"Xalq puliga Islomni qoralovchi film olmang"

"Muqaddas istak" filmidan Image copyright Screenshot
Image caption "Muqaddas istak" filmidan

Dindorlarni salbiy obrazda tasvirlovchi bahsli kinolari bilan shov-shuv boʻlgan rejisyor Hilol Nasimovning "Muqaddas istak" filmi treyleri chiqishi bilan tanqidlarga uchragan.

Davlat buyurtmasi asosida "Oʻzbekfilm" kinostudiyasi suratga olgan film treylerida hijobli ayol, qamoqxona manzaralari, oilaviy-maishiy kelishmovchiliklar, jangarilar jamlogʻidagi tayyorgarlik va ularning aholi yashash joylaridagi otishmalari aks etgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda aksariyat oʻquvchilar Hilol Nasimovning "terroristlarni bahona qilib Islom diniga tosh otuvchi filmlaridan bezor" boʻlganini bildirishgan.

Fikr bildiruvchilarga koʻra, ushbu film treylerida ochiqdan ochiq irqchilik va millatchilik aks etgan. Treylerdagi bir sahnada ona rolini oʻynagan ayol oʻgʻliga qarata qizini "qora arabga" bermasligini aytadi.

Image copyright Internet
Image caption Hilol Nasimov

"Shundoq singlingni qayerdagi qora arabga berasanmi", - deya xitob qiladi ona.

Facebook foydalanuvchilari rejissyor ushbu jumla bilan islomofoblikni yangi choʻqqiga olib chiqqanini yozishdi.

"Treylerni koʻrdim, birgina jumlasi yetarli boʻldi - qora arab. Ochigʻi juda hayron boʻldim. Ochiqdan ochiq irqchilik bu", - deydi Abror Masharipov.

Ziyoli Sardor Salim "Oʻzbekfilm" tomonidan davlat buyurtmasi asosida olinayotgan filmlarni Shoʻrolar davrida bosmachilar haqida buyurtma filmlar ishlagan "Oʻzbekfilm"ga oʻxshatadi.

U "Oʻzbekfilm" tomonidan hozir chiqarilayotgan filmlarning aksar syujeti bir xil ekanligini aytadi.

"Otashin kamolotchi doʻppi/hijob kiygan mahalliy narkoman, seksmanyak va "prosto" iflos "musulmon" ga qarshi noteng jang olib borib, albatta, yutib chiqadi", - deydi Sardor Salim.

Image copyright Screenshot
Image caption "Shoʻrolar davrida "Oʻzbekfilm"ni "bosmachifilm" deyishgan..."

Ziyoli Hilol Nasimov xalq pulini olgandan soʻng biroz fantaziyasini ham ishlatishi kerakligini aytadi.

"Hilol Nasimov davlat, toʻgʻrirogʻi, xalq puliga ozgina fantaziyasini ishlatsa ham boʻlar edi, filmlarni bir turda, zerikarli va primitiv yasayvermasdan".

Sardor Salimning taʼkidlashicha, davlat buyurtmasini shakllantirishda mutasaddilar Oʻzbekiston aholisining 90%dan ortiqrogʻi oʻzini musulmon deb bilishini inobatga olgan holda, mediada musulmonlar imidjini yaxshilashga qaratilgan, Islom haqida ijobiy mujda beradigan filmlar haqida oʻylasa yaxshi boʻlar edi.

Film treylerini koʻrib fikr bildirganlarning ayrimlari, unda ochiqdan ochiq irqchilik va Islomni qoralash aks etganini va buning uchun rejissyor Hilol Nasimovga huquqiy chora koʻrish kerakligini aytgan.

"Filmda qoʻllanilayotgan ochiqdan ochiq irqchilik, Islomni qoralash kabi iflos ishlarini huquqiy yoʻl bilanmi hal qilish mumkinmi? Biladiganlar bormi? Biz bu yerda yozaverganimiz bilan foydasi boʻlmaydi menimcha", - deydi Jahongir Siddiqov

"Hilol Nasimov jamiyat uchun oʻta xavfli odam, u namoz oʻqiydiganlarni xalqqa va yaqinlariga qarshi qilib qoʻyilishida katta rol oʻynayapti! Alloh ularga kifoya qilsin, har bir firʼavnning oʻz Musosi bor, bizning Muso ham tezroq yuzaga chiqsin", - deydi blogger Sanjar Said.

Ayrimlar bu kabi filmlar odamlar orasida adovat qoʻzgʻayotganini aytishgan.

"Uning kinolari odamlar ongini zaharlayapti. Namozxon va hijobli kishilar oʻta xavfli shaxsdek gavdalantirilishi oqibatida hijob oʻraydigan, namoz oʻqiydigan va xatto aroq ichmaydiganlarga yomon nazar bilan qaraydiganlar koʻpayib ketdi".

"Oʻzbekiston huquqiy davlat boʻlganida Nasimovni mahkamaga berardim"

BBC bilan suhbatda oʻzbekistonlik dindor ayol Hilol Nasimovning filmlari jamiyatda adovat urugʻini sochayotganini va ushbu toqatsizlikni oʻz boshidan kechirayotganini aytadi.

Image copyright Internet
Image caption "Oʻzbekfilm"ni kim nazorat qiladi?

"Koʻcha-koʻyda yurganimda hijobim sabab odamlar tomonidan yov qarash va gohida ochiqdan ochiq zaxarxanda gaplarni eshitishimga toʻgʻri keladi. Ayrim qarindoshlarim yuzimga Hilol Nasimov filmlari sabab hijoblilarga nisbatan qoʻrquv va nafrat paydo boʻlganini bir necha marotaba aytishgan", - deydi u.

Suhbatdoshimiz agar Oʻzbekiston huquqiy davlat boʻlganida xalq puliga dindorlarni yomonotliq qilib koʻrsatayotgan va odamlar orasida adovat paydo boʻlishiga olib kelayotgan "Oʻzbekfilm" va Hilol Nasimovni mahkama berishini aytdi.

"Agar Oʻzbekistonda sudlar mustaqil boʻlib, mazlumning yonini olganida Nasimov va "Oʻzbekfilm"ni sudga berardim. Afsus bunday daʼvom oʻzimga qarshi ishlashi mumkinligi uchun ham jim boʻlishga majburman", deydi u.

"Oʻzbekfilm" kinostudiyasi direktori, rejissyor Hilol Nasimovning "Muqaddas istak" filmi 2016 yilning yoz mavsumida suratga olish jarayonida xalq ogʻziga tushgan edi.

Film ijodkorlari uni tasvirga olish jarayonini Namangan shahrida olib borgan va eski avtobusni portlatish bilan ijtimoiy tarmoqlarda aytilishicha, "odamlar orasida vahima koʻtargandi".

Oʻshanda filmda ishtirok etgan aktyorlar biri film asosida dindorligi uchun Sovet davrida taʼqibga olingan, ammo mustaqillik tufayli ozodlikka erishgan oddiy inson hikoyasi yotganini aytgan.

Unda 90 yillar boshida Oʻzbekistondan qochib Afgʻoniston va Pokistonda Oʻzbekiston Islomiy harakatiga asos solgan Tohir Yoʻldosh va Juma Namangoniy obrazlari ham oʻrin olgani bildirilgan.

Hilol Nasimov "Odnoklassniki", "Gumrohlar", "Tubanlik" kabi badiiy filmlar bilan xalq ogʻziga tushgan.

BBC "Oʻzbekfilm" studiyasi bilan bogʻlanishga va Hilol Nasimov bilan ayni film haqida suhbatlashishga qilgan harakatlari hozircha natija bermadi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring