"Erimni ushlab, jazosini bering"

Zarina

Bunday daʼvat bilan afgʻon hukumatiga oʻtgan hafta oʻz eri har ikki qulogʻini ham kesib tashlagan Zarina chiqqan.

Yuz bergan mashʼum hodisa ortidan hanuz kasalxonada qolayotgan 23 yoshli Zarina erini ushlashlari va mahkamaga tortishlarini talab qilgan.

Zarina turmush oʻrtogʻining nega bu ishga qoʻl urgani sababi esa, maʼlum emas.

Agar, jabrdiyda bu juvonning soʻzlariga ishonilsa, Eronda mehnat muhojirligida band boʻlgan eri oʻta rashkchi boʻlgan. Nasha ham chekib turgan.

Afgʻonistonning Oʻzbekistonga bevosita chegaradosh shimoliy Balx viloyatida yuz bergan bu voqea ortidanoq mahalliy politsiya tergov ishlarini boshlagan.

Ammo viloyat markazi Mozori Sharif shahrida boʻlgan muxbirimiz Hayot Shaybonning aytishicha, zoʻravon er hanuz qoʻlga olinmangan.

Politsiyaning hozirgi taxminlariga koʻra, u allaqachon Eronga qochib ketgan boʻlishi ham mumkin.

Zarina

Muxbirimizning aytishicha, bir haftadirki, Balx viloyat kasalxonasida qolayotgan Zarinaning ahvoli hozir ancha yaxshi.

Ammo, shifokorlarning soʻzlariga koʻra, Zarinaning chetda plastik jarrohlik amaliyotiga ehtiyoji boʻladi.

Kasalxonaga borib, Zarinani koʻrib qaytgan muxbirimiz Hayot Shaybonning aytishicha, shifokorlar ayni shu ehtimolni nazarda tutib, kesib tashlangan ikki qulogʻi suprasini terisidan tozalab, uning qorni terisi ostiga tikib qoʻyishgan.

Muxbirimizga koʻra, Zarinaning chetda plastik jarrohlik amaliyoti oʻtkazishida koʻmak berishlarini soʻrab qilgan murojaatiga hozircha markaziy afgʻon hukumati tomonidan biror bir munosabat boʻlmagan.

Biror bir mahalliy yoki xalqaro nohukumat tashkiloti ham shu kunga qadar bu kabi tashabbus bilan chiqmagan.

Ayon boʻlishicha, Balx viloyat hokimligi ham Zarina bilan yuz bergan hodisaga biror bir munosabat bildirishga shoshilayotgani yoʻq.

Mahalliy faollar esa, hozircha koʻmak berishlariga oid ogʻzaki vaʼdalar bilan cheklanishmoqda.

Zarinaning qachon kasalxonadan chiqishi maʼlum emas.

Ammo, yosh juvonning soʻzlaridan ayon boʻlishicha, erining uyiga qaytish va u bilan ortiq yashash niyati yoʻqdir.

Zoʻravonlik

Image copyright COURTESY

Taʼkidlash joiz, soʻnggi yillarda noodatiy bir ravishda Afgʻoniston shimolida bu kabi shafqatsiz maishiy zoʻravonlik hollarining ortib borayotgani kuzatiladi.

Ustiga ustak, Zarinaning hodisasi ortidan, birgina Balx viloyatining oʻzida yana ketma-ket ikkita mudhish voqea yuz bergan.

Eronda mehnat muhojirligida band bir erkak sobiq nishonlisi boʻlgan yoshgina juvonni erining uyida otib oʻldirgan.

Pul topish uchun uzoq yillardan buyon Amerikada ishlab yurgan eri bilan urishib qolganini aytgan boshqa bir ayol esa, ikki farzandi bilan oʻzini koʻpqavatli uyning 5-qavatidan pastga tashlab yuborgan.

Hozir bu uchovlonning ham turli koʻrinishdagi tan jarohatlari bilan Balx viloyat markaziy kasalxonasida ekanliklari aytiladi.

Muxbirimizning aytishicha, Afgʻonistonda bu kabi holatlarga, odatda, maishiy zoʻravonlikdan koʻra, oilaviy janjal, deb qarash hollari ustunlik qiladi.

Qanchalik shafqatsiz boʻlmasin, maishiy zoʻravonlikda gumon qilingan shaxslarning mahkamaga tortilib, hukm etilgani hollariga oid xabarlar esa, deyarli koʻzga tashlanmaydi, deydi muxbirimiz.

Qonunchilik

Image copyright Getty Images

Afgʻonistonda "Maishiy zoʻravonliklarga qarshi kurash toʻgʻrisida"gi qonun prezident Hamid Karzay boshqaruvi davrida - 2009 yilda qabul qilingan.

Tolibon tuzumi qulatilishi ortidan bor-yoʻgʻi 8 yil oʻtib qabul qilingan bu qonun afgʻon xotin-qizlarining himoyasi yoʻlida oldinga qoʻyilgan muhim qadam sifatida ham Afgʻoniston ichkarisi va ham tashqarisida olqishlarga sazovor boʻlgan.

Yangi tahrirdagisi bir necha yildan buyon mamlakat parlamenti muhokamasida boʻlsa-da, bu qonun hamon oʻzining amaliy kuchini yoʻqotmay kelgan.

Ammo, afgʻonistonlik faollarga koʻra, aholi huquqiy savodxonlik darajasining pastligi, asrlardan buyon shakllanib kelgan urf-odatlar va butun mamlakat boʻylab chuqur ildiz otgan korruptsiya hollari uning ijrosini deyarli imkonsiz qilib qoʻygan.

Xuddi shu manzarada nochorlik, ishsizlik koʻlamining yanada ortib, xavfsizlik bilan bogʻliq vaziyatning jiddiy izdan chiqib borayotgani esa, afgʻon xotin-qizlarini aksariyat hollarda shafqatsiz maishiy zoʻravonlik holatlari qarshisida ojiz qilib qoʻygan.

Ustiga ustak, bu kabi holat, yillarki, ular ahvollarini yaxshilash va huquqlari himoyasini kafolatlash - xalqaro hamjamiyat tomonidan Afgʻonistonga berilgan va berilajak milliardlab dollarlik moliyaviy koʻmaklarning asosiy shartlaridan biri qilib qoʻyilgan va qoʻyib kelingan bir manzarada kuzatilmoqda.

Boshqa tomondan, bu - oʻtgan ikki yildan ortiqroq vaqt davomida Afgʻoniston prezidenti Muhammad Ashraf Gʻaniy va birinchi xonimining kattayu kichik minbarlardan berib kelayotgan eng katta vaʼdalaridan biri ham boʻladi.

Xuddi shu oʻrinda taʼkidlash joiz, quloq, burun, lablarining kesib tashlanishi, tigʻburon, toshboʻron va ommaviy sazoyi qilinishlari kabi afgʻon xotin-qizlariga qarshi shafqatsiz jismoniy zoʻravonlik hollarining Afgʻonistonda, ayniqsa, aynan yangi milliy birdamlik hukumati boshqaruvi davrida keskin ortgani kuzatiladi.

Ustiga ustak, afgʻon xotin-qizlari bilan bogʻliq soʻnggi uch mudhish voqeʼlik Afgʻonistonning, yillarki, nisbatan tinch va obod bir viloyati - Balxda kuzatilgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring