Bir qaror naqd pul muammosini hal qila oladimi?

Oʻzbekistonlik qariya Image copyright UMIDA AKHMEDOVA

Prezident Mirziyoyevning pensiya va stipendiyalarni naqd pulda berish qarori nafaqaxoʻr va talabalar tomonidan iliq qarshi olingan. Biroq bir necha yildan beri mavjud naqd pul muammosi bir qaror bilan ijobiy hal qilinishiga shubha bilan qarayotganlar ham bor.

Katta miqdorda naqd pulning muomalaga chiqarilishi inflyatsiyani tezlatishidan xavotirlar bildirilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 fevral kuni "Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni toʻlash mexanizmini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi qarorga imzo chekdi.

Qarorda aytilishicha, 2017 yilning fevral oyidan boshlab barcha turdagi pensiyalar butun mamlakat hududida hech qanday cheklovlarsiz toʻliq hajmda, oliy oʻquv yurtlari talabalariga stipendiyalarning kamida 50 foizi naqd shaklda beriladi.

Qarorga yozilgan sharhdan maʼlum boʻlishicha, ushbu qarorning chiqarilishiga minglab shikoyatlar sabab boʻlgan.

2016 yilning 27 sentyabridan buyon Prezidentning virtual qabulxonasiga naqd pul muammosi borasida 7 mingdan ortiq murojaat boʻlgan.

Pensiya va stipendiyalarning naqd pulda va oʻz vaqtida toʻliq toʻlanishini Bosh prokuratura qatʼiy nazoratga olishi belgilab qoʻyilgan.

Qaror nafaqaxoʻr va talabalar tomonidan iliq qarshi olingan. BBC Oʻzbek xizmati bilan suhbatda boʻlgan pensionerlar qaror matnini televizor orqali eshitishgani va xursand boʻlishganini aytishdi.

"Prezidentimiz pensiyani naqd toʻlash boʻyicha qaror chiqaribdi. Eshitib juda xursand boʻldik. Endi fevral oyining pensiyasini oy tugamasdan naqd pulda olarkanmiz. Yana oldingidek pochtachi kelishini kutamiz", - deydi jizzaxlik nafaqaxoʻrlardan biri.

"Nafaqalar naqd berilarkan degan xabarni oʻqishim bilan ota-onam va qaynonam baravariga Prezident Mirziyoyev haqqiga duoga qoʻl ochvorishdi", - deb yozadi Anvar Shermatov.

Qarorda naqd pullarning qayerdan olinishi koʻrsatib oʻtilgan boʻlsa-da, odamlar orasida xavotir ham keltirib chiqargan.

Qarorda kerakli naqd pul mablagʻlarni topish maqsadida savdo va xizmat koʻrsatish sohasidagi tushumlarni oʻz vaqtida va toʻliq tijorat banklari kassalariga topshirish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqish koʻzda tutilganligi yozilgan.

Kuzatuvchilar mamlakatdagi naqd pul muammosini bir qaror bilan hal qilish qiyin masala ekanligini aytishadi.

Chunki bundan oldin ham naqd pul tushumini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi va Prezidentning qarorlari chiqqan.

Ushbu qarorlarda ham naqd pul muammosini bartaraf etish asosan tijorat banklari zimmasiga yuklatilgan edi.

Biroq naqd pul muammosini hal etishga qaratilgan keskin qarorlarga qaramasdan mamlakatda ushbu muammo yechilmagan. Yildan-yilga u chuqurlashib boravergan.

Mutaxassislar, muammoning ildizi Oʻzbekistondagi mavjud yashirin iqtisodiyot va korruptsiyaga bogʻliq ekanligini aytishadi.

Oʻzbekistonda yashirin iqtisodiyotni legallashtirish borasida islohotlar olib borilmaguncha, naqd pul muammosi yechilmasligini taʼkidlashadi.

Pensiyalarni naqd pul berish qarori ijtimoiy tarmoqlarda ayrim holatdar istehzoli kulgi bilan qarshi olingan.

"Prezident qarori darajasida naqd pul va naqdsiz pul fenomeni legallashyapti. Pulning muomalasi boʻyicha qonun bor. Shu qonunni tanlov asosida ishlatishga qarori oliy berilibdi", - deydi Twitter foydalanuvchilarian biri.

Yana bir fikr bildiruvchi bu qaror bank xodimlari uchun kutilmagan boʻlganini va bu borada qiyinchiliklarga duch kelishayotganini yozadi.

"Bankirlar pensionerlarga pensiyalarni nakd pul koʻrinishida majburiy toʻlanishi qarorini kutishmagan ekan. Topib toʻlaysan deyilibdi i vsyo".

Ayrim fikr bildiruvchilar, naqd pul tanqisligi inflyatsiyani oz boʻlsada sekinlashtirib turgan omil sifatida xizmat kilgan boʻlishi mumkinligini, endi pul qadrsizlanish jarayoni yana tezlashishi mumkinligini aytgan.

"Naqd pulni norma emas, xushxabar sifatida qabul qilayotgan jamiyatda iqtisodiyotni tubdan isloh kilish kerak", - deydi yana bir Twitter foydalanuvchisi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring