AI: Suriyadagi Saydnaya qamoqxonasida minglab odamlar dorga osilgan

Suriyadagi Saydnaya qamoqxonasida minglab odamlar dorga osilgan Image copyright Amnesty International/Forensic Architecture
Image caption Suriyadagi Saydnaya qamoqxonasida minglab odamlar dorga osilgan

Amnesty International inson huquqlari tashkilotiga koʻra, Suriyadagi maxfiy qamoqxonada asosan tinch aholi vakillari boʻlgan 13000 kishi qatl qilingan.

Tashkilot chiqargan yangi hisobotda aytilishicha, 2011 yilning sentyabr oyidan to 2015 yilning dekabriga qadar mahbuslar har hafta ommaviy ravishda dorga osilganlar.

Amnesty International ning ishonishicha, bu qatllar haqidagi buyruq Suriya hukumatining eng yuqori rahbarlari tomonidan berilgan.

Suriya hukumati muqaddam hibsga olingan shaxslarni oʻldirish va qiynoqqa solish kabi ayblovlarni rad etgan edi.

Ammo BMTning inson haqlari boʻyicha mutaxassislari oʻtgan yil oʻn minglab odamlar hibsga olingani va "ommaviy ravishda oʻlim" holatlariga ishora etuvchi jiddiy hujjatlar borligini aytishgandi.

Amnesty International Saydnaya qamoqxonasiga oid hisoboti uchun sobiq qamoqxona nozirlari, mahbuslar va mulozimlar bilan suhbatlashgan.

Tashkilotning daʼvo qilishicha, Damashq shimolidagi maxfiy qamoqxonada har hafta bir yoki ikki marta 20 dan 50 ga qadar mahbuslar ommaviy qatl etilgan.

Ular qatl qilinishidan avval "harbiy dala mahkamasi"da birdan uch daqiqagacha davom etadigan "mahkamalar"ga olib kelinib, hukm qilinganlar.

Sobiq harbiy mahkama hakamlaridan birining aytishicha, mahbuslardan jinoyat qilgan-qilmaganlari haqida soʻralgan, ularning javobi "ha" yoki "yoʻq" boʻlishidan qatʼinazar, hukm etilganlar.

"Bu mahkamada qonun ustivorligi mutlaqo yoʻq edi", deb aytgan u.

Image copyright Amnesty International
Image caption Sobiq mahbus Umar qamoqdan avval va keyin

Hisobotga koʻra, qatl qilinganlarning jasadlari keyin harbiy gospitalga olib kelingan, roʻyxatga olingan va harbiylarga tegishli ommaviy qabrlarga koʻmilgan.

Shohidlar hikoyasi

Dorga osish jarayonini kuzatgan sobiq hakam:

"Mahbuslar dorga 10 yo 15 daqiqa osilib turishardi. Ayrimlar vazni yengil boʻlgani uchun oʻlmay qolardi. Ayniqsa yoshlar...vaznlari yengil, jon berolmasdi... Shunda zobitlar kelib, ularning oyoqlaridan qattiq tortishar, boʻyinlari singanidan jon berishardi..."

"Samir" sobiq mahbus qiynoqlar haqida:

"Juda yomon kaltaklashardi. Bir mixni tasavvur qiling, shu mixni toshga qoqishday gap…Chidab boʻlmas edi. Ammo ular toʻxtamasdilar. Men oyoqlarimni kesib tashlashsa yaxshi edi bunaqa kaltaklashdan koʻra, deb orzu qilardim".

Manba: Amnesty International

__________________________________________________________________________

Amnesty International 2015 yil dekabridan keyin ommaviy qatllar roʻy berganmi-yoʻqmi, bu haqda aniq dalillarga ega emas.

Ammo tashkilotga koʻra, ommaviy qatllar toʻxtatildi deyish uchun ularda asos yoʻq va ehtimolki, bu vaqt oraligʻida yana minglab odamlar oʻldirilgan.

Tashkilotga koʻra, ayni holat urush jinoyati va insoniyatga qarshi jinoyatga tengdir.

Amnesty International ishonishicha, bu qatllarni uchun Suriyaning oliy muftiysi va Mudofaa vaziri yoki Prezident Assad nomidan ish koʻra oladigan armiya shtabi bosh qoʻmondoni maʼqullagan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring