijalarga nazar solsangiz, davlat tomonidan qanchalik katta e'tibor berilmasin, mablag'lar miqdori oshirilmasin, o'zbek futbolining xalqaro musobaqalarda o'z o'rniga ega emasligini ko'rish mumkin.

O'zbekiston terma jamoasi tashkil topganidan buyon eng nufuzli hisoblanmish Jahon chempionatining final bosqichiga chiqa olmayapti.

O'zbekiston klublari shov-shuvli tarzda Rivaldo, Skolari kabi jahon miqyosidagi yulduz o'yinchi va murabbiylar olib kelinganiga qaramasdan hatto, Osiyo klublari o'rtasida ham o'zlarini ko'rsata olmayapti.

O'zbek klublari Osiyo chempionlar ligasida hatto final bosqichiga ham chiqa olgani yo'q.

Futbol marketingi o'lda-jo'ldaligi sabab o'zbek futbolining translatsiya huquqi hatto, mahalliy televideniyelar ham uchun qiziq emas.

Aksar o'yinlar yozib olingan holatda, muxlislar hisobni bilib bo'lganidan so'ng namoyish qilinadi.

Stadionlarga muxlislarning tushmasligi har yili jurnalistlar tomonidan ko'tariladigan mavzu. Odamlarda futbolga bo'lgan qiziqish o'layotgani aytiladi.

Bu kamchiliklarning ustiga O'zbekiston Oliy ligasida o'ynovchi klublar bukmeker tashkilotlar orqali pul ishlash maqsadida o'yinni kelishganligi borasida bir necha marotaba nomi chiqqan.

Bu haqda turkum xabarlar chiqargan futbol sayti muharriri futbol mutasaddilari tomonidan chaqirtirilgan va bu haqda boshqa yozmay turishlik so'ralgan.

O'zbek futbolidagi ushbu kamchiliklarni bartaraf etish uchun unga davlat tomonidan beriladigan yordamni to'xtatish va futbol rivojlanishi o'z holiga tashlab qo'yish taklifi oldinga surilmoqda.

Bu borada sobiq Sho'ro davlatlaridan Gruziya olib borgan islohat o'rnak sifatida keltiriladi.

Gruziya Atirgul inqilobidan so'ng davlat tomonidan futbolga mablag' ajratishni butunlay to'xtatgani va ushbu mablag'ni boshqa sohalarga yo'naltirilgani aytiladi.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TЕLЕGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.